AQShdagi Skipco auksionida “Kelajakka qaytib” filmidagi De Lorean DMC-12, “Arvohlar ovchilari”dagi Ecto-1, shuningdek, “Betmobil” nusxalari sotuvga qo‘yildi. Mashinalarning barchasi soliqlarni vaqtida to‘lamagan firibgardan musodara qilingan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Auksionda Betmen haqidagi filmlarning 1990-yillardagi qismida suratga tushgan “Betmobil” nusxasi sotuvga qo‘yilgan. Nusxa 1995-yilgi Chevrolet Caprice Classic bazasida yaratilgan bo‘lib, unga 5,7 litrli V8 dvigateli o‘rnatilgan. Bundan tashqari, film uchun “Betmobil”ga reaktiv trubina shaklidagi havo haydagich, “superqahramonlarga xos” ko‘plab tugma va datchiklar o‘rnatilgan.

Sotuvga qo‘yilgan avtomobillardan yana bir — Ecto-1 modeli bo‘lib, 1959-yilgi Cadillac bazasida yaratilgan. Saloni oq charm bilan qoplangan nusxa “Arvohlar ovchilari” filmi orqali mashhurlikka erishgan.

Foto: Motor

Kimoshdi savdolarida sotiladigan so‘nggi nusxa “Kelajakka qaytib” trilogiyasida mashhurlikka erishgan 1981-yilgi DeLorean nusxasi hisoblanadi. Afsonaviy avtomobil saloni nusxasiga “vaqt soatlari”, shuningdek, soatiga 88 mil tezlikda “jiddiy ko‘ngilsizlik” sodir bo‘lishidan ogohlantiruvchi “tablichka” ilingan.

Afsonaviy avtomobillar nusxalarini Federal marshallar xizmati Ogayodagi reabilitatsiya markazi boshqaruvchisidan musodara qilgan. Erkak firibgarlik va 25 million dollar pulni to‘lamaganlikda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, firibgarning barcha mol-mulki musodara qilingan. Savdolar 1-avgustdan boshlanadi. Afsonaviy avtomobillar narxi hozircha ma’lum qilinmagan.