00:19, 24.07.2020 // 112532

O‘zbekistonda 23-iyul kuni 489 kishida koronavirus aniqlandi. Ikki erkak va ikki ayol vafot etdi

O‘zbekistonda 22-iyul soat 23:30 dan 23-iyul soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 489 ta holat qayd etildi. Ikki kundan buyon kasallanish holati 500 ga yetmayapti va pasayishda davom etmoqda. Bir kun oldin 498 kishida koronavirus aniqlangandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 18 868 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 54 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 435 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 198 nafar, Surxondaryo viloyatida — 84 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 34 nafar, Samarqand viloyatida — 34 nafar, Buxoro viloyatida — 19 nafar, Namangan viloyatida — 16 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 15 nafar, Andijon viloyatida — 15 nafar, Farg‘ona viloyatida — 13 nafar, Toshkent viloyatida — 7 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 10 ta hududda yangi kasallanish holatlari kuzatildi. Navoiy, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida koronavirus yuqtirib olish holatlari qayd etilmadi.

Toshkent shahrida 198 kishida koronavirus qayd etildi. Toshkentda 11-iyul kuni 50 kishida kasallik aniqlanganidan so‘ng poytaxtda yangi kasallanish holatlari biron kun ham 100 tadan kam bo‘lmadi. Joriy haftaning ortda qolgan 4 kunida Toshkent shahrida 1024 kishida kasallik aniqlandi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan 12 tasida epidemiya mavsumi boshlangandan buyon koronavirusga chalinganlar soni 900 taga ham yetmagan.

Surxondaryo viloyatida 84 kishida koronavirus aniqlandi. Bu natija viloyat uchun antirekord hisoblanadi. Bungacha 3-iyul kuni Surxondaryoda 69 kishida infeksiya qayd etilishi eng katta ko‘rsatkich bo‘lib turgandi. Surxondaryo kasallanganlar soni bo‘yicha Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridan o‘tib ketdi. Hozirda Surxondaryo viloyati Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan so‘ng o‘lim holatlari bo‘yicha uchinchi o‘rinda turibdi. Viloyatda hozirga qadar 6 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida karantin talablari kuchaytirildi va 23-iyuldan boshlab noma’lum muddatgacha:

Faoliyat turidan qat’i nazar barcha tadbirkorlik subyektlari, savdo do‘konlari (oziq-ovqat va dori-darmon savdosi bundan mustasno) ko‘ngilochar obyektlar, shu jumladan, tungi klublar, diskoteka, bar, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, kalyan markazlari, restoranlar, reklama va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashmaguncha to‘xtatildi.

Shuningdek, avtotransport vositalari kirishi hamda yo‘nalishsiz taksilar harakati to‘liq to‘xtatildi. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham ayni vaqtda koronavirusdan Toshkentda davolanmoqda. Uning kasallangani bir necha kun yashirilgandi.

Qashqadaryo viloyatida 34 kishida kasallik aniqlandi. Iyul oyida Qashqadaryoda 299 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu viloyatdagi jami kasallanganlarning 60 foiziga tengdir.

Samarqand viloyatida ham 34 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda iyul oyining o‘zida 329 kishida kasallik qayd etildi. Bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanish holatlaridan ham ko‘proq deganidir.

Buxoro viloyatida 19 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda iyul oyida koronavirusga chalinganlar soni 178 kishiga ko‘paydi. Bu Buxorodagi jami kasallanish holatlarining 25 foizidir. Hozirda Buxoroda koronavirusga chalinganlar soni 699 nafarga yetdi.

Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 16 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 12-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Hozirda faqat Toshkent shahrigina bundan uzunroq seriyaga ega, poytaxtda iyun va iyul oylarida koronavirus aniqlanmagan kun bo‘lmadi. Namanganda hozirda kasallanganlar soni 616 nafarga yetdi, ushbu holatlarning yarmidan ortig‘i, aniqrog‘i 318 ta holat iyul oyiga to‘g‘ri keldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 15 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada kasallanganlarning umumiy soni 324 nafarga yetdi. Ushbu holatlarning yarmidan ortig‘i — 173 ta holat iyul oyida sodir bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda kasallikka chalinganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor.

Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 15 ta holat aniqlandi. Viloyatda 17-iyuldan beri har kuni kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Hozirda Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 869 nafarga yetdi. Ushbu holatlarning 660 tasi iyul oyida qayd etildi. Viloyat kasallik aniqlanganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri va viloyatidan keyingi o‘rinda turibdi.

Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 13 kishiga ko‘paydi. Viloyatga 6-iyulda koronavirus qaytganidan so‘ng biron marta kunlik yangi kasallanish holatlari 10 taga yetmayotgandi. Farg‘ona viloyatida iyul oyida 40 kishida koronavirus aniqlandi. Iyulda bundan ham kam kasallanish holati faqat Xorazmda kuzatilgan — 25 kishi.

