O‘zbekistonda 12-iyul soat 23:30 dan 13-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 594 ta holat qayd etildi. Bu misli ko‘rilmagan antirekord. Bungacha eng ko‘p kasallanish 11-iyulda kuzatilgan bo‘lib, o‘sha kuni 486 kishida koronavirus aniqlangandi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 13 591 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 272 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 83 nafar, Toshkent shahrida — 146 nafar, Namangan viloyatida — 21 nafar, Buxoro viloyatida — 20 nafar, Farg‘ona viloyatida — 2 nafar);
  • 322 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 302 nafar, Navoiy viloyatida — 9 nafar, Farg‘ona viloyatida — 7 nafar, Namangan viloyatida — 4 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 6 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 4 tasida aholi orasida ham koronavirus aniqlandi. Aholi orasida 322 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Bu antirekord. Bungacha aholi orasidagi eng ko‘p kasallanish holati bir kun oldin kuzatilgan va aholi orasidagi 265 kishida kasallik aniqlangandi.

Toshkent shahrida kun davomida 448 ta holat kuzatildi! Bunaqasi ilgari hech kuzatilmagan (bu Toshkent shahrining avvalgi antirekordidan 208 taga ko‘p deganidir). Solishtirish uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarining hech birida koronavirus kirib kelgandan buyon shuncha kasallik aniqlanmagan.

Yangi kasallanish holatlarining 302 tasi aholi orasida qayd etildi. Toshkentda 12-iyul kuni aholi orasida 240 ta kasallanish holati kuzatilgandi. 9—12-iyul kunlari Toshkent shahrida aniqlangan kasallanish holatlarining 599 tasi aholi orasida va bor-yo‘g‘i 8 tasi karantindagilar orasida qayd etilgandi. 13-iyulga kelib karantindagilar orasida bir yo‘la 146 kishida koronavirus aniqlandi.

Oxirgi vaqtlarda aholi orasidagi kasallanish holatlari ko‘payayotgani sabablari haqida Toshkent shahri SEOM bosh shifokori o‘rinbosari Bobur Qurbonov to‘xtalib o‘tdi.

“Aholi orasida koronavirusga chalinganlarning ko‘payib ketayotganiga sabab fuqarolar, asosan yoshlar karantin tadbirlariga amal qilmay qo‘ydi. Tibbiy niqoblarni noto‘g‘ri taqish (burunni ochib), masofa saqlamaslik, yoshlarning kechalari mahallalar va ko‘p qavatli uylar tagida yig‘ilib birga vaqt o‘tkazishlari — mana shu sabablar tufayli Toshkent shahrida kasallanishlar soni keskin ko‘paymoqda”, — dedi Bobur Qurbonov.

Ammo aholi orasidagi kasallanish holatlari ko‘payayotganiga yana bir sabab bo‘lishi mumkin — koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni o‘z vaqtida karantinga olmaslik. Bu haqda bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, shifoxonalar tomonidan qabul qilinmagan, vafotidan keyin esa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “vaqtida murojaat qilmay, uyida davolangan” deb aytilgan bemorning yaqini “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Qarindoshimiz vafotiga qadar biz bilan bir uyda yashaganiga qaramay, u koronavirus oqibatida vafot etgan bo‘lsa-da, karantinga ham olishmadi. Uyni o‘zimiz ikki marta xlorlab yuvib chiqdik. Endi bolalarim bilan hammamiz birga xususiy klinikaga borib test topshirmoqchimiz.

Qarindoshi koronavirusdan vafot etgan fuqaro

Namangan viloyatida aniqlangan 25 ta holatning 21 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 4 tasi aholi orasida qayd etildi. Bir kun oldin ham viloyatda 25 kishida kasallik aniqlangandi. 9 va 10-iyul kunlari esa 24 tadan holat qayd etilgandi. Namanganda jami kasallanish holatlarining 128 tasi yoki 30 foizi iyul oyida kuzatildi.

Buxoro viloyatida qayd etilgan 20 ta holatning bari karantindagilar orasida aniqlandi. Viloyatda oxirgi marta bir kunlik kasallanishlar soni 1-may kuni 20 taga yetgandi. Iyul oyida Buxoroda koronavirusga chalinganlar soni 70 nafarga ko‘paydi.

