Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirusga chalingan 22 yoshli homilador ayolning vafot etganini xabar qildi.

SSV axborotiga ko‘ra Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashagan 22 yoshli O.X. 15–18-iyul kunlari Toshkent shahar 9-son tug‘ruq kompleksi jonlantirish bo‘limida 2-homiladorlik, 2-tug‘ruq, o‘tkir kamsuvlik, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

18-iyul kuni bemorda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Shundan keyin u Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Ushbu shifoxonada O.X.ga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan. O.X. o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ketma-ket besh kundan buyon koronavirusga chalingan homilador ayollarning o‘limi haqida xabar bermoqda. O.X. besh kun ichida COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan yettinchi homilador ayol.

Avval SSV Toshkent shahrida 28-iyul kuni koronavirusga chalingan 40 yoshli va 34 yoshli ikki homilador ayolning, 27-iyul kuni 35 yoshli va 32 yoshli homilador ayollarning vafoti haqida xabar bergandi. 26-iyul kuni koronavirusga chalingan 34 yoshli yana bir toshkentlik homilador ayol vafot etgan. 24-iyul kuni Qashqadaryoda 35 yoshli homilador ayol koronavirus qurboni bo‘lgani haqida xabar berilgan.

Vazirlik kasallik oqibatida vafot etgan yana bir ayol haqida xabar bermagan. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgani haqida 9-iyul kuni xabar berilgan 28 yoshli jizzaxlik ayol ham homilador bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, 22 yoshli O.X. koronavirusning 131-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 137 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.

Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.