Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalinib, Toshkent shahrida davolanayotgani haqida xabar berilgan edi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov.

Foto: “Daryo”

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda To‘ra Bobolovning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan, Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur xabarlarni rad etdi. Mazkur xabarlar ortidan turli mish-mishlarning oldini olish maqsadida To‘ra Bobolovning o‘zi 24-iyul kuni videomurojaat qilib, ahvoli yaxshi ekanligini ma’lum qildi.

“Assalom alaykum. Bugun 24-iyul 2020-yil. Men hozirgi vaqtda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida davolanishdaman. Qisqa vaqtda oliy toifali shifokorlar menga yaqindan ko‘mak berib, sog‘lig‘imni ancha tiklab oldim. Xudo xohlasa, qisqa kunlarda davolanib chiqib, ishni davom ettirish uchun kuch-g‘ayratimiz yetarli. Yana bir bor katta rahmat”, — dedi Surxondaryo viloyati hokimi.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham koronavirusga chalingan va Nukus shahrida davolanmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov koronavirusga chalinib, hozirda sog‘aygani haqida ma’lum qilgandi.