Toshkent viloyatida 7 kishida kasallik aniqlandi17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. O‘sha kuni viloyatda birontayam yangi holat aniqlanmagandi, 18-iyul kuni 22 kishida, 19-iyulda 31 kishida, 20-iyulda 4 kishida, 21-iyulda 15 kishida koronavirus qayd etildi. Hozir Toshkent viloyati kasallanganlar soni (1757 nafar) bo‘yicha Toshkent shahridan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Uchinchi pog‘onadagi Andijon viloyatida Toshkent viloyatidagi kasallanish holatlarining yarmi ham qayd etilmagan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida Toshkent shahrida 3 nafar, Qashqadaryo viloyatida 1 nafar, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 55 yoshli R.Sh. ismli erkakda 19-iyul kuni koronavirus tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya, semizlik 3-daraja kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 82 yoshli M.K. ismli ayolda 18-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va umumiy ahvoli og‘irligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, semizlikning 2-darajasi, parkinsonizm kasalligi, podagra kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 54 yoshli S.G. ismli ayolda 17-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 64 yoshli A.A. ismli erkakda COVID-19 tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 102 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus chalingach vafot etganlar soni 107 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Hakimbay Xalimov 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu holatlar haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, 23-iyul kuni AOKA shtabida tashkil qilingan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov Qoraqalpog‘istonda ikki nafar mashhur shifokorlarning koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabar nima uchun yashirib kelinayotgani xususida berilgan savolga javob qaytardi.

“Ha, haqiqatdan ham o‘tgan haftada Qoraqalpog‘istonda ikki nafar tibbiyot xodimi koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan. Ularning biri shifokor va yana biri hamshira. Bu haqda o‘sha kunning o‘zida mahalliy televideniye orqali xabar berilgan. Biz o‘zimizni infeksiyadan himoyalash haqida ko‘proq qayg‘urishimiz lozim. Bu kabi xabarlar hech kimni xursand qilmaydi, biroq biz har bir o‘lim holati haqida ro‘y-rost tarzda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy sayti, AOKA rasmiy manbalari orqali e’lon qilib boryapmiz”, — degan Nurmat Otabekov.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 617 nafar bemordan 118 nafari og‘ir, 30 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan, 19-iyul kuni 100 nafardan 21-iyul kuni 130 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 140 nafardan oshdi. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 102, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 27 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

23-iyul kuni 277 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Ulardan

  • 98 nafari Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida;
  • 48 nafari Samarqand viloyatida;
  • 43 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 28 nafari Namangan viloyatida;
  • 27 nafari Navoiy viloyatida;
  • 18 nafari Jizzax viloyatida;
  • 8 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 7 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sog‘aydi.

Kasallikdan tuzalganlar soni 10 000 nafardan oshdi. Hozirda kasallik qayd etilgan jami 18 868 nafar bemordan 10 149 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 53 foizni tashkil etmoqda. Ikki kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgarmadi. Bu so‘nggi uch oy (may, iyun va iyul)dagi eng past ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 8617 nafar bemordan 6181 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Farg‘onada 17, Xorazmda 30, Navoiyda 32, Jizzaxda 51, Samarqandda 88, Qoraqalpog‘istonda 110, Qashqadaryoda 122, Namanganda 139, Buxoroda 151, Sirdaryoda 173, Surxondaryoda 246, Andijonda 315 va Toshkent viloyatida 962 nafar bemor qoldi.

Karantin cheklovlari uzaytiriladi

23-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektorda karantin cheklovlari uzaytirilishi ma’lum qilindi.

“Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘lig‘ini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.

Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida. Karantin qachongacha uzaytirilishi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirildi. To‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlandi, avtotransport harakati cheklandi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopildi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartirildi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ldi, barcha masjidlar faoliyati yana to‘xtatildi.

Mukofotlanganlar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonda qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab va sinovli kunlarda hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, mavjud xatarlarga qarshi kurashish, infeksiya keng tarqalishining oldini olish, mamlakatda sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir qator soha xodimlari mukofotlandi.

“O‘zining matonati, bilim va salohiyati, professional mahoratini namoyon etib, aholi salomatligini muhofaza qilish, bemorlar hayotini asrash, ularga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi alohida xizmatlari, shuningdek, o‘z burchi va qasamyodiga sodiq qolib, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yo‘lidagi ulkan jasorati va fidoyiligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlansin”, — deyiladi farmonda.

Farmonga muvofiq, koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan va kasallik oqibatida vafot etgan bir qator sohalar vakillari mukofotlandi.

Mukofotlanganlar qatorida koronavirusga qarshi kurashda va xizmat vaqtida kasallik yuqtirib olib, uning asoratlaridan vafot etgan shifokorlar va ichki ishlar xodimlari ham bor. O‘limidan so‘ng 6 kishi “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, ulardan 4 nafari tibbiyot xodimi, 2 nafari esa ichki ishlar organlari xodimidir. Ushbu fuqarolarning 4 nafari koronavirus yuqtirib olgach, vafot etgani haqida avvalroq xabarlar berilgan.

Jumladan, Yakkasaroy tumanidagi markaziy poliklinikada ultratovush tashxisi shifokori Alisher Uralov (u O‘rtasaroydagi karantin zonasida kasallik yuqtirib olgan), Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayevaToshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor A’loxon ShomahmudovMigratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Shavkat Nafasov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Chapdan o‘ngga: Alisher Uralov, Feruza To‘xtayeva, A’loxon Shomahmudov va Shavkat Nafasov.

Kollaj: “Daryo”

Shuningdek, farmonga muvofiq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, marhum Hamroqulov Botir Jabborovich va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali nevrologiya bo‘limi katta hamshirasi marhum Zulfiya Jumaniyozova ham “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.

Mukofotlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishib chiqishingiz mumkin.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv