Telegram’da Toshkent shahrida fuqaroning xonadoniga chaqiruvga kelgan tez yordam guruhining bittadan ortiq bemorni ko‘rmasligini aytib odamlar bilan bahslashayotgani haqida video tarqaldi.

Foto: “Daryo”

Videoda voqeani tasvirga olayotgan “Demak, chaqiruv asosida kelib, faqat bitta bemorni ko‘rib, tekshirasiz bo‘ldi, shunaqami?” qabilidagi savoliga kombinezon, niqob va ko‘ziga maxsus himoya vositalarini taqib olgan tibbiyot xodimi “Bitta ‘zayavka’ berilgan, bitta” deb javob qaytarmoqda.

“Nima farqi bor, bitta bo‘lsa, xonadonga kelganda ikkinchi bemorni ham ko‘rib qo‘ying” degan iltimosiga yana qaytadan “Bizda qoida shunaqa, bitta ‘zayavka’ga faqat bir nafar bemor ko‘riladi” deb gapirmoqda.

Toqati toq bo‘lgan erkak qizishib: “Odamgarchilik bo‘lishi kerak-ku axir, tekshiradigan uskunalaring bor. Uyda bolalar bor, ulardan xavotirdamiz, tekshirib qo‘ysang bo‘ladi-ku. Agar o‘zim apparatingni ishlatishni bilganimda senga yalinmasdim. Tekshirib ketsang, nima bo‘ladi, o‘pkamni eshitib ko‘rsang, nima bo‘ladi?” demoqda. Tez yordam xodimi esa “Tekshirmaymiz, hech narsa bo‘lmaydi, shunchaki tekshirmaymiz”, — deb javob qaytargan.

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 15-iyul kuni Prezident videoselektoridan so‘ng bundan buyon 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda zudlik bilan tez tibbiy yordam avtomashinalari tegishli xodimlar bilan yetib borishi to‘liq ta’minlanishini aytgan, shuningdek, fuqarolar 103 ga murojaat qilganda, bandlik holatlari, ayniqsa uzoq vaqt band bo‘lish holatlariga mutlaqo chek qo‘yilishini bildirgandi.

Avval Toshkent shahri hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy uskunalar va tibbiy maqsadda foydalanish uchun Damas avtomobillarini sotib olgani xabar qilindi. O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha savollarga 1003 raqami orqali javob beradigan Call-markaz xodimi “Troll.uz” kanaliga markazdagi vaziyat, ish sharoitlari va kelib tushayotgan murojaatlarga xizmat ko‘rsatish holati haqida gapirib berib, ish haqi olmasdan ishlayotgani va murojaatlarga xizmat ko‘rsatish yaxshi emasligini aytdi.