Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshevning vafot etganini tasdiqladi.

Foto: IIV matbuot xizmati

Avval Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati podpolkovnik A.Toshevning koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganini xabar qilgan, ammo SSV ushbu axborotni rasman tasdiqlamagandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi 42 yoshli fuqaro T.A. (erkak) 2020-yilning 29 iyundan 12-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida o‘tkir pankreatit, o‘t qopi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti, gemoragik pankranekroz, oshqozonosti bezini drenajlash tashxisi bilan davolangan. Shuningdek, bemordan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Unga o‘tkir total yog‘li pankreonekroz, o‘tkir xoletsistit, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etgan, deyiladi SSV xabarida. Vazirlik o‘limning qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. IIV bergan ma’lumotga asosan podpolkovnik 15-iyulda vafot etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha koronavirusga chalingani tasdiqlangan jami to‘rt nafar ichki ishlar organlari xodimi vafot etgan (birinchi o‘lim holati haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas).

13 va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangangandi.