1944-yil iyulida nemis fyureri Adolf Gitlerga qarshi eng mashhur suiqasd amalga oshirildi. “Daryo” tarix sahifalariga “Valkiriya” operatsiyasi nomi bilan kirgan bu urinish haqida hikoya qiladi.

Umuman, fashistlar Germaniyasining yetakchisiga nisbatan amalga oshirilgan suiqasdlar tarixida juda ko‘plab epizodlar mavjud. Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan ancha oldin ham bir guruh shaxslar yoki alohida fitnachilar Gitlerni o‘ldirish rejalarini tuzgan.

Foto: Google Photos

Afsuski, barcha urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. “Valkiriya” operatsiyasidan oldingi eng so‘nggi urinishni nemis armiyasining ofitseri Fabian fon Shlabrendorf amalga oshirib ko‘rmoqchi bo‘lgan. U fyurer bilan uchrashuvga uchib ketayotgan podpolkovnik Xaynts Brandtga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan konyak ‘butilka’larini topshirgan, ammo bomba portlamagan.

“Valkiriya” operatsiyasi aslida nima?

Aslida, Uchinchi reyxda “Valkiriya” nomi bilan belgilangan operatsiya — bu mabodo qo‘zg‘olonlar va boshqa kutilmagan vaziyatlar bo‘lib qolguday bo‘lsa, Germaniyaning davlat, ma’muriy, harbiy va boshqa hayotiy ichki obyektlarini qamrab olish rejasini anglatadi. Ushbu rejani “Zaxira armiyasi” deb nomlangan kuchlar amalga oshirishi kerak bo‘lgan. Bu armiya mamlakatning ichki mintaqalarida joylashgandi. Muhim jangovar tayyorgarlikka ega bo‘linmalar Berlin shahri atrofi va ichida to‘plangan. Bu, o‘z navbatida, fashistlarning yuqori rahbariyati mamlakatdagi ichki tartibsizliklardan jiddiy qo‘rqqanini isbotlaydi.

1942-yildan boshlab “Valkiriya” rejasini shaxsan zaxira armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, Gitlerga qarshi fitnada faol ishtirok etgan general Fridrix Olbrixt tayyorlagan. Qizig‘i shundaki, fyurerning o‘zi ushbu rejani ma’qullagan va uning barcha detallari Gitler tomonidan ma’qullangan.

Gitlerga kimlar qarshi edi?

Sir emaski, ko‘pchilik Germaniyada o‘sha paytlarda ham fashistlar rejimi va Gitlerning shaxsan o‘zidan nafratlanardi. Kimdir uni insoniyatga qarshi jinoiy siyosati tufayli yoqtirmasa, kimdir Gitler Germaniyani yangi jahon urushiga jalb etganini ahmoqona reja deb hisoblardi. Ijtimoiydan tortib siyosiygacha bo‘lgan boshqa bir qator sabablar ham bor edi.

Foto: Google Photos

Fashistlar va Gitlerga qarshi bo‘lganlar orasida maxsus kasta — eski Prussiya harbiylari (ularni yunkerlar deb atashgan) va nufuzli siyosatchilar bor edi. Qizig‘i shundaki, ularning aksariyati NSDAP g‘oyalariga xayrixoh bo‘lib, fashistlarning Uchinchi reyxini shakllantirish va kuchaytirishda bevosita ishtirok etgan.

Fitnada taniqli bankir va urushdan oldingi yillarda Germaniya iqtisodiy mo‘jizasining me’mori bo‘lgan Yalmar Shaxt, sobiq Prussiya moliya vaziri va Deutsche Bank rahbari Yoxannes Popits, diplomat Ulrix fon Xassel va boshqa yuqori martabali davlat xizmatchilari, “Abver” (harbiy razvedka) rahbari Admiral Kanaris va uning qo‘l ostidagi ba’zi shaxslar faol ishtirok etgan.

Ammo shunga qaramay, fitnaning asosiy tayanchi yuqori martabali harbiylar edi. Bular safida feldmarshallar fon Vitsleben va fon Brauxich, generallar Gyopner, Bek, Xolder, fon Treskov va boshqalar bor edi. Bundan tashqari, fitnada markaziy figura sifatida ishtirok etgan polkovnik fon Shtauffenberg ham bor edi. Harbiylar orasida fitnaga qo‘shilmaganlar ham ko‘p edi, ammo ular fitna haqida bilsalar-da, uni jimgina qo‘llab-quvvatlardi. Masalan, “Sahro tulkisi” nomi bilan mashhur bo‘lgan taniqli feldmarshal Rommel va sobiq “Markaz” armiyasining qo‘mondoni feldmarshal fon Boklar.

