O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Yorqin Tursunov 29-iyul kuni vafot etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati

“Kun.uz” nashrining vazirlikdagi manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, 55 yoshli Yorqin Tursunov koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi oqibatida olamdan o‘tgan.

“20 yildan ortiq vaqt mobaynida Yorqin Tursunov Moliya vazirligi tizimida ishlagan, u yerda har doim o‘zining mehnatsevarligi, har bir ishga yuqori mas’uliyat va puxtalik bilan yondashishi, har kimni tushunish qobiliyati bilan ajralib turar edi.

Yorqin Ergashevich doimo mavjud bo‘lgan barcha kamchiliklarni o‘rganishga harakat qilar edi, har doim insonlar bilan muloqotga ochiq edi. Uning butun faoliyati hududlar va butun mamlakatni rivojlantirish uchun xizmatga bag‘ishlandi. Hududlar bilan ishlash mobaynida respublikaning tashrif etmagan yagona mintaqa, tuman qolmadi”, — deyiladi xabarda.

Moliya vazirligi Yorqin Tursunovning oila a’zolariga ta’ziya bildirgan.

Ma’lumot uchun, Yorqin Tursunov 1965-yilda Samarqand viloyating Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1990-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini bakalavrini tamomlagan. Mutaxassisligi moliyachi. 2006—2012 va 2016—2018-yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari, 2012—2016-yillarda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ijtimoiy va moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga qadar, Yorqin Tursunov Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimini egallagan. Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, ularni moliyalashtirish bo‘yicha samarali faoliyat olib borgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha Yorqin Tursunovning COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etganini tasdiqlaganicha yo‘q.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.

Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Bundan tashqari, taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan.

26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan.