Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: AFP

Tashrif yakunlariga bag‘ishlangan brifingda missiya rahbari Katrin Smolvud mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga tayangan holda Turkmanistonda COVID-19 infeksiyasiga chalinish holati borligini tasdiqlamagan.

“Hozirgi kunda Turkmaniston mamlakatda koronavirus infeksiyasiyasiga chalinish holati tasdiqlangani haqida xabar bermadi. Bu haqda JSSTga ham xabar berilmadi. JSST kasallikning zararli ta’sirini oldini olish maqsadida Turkmaniston milliy sog‘liqni saqlash organlari bilan ishlashni davom ettirish niyatida”, — degan u.

Smolvudning aytishicha, JSST ekspertlari turli darajadagi va ixtisosdagi bir necha kasalxonalarni borib ko‘rdi. “Turkmaniston yaxshi kasalxonalar infratuzilmasiga ega deyish mumkin. Ular juda yaxshi jihozlangan. Biz kasalxonalar bemorlar to‘laligi va respiratorli kasallikka chalinganlar soni ko‘pligiga duch kelmadik. Shunday qilib, koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilish uchun barcha narsa shay”, — degan Smolvud.

Missiya rahbari, shuningdek, Turkmaniston hukumati yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rayotgan choralar, xususan, viloyatalararo harakatning cheklanganligi va niqobli rejimni  ijobiy baholagan.

Jurnalistning mamlakatda necha kishi testdan o‘tkazilgani va kun davomida qancha tashxis o‘tkazilayotgani haqidagi savoliga javoban missiya vakili bularning barchasiga JSST hisobotida e’lon qilishni va’da berdi, shuningdek, mamlakat markaziy laboratoriyasi 60 mingtadan ortiq test o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Smolvudning qayd etishicha, tashrifga tayyorgarlik ko‘rish paytida ekspertlar muayyan joylarga tashrif buyurish uchun oldindan ruxsat so‘ragan. “Tashrif rejasi kelishildi va bizga o‘zimizni qiziqtirgan barcha obyektlarni ko‘zdan kechirishga ruxsat berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan ochiq suhbat bo‘ldi. Talab qilingan ma’lumotlar bir necha kun davomida taqdim etildi”, — degan u.

Eslatib o‘tamiz, JSST missiyasi Turkmanistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun 6-iyuldan buyon mamlakatda bo‘lib turibdi. Tashkilot mutaxassislari kirib kelishi bilan deyarli bir vaqtda Turkmaniston prezidenti va hukumati ta’tilga chiqib ketgan.

May oyida Turkmaniston kasalxonalariga koronavirusga chalinganlar kelayotgani aytilgan, biroq mamlakat hukumati kasallikning rasman qayd etilganini tan olmagandi. Ayni paytda Turkmanistonda aholi orasida o‘tkir pnevmoniya bilan kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Xususan, Ashxoboddagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi o‘tkir pnevmoniyaga chalingan bemorlar bilan to‘lib ketgan. Rasmiylar esa mamlakatda koronavirus yo‘qligini ta’kidlashda davom etmoqda.

OAVlarda Turkmanistondagi S.Niyozov nomidagi davolash-konsultativ markazining olti nafar xodimida, xususan, shifokorlarda COVID-19 koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangani haqida xabarlar tarqalgan.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi janubi-sharq, shimoli-sharq va shimoldan kirib kelgan chang miqdori mamlakatda oshib ketgani sabab aholini tibbiy niqob taqib yurishga chaqirdi. Shundan so‘ng tibbiy niqoblarga talab ortdi, ularning narxi hafta davomida 14 baravarga oshdi.

Hozirda ta’tilda bo‘lgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham tabiat qo‘ynida bo‘lganiga qaramay, niqob taqib baliq oviga chiqqan. Mart oyida esa Turkmaniston hukumati “koronavirus” so‘zini ishlatish, shuningdek, fuqarolarga ko‘chaga tibbiy niqoblarni taqib chiqishni taqiqlagan edi.