00:51, 26.07.2020 // 158055

O‘zbekistonda 25-iyul kuni 592 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent shahrida yangi antirekord qayd etildi

O‘zbekistonda 24-iyul soat 23:30 dan 25-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 592 ta holat qayd etildi. Uch kun davomida kasallanish holatlari 500 taga yetmayotgandi. Endi esa 13-iyuldagi antirekorddan ikki nafar kam bemorda kasallik aniqlandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 19952 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 111, “Daryo” hisobi bo‘yicha 117 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 592 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 459 nafar;
  • Namangan viloyatida — 37 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 36 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 32 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 13 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 8 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 7 nafar.

Bir qarashda kasallanish holatlari ko‘paymagandek tuyuladi, chunki 13-iyulda 594 kishida kasallik aniqlangandi. Ammo o‘shanda 594 ta holatdan 83 tasi xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida qayd etilgandi. 25-iyul kuni esa xorijdan kelganlar orasida yangi holatlar aniqlangani haqida xabar berilmadi. Demak, barcha holatlar aholi orasida aniqlangan bo‘lib chiqadi. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov ham 22-iyuldagi brifingda aholi orasida kasallanish ko‘payganini qayd etgandi. “Avval bir kunda aniqlangan kasallarning 30-40 foizi aholi orasidan, qolganlari karantin muassasalaridan chiqqan bo‘lsa, bugun 100 foiz aholi orasidan chiqyapti. Aholi orasida mana shu kasallik yuribdi”, — degandi Davronbek Jumaniyozov.

Toshkent shahrida 459 kishida kasallik qayd etildi. Bu yangi antirekord. Bungacha 13-iyul kuni 448 kishida kasallik aniqlanishi eng katta natija bo‘lib turgandi. Hafta davomida Toshkentda 1733 kishida koronavirus aniqlandi. Bu koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha 2-o‘rinda turgan Toshkent viloyatida butun epidemiya mavsumida aniqlangan kasallanganlar soniga deyarli teng. Yangi holatlardan so‘ng Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni (xorijdan kelib karantinga olinganlar bilan birga) 12124 kishiga yetdi.

Namangan viloyatida 12-iyuldan 23-iyulgacha har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlangandi. 24-iyulda kasallanish holatlari aniqlanmadi, 25-iyulda esa 37 kishida kasallik qayd etildi. Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Qashqadaryodan o‘tib ketdi — 653 ga 637.

Sirdaryo viloyatida 36 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda 21-iyul kuni ham 36 kishida kasallik aniqlangach, yangi holatlar qayd etilmayotgandi. 17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 9 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2 baravardan ham oshdi. 17—25-iyul oralig‘ida Sirdaryoda 246 kishida koronavirus tasdiqlandi. Sirdaryo viloyati koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Surxondaryodan o‘tib ketdi — 459 ga 427.

Samarqand viloyatida 32 kishida koronavirus aniqlandi. Oxirgi 4 kun ichida Samarqandda kasallikka chalinganlar soni 105 nafarga ko‘paydi. Viloyatda iyul oyida qayd etilgan kasallanish holatlari 392 taga teng. Solishtirish uchun, Samarqandga qo‘shni Navoiy viloyatida epidemiya mavsumi boshidan beri kasallanganlar soni 391 tani tashkil etadi.

Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 13 nafarga ko‘paydi17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. O‘shandab buyon viloyatda 110 kishida kasallik aniqlandi. Toshkent viloyatida hozirda 1788 kishida koronavirus qayd etilgan, bu bemorlar soni bo‘yicha 3 va 4-o‘rinda borayotgan Andijon va Samarqanddagi kasallikka chalinganlarning umumiy soni (1747)dan ham ko‘p.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada kasallanganlarning umumiy soni 337 nafarga yetdi. Ushbu holatlarning yarmidan ortig‘i — 186 ta holat iyul oyida sodir bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda kasallikka chalinganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor. 25-iyul kuni uning vafoti haqida ham xabarlar tarqaldi. Ammo SSV matbuot kotibi bu xabarlarni rad etib, Musa Tajetdinovich hayotligini bildirdi. “Yetakchi mutaxassislar u kishining sog‘lig‘i tiklanishi uchun kurashyapti”, — deydi SSV matbuot kotibi. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning ham vafot etgani haqida xabarlar tarqalganda, uning o‘zi videomurojaat qilib, ahvoli yaxshiligini bildirgandi. Musa Yerniyazov ham videomurojat qiladimi, uning ahvoli videomurojaat qiladigan darajada yaxshimi, bunisi noma’lum.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 7 ta holat aniqlandi. Navoiyda iyul oyida 108 kishida koronavirus aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 28 foiziga teng.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 25-iyul kuni Toshkent shahrida 2 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 2 nafar, Jizzax viloyatida esa 1 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Ushbu holatlarning bittasi — Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumani hokimi vafoti haqidagi xabarlar bir kun oldin rasmiy manbalar orqali berib bo‘lingandi. Shuningdek, mahalliy nashrlar Chilonzor SEOM xodimining vafoti haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirusdan vafot etdi. Uning o‘limi 19-iyul kuni qayd etilgan, biroq hozirgacha hech yerda e’lon qilinmagan. Bu haqda shifokorning opasi Mahmuda Murzayevaga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Marhabo Ahmedova.

