Buyuk Britaniya, AQSh va Kanada maxsus xizmatlari Rossiyani COVID-19 vaksinasini ishlab chiqayotgan xalqaro tadqiqot markazlarining tarmoqlariga yashirincha kirib bu boradagi axborotlarni o‘g‘irlashga uringanlikda aybladi. Britaniya kiberxavfsizlik milliy markazi mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik hisobotini e’lon qilgan.

Foto: Pinterest

Maxsus xizmatlar bergan ma’lumotlarga asosan Cozy Bear nomi bilan tanilgan ART29 guruhi kiberhujumlarni uyushtirgan. Hisobotda xakerlarning Rossiya razvedka idoralariga xizmat qilishi qayd etilgan.

Xakerlarning axborotni o‘g‘irlab olgani yoki bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchragani borasida aniq fikr bildirilmagan. Hisobotda tadqiqotlarga mazkur kiberhujumlarning xalaqit bera olmagani ham ta’kidlangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur ayblovlarni inkor qilgan.

“Bir narsani ishonch bilan ayta olamiz — Rossiyaning ushbu harakatlarga aloqasi yo‘q”, — degan u.

Avval xakerlarning Bill Geyts, Ilon Mask va Kanye Uestning Twitter akkauntlarini buzib kirib, ulardan bitkoin talab qilgani haqida xabar berilgan. Undan oldin may oyida xakerlarning 2015-yilda Angela Merkel pochtasidan minglab xatlarni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilingan, AQSh prezidenti Donald Tramp esa Vashingtonning Xitoydagi xakerlar koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘g‘irlashga tayyor turganligini diqqat bilan kuzatayotgani haqida gapirgandi.

Shuningdek, may oyida Buyuk Britaniyaning AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda COVID-19 kasalligiga qarshi vaksinani keng qamrovli ishlab chiqarishni 2020-yilning sentabr oyida boshlashni rejalashtirayotgani xabar qilingan.