Operatsiyaga tayyorgarlik

Fitnachilar o‘z rejalarini amalga oshirish uchun uzoq vaqt tayyorlandi, ular kuch va eng muhimi jasorat to‘pladi. Amalga oshirish vaqti esa 1944-yil 20-iyulga to‘g‘ri keldi. Polkovnik fon Shtauffenberg o‘z rejasini amalga oshirishga tayyor edi. Buning uchun u hamma narsaga ega. Afrikadagi janglar paytida o‘ng qo‘lini, chap qo‘l barmoqlarini va chap ko‘zini yo‘qotgan urush qahramoni hech kimda shubha uyg‘otmasdi.

Bundan tashqari, suiqasddan bir oy oldin polkovnik o‘sha Berlindagi zaxira armiyasining shtab boshlig‘i etib tayinlangan va shu sababli u Sharqiy Prussiyaning Rastenburg shahri yaqinida joylashgan “Volfsshantse” (“Bo‘ri uyasi”) deb nomlangan maxfiy shtabda Gitler bilan shaxsan ko‘rishishi mumkin edi.

“Valkiriya operatsiyasi” filmidan lavha.

Foto: Google Photos

Fitnachilar oldida uchta muammo turardi: birinchisi — fyurerni o‘ldirish, ikkinchisi — zaxira armiyasining fitnachilarga qo‘shilmagan shubhali qo‘mondoni, general-polkovnik Fridrix Fromm va uchinchisi — Berlindagi Gitlerga fanatiklarcha sodiq bo‘lgan SS qo‘shinlari. Reja barcha uchta muammoni hal qilishini ta’minlardi. Birinchi muammo bilan hammasi tushunarli bo‘lsa, Frommni hibsga olish yoki fitnachilar tarafiga og‘dirish kerak, SS qo‘shinlarini esa qurolsizlantirish va hibsga olish lozim edi.

“Bo‘ri uyasi”dagi portlash

1944-yil 20-iyul kuni ertalab soat yettilarda polkovnik fon Shtauffenberg o‘z yordamchisi bilan Gitlerning bosh qarorgohiga uchib ketadi. Uchrashuvga kelgan polkovnik urushda yaralanganidan beri qulog‘i yomon eshitishini aytib, fyurerga yaqinroqdan joy so‘raydi. U o‘z portfelida kimyoviy portlagich bilan bomba olib kelgan edi. Ichida kislota joylashgan sindirilgan kapsula 10 minut ichida do‘zax mashinasini harakatga keltirishi kerak edi.

Portfelni stol ostiga, Gitlerga yaqinroq joyga qo‘yib, polkovnik “telefonda suhbatlashish uchun” xonadan chiqib ketadi. U tezda shtabni tark etadi va soat 12:42 da katta portlash sodir bo‘ladi. Issiq havo tufayli yig‘ilish bunkerdan ochiq yozgi xonaga ko‘chirilgandi. Polkovnik Shtauffenberg mashinada ketib borar ekan, uzoqdan portlashning tutunini ko‘rib, muvaffaqiyat qozonganiga amin edi.

Portlash oqibatida to‘rt nafar ofitser o‘ldi, ko‘plari jiddiy yarador bo‘ladi, ammo Gitlerning o‘zi yengil jarohat oladi, xolos. Portlashdan keying voqealar juda tez rivojlandi. Fitnachilar zaxira armiyasini ko‘tarishga va poytaxtdagi hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishga harakat qildi. Shtauffenberg portlash muvaffaqiyatiga amin bo‘lgani sababli isyonchilar Gitler endi tirik emasdek harakat qildi. Zaxiradagi armiya qo‘mondoni Fromm hibsga olinib, Olbrixtning buyrug‘i bilan armiya bo‘linmalari “Valkiriya” rejasiga binoan Berlinni egallay boshladi.

Ammo jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilgan edi: Gitler qarorgohinining axborot blokirovkasi muvaffaqiyatsiz tugadi, SS aloqa tarmoqlari va harbiy kanallar tezda aloqalarni tikladi. Feldmarshal Keytel Berlinga qo‘ng‘iroq qilib, Gitler tirikligini aytdi. Bu xabar juda ko‘p ikkilanib qolgan harbiylarni to‘xtatdi. Bunda Berlin garnizonining elita batalyonining qo‘mondoni mayor Otto-Ernst Remer asosiy rolni o‘ynadi.