Foto: “Gazeta.uz”

Marhoba Ahmedova koronavirusga 13-iyul kuni test topshirgan va natijasini 16-iyul kuni olgan. U COVID-19’ga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar qatoriga kiritilgan.

Mahmuda Murzayevaning ma’lum qilishicha, uning singlisi pandemiya boshlanganidan buyon deyarli dam olish kunlarisiz ishlagan va aholidan COVID-19’ga test qabul qilgan.

Bundan tashqari, Mahmuda Murzayevaning ta’kidlashicha, kasalxonalardan joyni tanishlar orqali topishga to‘g‘ri kelgan. Olti kun shifoxonada yotgan Ahmedovaning ahvoli og‘irlashgach, uni kislorod apparatiga ulashgan, ammo bu ham yordam bermagan, ayol vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi Marhabo Ahmedovaning vafot etganligi haqidagi xabarni “Gazeta.uz”ga tasdiqlagan. Ammo SSV koronavirus asoratlaridan vafot etganlar orasida u haqda ma’lumot bermagan.

Ikkinchi o‘lim. Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmati bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Yesemurat Qayipnazarov 24-iyul kuni 49 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Makan.uz” xabar berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati shu ism-familiyaga mos keluvchi Nukus shahrida yashagan 49 yoshli erkak Ye.Q.ning vafoti haqida ma’lum qildi.

Foto: “Makan.uz”

Xabarga ko‘ra, fuqaro Ye.Q. 15—19-iyul kunlari Respublika ichki ishlar vazirligi gospitalida davolangan. Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashagan 58 yoshli A.M. ismli ayolda koronavirus tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, qandli diabet hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.S. ismli ayol 13–18-iyul kunlari Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi kardiologiya bo‘limida davolangan. 18-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va bemor Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, zo‘riqish stenokardiyasi, terminal o‘pka va bosh miya shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan (insult) so‘nggi holat, yurak ishemik kasalligi, miokard infarktidan so‘nggi kardioskleroz, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Ammo bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichi pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi hamda bosh miya shishidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 34 yoshli B.M. ismli ayolda 5-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va 6-iyul kuniga qadar u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan.

6-iyul kuni bemor shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, kasallik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorda 24 haftalik uchinchi homiladorlik bo‘lgan va asoratlangan akusherlik anamnezi, kamqonlik kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rigan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ketma-ket ikkinchi kun koronavirusga chalingan homilador ayollar vafoti haqida xabar berilmoqda. Bir kun oldin ham qashqadaryolik 35 yoshli homilador ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgani ma’lum bo‘lgandi.

24-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi 36 yoshli Daulet Tolibayevning koronavirusga chalinib, vafot etgani xabar qilingandi. SSV bir kun o‘tib ushbu o‘lim holati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida yashagan D.T.da isitma, umumiy holsizlik va quruq yo‘tal paydo bo‘lgach, joriy yil 10-iyul kuni respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir respirator distress sindrom tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, miya shishi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda semizlikning 3-darajasi, yurak ishemik kasalligi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, miya shishidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 111 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus chalingach vafot etganlar soni 117 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, hozirda Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu holatlar haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 010 nafar bemordan 133 nafari og‘ir, 63 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan, 19-iyul kuni 100 nafardan 21-iyul kuni 130 nafardan, 23-iyul kuni 140 nafardan, 24-iyul kuni 170 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 196 nafarga yetdi.

Kasallikdan davolanish

Kun davomida 359 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu yangi rekord. 22-iyuldagi rekord 8 taga yaxshilandi.

25-iyul kuni

  • Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida — 124 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 146 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 40 nafar;
  • Jizzax viloyatida — 21 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 16 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 12 nafar bemor tuzaldi.

Toshkent viloyatining statistikalari 17-iyuldan beri alohida berila boshlagan bo‘lsa, bu kunlar ichida bironta ham bemorning davolangani haqida axborot berilmagandi. 25-iyulda esa bir yo‘la 146 nafar bemor tuzaldi.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 19 952 nafar bemordan 10 831 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 54 foizni tashkil etmoqda. Bir kun ichida bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgarmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9010 nafar bemordan 6639 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Farg‘onada 17, Navoiyda 21, Jizzaxda 28, Xorazmda 42, Sirdaryoda 106, Qoraqalpog‘istonda 121, Samarqandda 135, Buxoroda 139, Namanganda 162, Surxondaryoda 236, Andijonda 255, Qashqadaryoda 262 va Toshkent viloyatida 847 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 67 176 nafar, statsionar karantinda esa 26 098 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 122 nafarga kamaygan bo‘lsa, statsionar karantindagi fuqarolar soni 296 nafarga ko‘paydi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv