Xitoy Marsni tadqiq etishga mo‘ljallangan “Tyanven-1” nomli o‘zining birinchi zondini uchirdi, deb xabar beradi Sinxua agentligi.

Foto: “Sinxua”

Bortiga kosmik apparat o‘rnatilgan “Chanchjen-5” og‘ir raketa tashuvchisi 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:41 da Xaynan provinsiyasidagi Venchan kosmodromidan uchirilgan.

Mazkur zond Marsga yetti oydan so‘ng 2021-yilning fevralida yetib borishi kutilmoqda. Kosmik stansiya Mars orbitasida ikki oy davomida bo‘ladi va aprelda sayyoraga marsoxodni tushiradi. U esa sayyora yuzasini o‘rganish va suv qidirish bilan shug‘ullanadi.

“Tyanven-1” bir hafta ichida Marsga uchirilgan ikkinchi zond hisoblanadi. Avvalroq BAA Yaponiyadagi Tanegasima orolidan o‘zining “Umid” nomli kosmik zondini Marsga uchirgan edi.