O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Yorqin Tursunov 29-iyul kuni vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vazir o‘rinbosarining koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi.

Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 55 yoshli Yorqin Tursunov 20-iyul kuni tana harorati ko‘tarilgan va xususiy tibbiyot muassasasi shifokorlarining tavsiyasi asosida uy sharoitida va xususiy shifoxonada davolangan.

27-iyul kuni esa o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘pka shishi, giperglikemik koma kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, Yorqin Tursunov koronavirusning 128-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 134 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.

Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.