Navoiy viloyatida aniqlangan 9 ta holatning barchasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda 11-iyundan beri ilk marta aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. O‘shanda aholi orasidagi 18 kishida kasallik qayd etilganidan so‘ng viloyatda 13-iyulgacha yana 73 kishida koronavirus aniqlandi. Biroq ularning bari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etildi. 13-iyul kuni aholi orasida qayd etilgan 9 ta holat Xalq bankining xodimlarida aniqlangan. Nurota filialida 8 xodimning, Navoiy shahar filialida 1 nafar xodimning COVID-19’ga topshirgan testi ijobiy chiqqan. Ushbu filiallar va bankning Andijon viloyati Kuyganyor filiali (bu yerda ham bir xodimda koronavirus aniqlangan) ham karantinga olingan.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan 9 ta holatning 2 tasi karantindagilar orasida, 7 tasi aholi orasida aniqlandi. Bir hafta oldin viloyatga koronavirus qaytgandi. O‘shandan keyin viloyatda 9 va 10-iyul kunlari ham yangi kasallanish holatlari kuzatilgan va bu kunlarda, jumladan, 13-iyul kuni ham aholi orasida koronavirus aniqlandi. Ammo 6-iyul kuni aholi orasida qayd etilgan 3 ta holatga izoh bergan Koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni muvofiqlashtiruvchi Farg‘ona viloyati shtabi viloyat hududida kasallik yuqtirilganini rad etib, infeksiya 2 nafar fuqaroga Toshkent shahrida, 1 nafar fuqaroga Samarqandda yuqqan degan xulosaga kelgandi.

Toshkent viloyatida iyul oyining boshidan 7-iyulgacha aholi orasida 78 kishida kasallik aniqlandi. Biroq shundan so‘ng hozirgacha aholi orasida ham, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida ham yangi holatlar qayd etilmadi. Toshkent viloyatida 7-iyuldan so‘ng faqat xorijdan kelib karantinga olinganlar va xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari (bular ham aslida xorijdan kelgan) orasida koronavirus aniqlanmoqda. 13-iyul kuni ham xorijdan kelgan 83 kishida koronavirus qayd etildi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 13-iyul kuni poytaxtlik ikki ayol va bir erkakning Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi yangi qurilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. 10-iyul kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. ismli ayolda COVID-19 tasdiqlangan. Shu kuniyoq o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 2-darajasi, arterial gipertenziya, qandli diabet, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 67 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent viloyatidagi to‘rtinchi, O‘zbekistondagi 61-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi 65 yoshli S.Q. ismli ayolda 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik nafas va o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi bilan kechgan.

U, shuningdek, qandli diabet, gipertoniya va jigar sirrozi kasalliklari bilan ham og‘rib kelgan. Shifoxonada bemorning davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, u o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 65 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent viloyatidagi beshinchi, O‘zbekistondagi 62-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 60 yoshli B.E. ismli erkak 6-iyul kuni ertalab qon bosimi yuqori bo‘lib, gapirmay qo‘yganligi sababli tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan.

Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va bemor o‘ta og‘ir ahvolda sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan.

B.E.ga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi hamda insult tashxisi qo‘yilgan. Xastalik miya shishi, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi hamda koma asoratlari bilan kechgan. Bemor bundan avval, bir necha yillardan buyon gipertoniya, qandli diabet bilan og‘rigan, 2019-yilda insultni o‘tkazgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va u o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 65 yoshli erkak koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent viloyatidagi oltinchi, O‘zbekistondagi 63-bemor bo‘ldi.

O‘zbekistonda o‘limi xabar qilingan oxirgi besh bemorning bari Zangiotadagi yangi qurilgan shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 5498 nafar bemordan 45 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar 43 nafarni, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 7 nafarni tashkil etayotgandi. 11-iyuldan beri ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni o‘zgarishsiz qolmoqda. Ammo 12-iyulda ham, 13-iyulda ham 3 nafardan bemor vafot etdi.

Kasallikdan davolanish

13-iyul kuni 178 nafar fuqaro koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan 164 nafari Toshkent shahri va 14 nafari Namangan viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Kasallikdan sog‘aygan bemorlar soni 8000 nafardan oshdi. Uch kundan buyon kasallikdan tuzalayotgan bemorlar soni 200 nafarga yetmayapti.

Ma’lumot uchun, 5-iyuldan boshlab O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlar uy sharoitida davolanishi mumkin, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 13 591 nafar bemordan 8030 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 59 foizni tashkil etmoqda. To‘rt kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkichlar 1 foizdan tushib bormoqda. 1-maydan so‘ng shu kungacha davolanish ko‘rsatkichi biron marta 60 foizdan past bo‘lmagandi.

Ayni paytda 5498 nafar bemordan 4598 nafari Toshkent shahri va viloyatida davolanmoqda. Farg‘onada 18, Xorazmda 21, Jizzaxda 28, Navoiyda 48, Surxondaryoda 51, Qoraqalpog‘istonda 57, Buxoroda 60, Namanganda 110, Samarqandda 133, Andijonda 172 va Qashqadaryoda 202 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 51 555 nafar, statsionar karantinda esa 23 860 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagilar soni 1302 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, statsionar karantindagilar soni 1622 nafarga kamaydi.