“Valkiriya operatsiyasi” filmidan lavha.

Foto: Google Photos

Eng muhim daqiqada, taxminan, soat 19:00 larda Remer tashviqot vaziri Yozef Gebbelsning kvartirasiga keladi. Vazir shaxsan uni Gitler bilan telefon orqali bog‘laydi, u isyonni bostirishni buyuradi va Remerga polkovnik unvonini beradi. Qisqa vaqt ichida uning batalyoni va boshqa birlashmalari shaharni, shu jumladan, muhim binolarni va fitnachilar joylashgan quruqlikdagi qo‘shinlarning shtab-kvartiralarini o‘z nazoratiga oladi. Bundan tashqari, general Fromm fyurerning tirik qolganidan xabardor bo‘lib, fitnachilarni hibsga olishga harakat qiladi, chunki u Gitler halok bo‘lgan taqdirdagina ularga yordam berishga rozi bo‘lgandi.

Polkovnik Gerber boshchiligidagi zobitlar fitnachilardan izoh talab qildi, nizo paytida otishma boshlandi va fon Shtauffenberg yaralandi. Hammasi soat 23:30 ga qadar tugadi. General Fromm Gitlerga sodiq ofitserlar va qo‘shinlar bilan barcha qo‘zg‘olonchilarni hibsga oldi. Rejadagi hech bir narsa amalga oshirilmadi. Faqat Fransiyada isyonga xayrixoh bo‘lgan general Shtyulpnagel barcha fashistlar va SS rasmiylarini hibsga olish operatsiyasini bekam-u ko‘st bajardi, ammo bu endi hech qanday ma’noga ega emas edi.

Natija

Nazariy jihatdan urushni tugatishi mumkin bo‘lgan ushbu to‘ntarishning oqibatlari juda dahshatli edi: qariyb besh ming kishi qatl qilindi, ularning orasida yuqori martabali harbiy va fuqarolik amaldorlari bor edi. Ularning ko‘plari fitnada ishtirok etmagan, masalan, feldmarshal Rommel, ammo ular ham umumiy qozonga tashlanib, o‘z hayotlaridan mahrum bo‘ldi. Yetti mingdan ortiq odam hibsga olindi, aybdorlar gilotinalarda qatl etildi, go‘sht iladigan ilgaklarga pianino torlari yordamida osildi. Gitler “qo‘zg‘olonchilarni mol kabi o‘ldirishni” talab qilgandi.

1944-yil 20-iyuldan 21-iyulga o‘tar kechasi zaxiradagi kuchlar shtab-kvartirasi hovlisida polkovnik Klaus fon Shtauffenberg, general Olbrixt, general Bek va boshqa bir qator zobitlar Fromm tomonidan otib tashlandi. O‘zini javobgarlikdan xalos qilishni va shu bilan birga guvohlarni tezda yo‘qotishni istagan Fromm ham keyinchalik hibsga olingan va qatl qilingan.

“Valkiriya operatsiyasi” filmidan lavha.

Foto: Google Photos

Qatl etilganlar orasida bir nafar feldmarshal, 19 general, 26 nafar polkovnik, ikki nafar elchi, boshqa darajadagi yetti diplomat, bir nafar vazir, sanoatchi, uch nafar davlat kotibi, Berlindagi politsiya boshlig‘i va Reyxning kriminal politsiyasi boshliqlari bor edi. Qatag‘onlar urush tugaguncha davom etdi.

Agar fitnachilar muvaffaqiyatga erishganlarida nima bo‘lishi mumkinligi noma’lum. Tarix umuman boshqacha yo‘ldan ketishi mumkin edi, ammo barchamizga ma’lumki, tarix “agarda” so‘zini yoqtirmaydi. Bugungi zamonaviy Germaniyada 1944-yil 20-iyul fitnachilari milliy qahramonlar, odamlar erkinligi va huquqlari uchun kurashchilar deb hisoblanadi. Gitler barcha oldingi suiqasdlar kabi bunisidan ham aqlbovar qilmas darajadagi omad evaziga omon qoldi. Ammo u 1945-yil 30-aprel kungi suiqasddan omon qolmasligi aniq edi. Bu endi umuman boshqa hikoya...

Nurbek Alimov tayyorladi.