Ikkinchi jahon urushidan keyingi dunyoni qurgan va urush doirasida o‘tkazilgan Katta uchlik liderlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan eng yirik konferensiyalarning uchinchisi Potsdam konferensiyasiga bu yil 75 yil to‘ldi. Konferensiya 1945-yilning 17-iyulidan 2-avgustiga qadar davom etdi. Unda AQSh prezidenti Garri Trumen, SSSR Xalq komissarlari soveti raisi Iosif Stalin va Buyuk Britaniya bosh vazirlari Uinston Cherchill (26-iyulgacha) va Klement Ettlilar qatnashdi. “Daryo” sana munosabati bilan mazkur konferensiya jarayoni va uning urush yakunlariga ta’siri haqida so‘z yuritadi.

Foto: Google Photos

Potsdamgacha

AQSh, SSSR va Buyuk Britaniya yetakchilari o‘rtasida bungacha ikki marta uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ulardan birinchisi 1943-yil dekabr oyida Tehronda, ikkinchisi esa 1945-yil fevral oyida Qrimda bo‘lib o‘tgan edi. Konferensiya urushda Germaniya armiyasi mag‘lubiyatga uchrashni boshlagan, Sovet armiyasi g‘alabali yurishini davom ettirayotgan bir paytda o‘tkazildi.

Tehron konferensiyasida tomonlar Germaniyaga qarshi kurash masalalari, Fransiyada g‘arbiy frontni ochish, Yugoslaviya partizanlarini qurollantirish, Turkiyaning urush yakunlanmasdan oldin Germaniyaga qarshi urushga kirishi kabi masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, aynan shu uchrashuv paytida xalqaro muammolarni hal qilish maqsadida xalqaro tashkilot tuzish masalasi Ruzvelt tomonidan ilgari surildi.

Qrimdagi konferensiya esa urush nihoyasiga yaqinlashayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Unda quyidagi kelishuvlarga erishildi :

  • Ozod etilgan Yevropa davlatlari hududida muvaqqat hukumatlar tuzib, ularni demokratik asosda o‘tkaziladigan erkin saylovga tayyorlash;
  • 1945-yilning aprel oyida San-Fransiskoda konferensiya tashkil qilish;
  • Germaniya mag‘lub etilganidan keyin SSSR Yaponiyaga qarshi urushga kirishi. Bunga javoban SSSR Saxalin va Kuril orollariga ega bo‘lishi;
  • Fashist Germaniyasi armiyasini tarqatib yuborish;
  • Germaniyani uch qismga bo‘lib yuborish. AQSh, SSSR va Buyuk Britaniya bo‘lingan hududlarni boshqarishi lozim edi. Potsdam konferensiyasidan biroz oldin Cherchillning talabi bilan to‘rtinchi davlat – Fransiya ham bunga qo‘shildi va Germaniya to‘rtga bo‘lindi;
  • BMT doirasidagi ba’zi masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Xavfsizlik kengashiga veto huquqini berish; SSSR BMTda tarkibidagi respublikalar soni bo‘yicha o‘rin talab qildi, biroq unga uchta o‘rin ajratildi: bitta butun Ittifoq uchun, ikkita Ukraina va Belarus uchun.

Foto: Google Photos

Konferensiya o‘tkazish zarurati va jarayoni

Katta uchlik liderlarining bu safargi uchrashuvi shartli ravishda “Terminal” deb nomlandi. Uchrashuv o‘tkazish masalasi Germaniyaning kapitulyatsiyasidan keyin o‘rtaga tashlandi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill 1945-yil 11-may kungi Garri Trumenga yo‘llagan maktubida konferensiyani Germaniyaning birorta vayron bo‘lmagan shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Ammo hudud SSSR ta’sir doirasidan tashqarida bo‘lishi kerakligini aytdi. Na amerikaliklar, na britaniyalik o‘z hududlarida konferensiyani qabul qilishni istashmadi.

Oxir-oqibatda Berlin yaqinidagi Potsdam shahri Stalin tomonidan taklif qilindi va konferensiya shu shaharda bo‘lishi belgilandi. Berlin yaqinida bo‘lgani uchun ham konferensiyaning ikkinchi nomi “Berlin konferensiyasi” deb ataladi. Konferensiyaning sobiq Uchinchi reyx yuragida o‘tkazilishi uning ustidan qozonilgan g‘alabaning ramzi edi.

Konferensiya kun tartibidan bir qator masalalar o‘rin oldi. Birinchi galda mag‘lub etilgan fashistlar Germaniyasining urushdan keying taqdiri masalasi muhokama etildi. Jumladan, nemis xalqining siyosiy hayotini tinch va demokratik asosda qayta tashkil etish, mamlakatni harbiy-iqtisodiy qurolsizlanishi va hech bo‘lmaganda boshqa davlatlarga yetkazilgan moddiy zararning qisman qoplanishi, shuningdek, faoliyati son-sanoqsiz falokatlar va insoniyat azob-uqubatlariga olib kelgan natsist jinoyatchilarining jazolanishi kabi masalalar muhokama etildi.

Konferensiya davomida Germaniya tarafida turib urushgan davlatlar – Italiya, Bolgariya, Vengriya, Finlyandiya va Ruminiya bilan tinchlik aloqalariga doir masalalar ham muhokama etildi. Avstriyaning alohida maqomi va Polsha hamda Yugoslaviya davlatlarining qayta tiklanishi borasidagi savollar ham muhokama markazida bo‘ldi. Konferensiyani yoritish maqsadida 180 dan ortiq muxbirlar tashrif buyurdi. Davlat rahbarlaridan tashqari konferensiyada uch davlat tashqi ishlar vazirlari va elchilar qatnashdi.

