Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 48 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilgan.

Vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, Chilonzor tumanida yashagan 48 yoshli X.M. ismli erkak 13-iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga og‘ir ahvolda yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorda kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilik asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham kuzatilgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

“Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, X.M. o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan”, – deyiladi SSV xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, 48 yoshli X.M. koronavirusning 130-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 136 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.

Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.