Foto: Google Photos

Garri Trumen konferensiya jarayonida SSSR bilan yadroviy muzokaralarni ham o‘tkazishni reja qilgandi va buning uchun konferensiya arafasida 16-iyul kuni Nyu-Meksikaning Alomogordo poligonida ilk atom bombasini sinovdan o‘tkazadi. Bu haqda Trumen 24-iyul kuni Stalinga gapirib beradi. Bu hodisani eslarkan, Jukov o‘z esdaliklarida Stalin va Molotov voqeani muhokama qilish paytida kulgu aralash amerikaliklar o‘zlarining narxini oshiryapti deyishganini qayd etib o‘tgan.

Yana bir ma’lumotda bu haqida xabar topgan Stalin Molotov va Jukovga zudlik bilan harakat qilishni va amerikaliklardan o‘zib ketishni topshiradi. “Xohlagan narsangizni so‘rang, barcha sharoitni ta’minlab beraman”, deya qat’iy talab qo‘yadi Stalin o‘shanda.

Konferensiya davomida 13 ta plenar yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Faqatgina ikki kun Britaniyadagi parlament saylovi munosabati bilan tanaffus e’lon qilindi. Saylovda mag‘lubiyatga uchragan Cherchill va uning tashqi ishlar vaziri yangi bosh vazir Klement Ettli va uning yangi tashqi ishlar vaziriga almashtirildi. Britaniya delegatsiyasining almashinuvi bahsli muammolarda Buyuk Britaniya pozitsiyasida hech qanday o‘zgarish yasamadi.

Konferensiya natijalari va chiqarilgan qarorlar

Uchinchi reyx bo‘lib yuborilib, Germaniya va Avstriya alohida to‘rttadan okkupatsion zonaga ajratildi. Germaniya o‘zining 25 foiz hududidan ayrildi. Sharqiy Prussiya Polshaga qo‘shib yuborildi. Shuningdek, Yuqori Sileziyadan ham mahrum bo‘ldi. G‘olib davlatlar va Germaniya yangi hukumati hamkorligida mamlakatda “4D” tizimi ishlab chiqildi. U Germaniyaning demilitarizatsiya, demokratizatsiya, desentralizatsiya va denatsifikatsiyasini ko‘zda tutardi. Sharqiy Yevropadan nemis millatiga mansub aholi g‘arbga ko‘chirildi. Bu jarayonda jami 11 million nemis Germaniya hudidiga ko‘chirildi.

Foto: Google Photos

Nemis fashistlarining jinoyatlariga yarasha jazo olishlari belgilandi va bu Nyurnbergda ko‘rib chiqildi. Italiya ham Afrikadagi koloniyalaridan ayrildi. Eriteriya, Italiya Somalisi, Italiya Liviyasi, Efiopiya Britaniya va Fransiya boshqaruviga berildi. Urushdan biroz avval egallangan Albaniya o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Egallangan Fransiya kantonlari esa Fransiyaga qaytarib berildi.

Konferensiyada Yaponiyaga qarshi urush ham muhokama qilingan edi. 26-iyul kuni AQSh prezidenti Garri Trumen, Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill va Xitoy prezidenti Chan Kay Shi tomonidan imzolangan ultimatum Yaponiya imperiyasiga yuborildi: “Biz Yaponiya hukumatini barcha qurolli kuchlariga so‘zsiz taslim bo‘lishga buyruq berishga chaqiramiz. Aks holda Yaponiya zudlik bilan butunlay vayron etiladi”.

29-iyul kuni Yaponiya bosh vaziri Kantaro Suzuki bu ogohlantirishni Qohira ultimatumining takrorlanishi deb baholab, uni e’tiborsiz (mokusatsu 黙殺) qoldirmoqchi bo‘lgani haqida bayonot berdi. Shu yerdagi “mokusatsu” so‘zi tarjimadagi xatolik tufayli Yaponiya taslim bo‘lishni istamasligi deb baholandi va 6-avgust kuni Trumen oldindan tayyorlab qo‘yilgan birinchi atom bombasini Hirosimaga tashladi. 8-avgust kuni SSSR Yaponiyaga urush e’lon qildi. Trumenning ikkinchi ultimatumi ham javobsiz qolgach, 9-avgust kuni ikkinchi bomba Nagasakiga tashlandi. Oxir-oqibat 2-sentabr kuni Yaponiya taslim bo‘ldi va bu Ikkinchi jahon urushining yakuni bo‘ldi.

Foto: Google Photos

1945-yil 1-avgust kuni konferensiya natijalari haqida uch davlat rahbarlari Potsdam konferensiyasi protokoli va bayonotini imzoladi. Hujjatlar qo‘shilish taklifi bilan Fransiyaga ham yuborildi va Fransiya buni qabul qildi. Hujjatlar e’lon qilinganidan keyin boshqa davlatlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Potsdam Yevropada tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishning demokratik tamoyillarini tan oldi: Yevropa qit’asida xavfsizlikning asosiy sharti Germaniya militarizmining tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar suverenitet va milliy mustaqillik, tenglik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslanishi kerak.

Xulosa o‘rnida

Yaponiyada atom qurollarining qo‘llanilishi urushning total qiyofaga kirganini belgilab berdi. Konferensiya arafasida AQShning yadro quroli sinovini o‘tkazishi va bu haqda konferensiya jarayonida ma’lum bo‘lishi, konferensiyadagi SSSR va AQSh o‘rtasidagi ayrim ziddiyatli masalalar kelajakda dunyoning ikki qutbga aylanib borayotganidan darak edi. Qisqa qilib aytganda, Ikkinchi jahon urushining yakunini belgilagan Potsdam konferensiyasi yangi bir urush – Sovuq urushning debochasi bo‘ldi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.