Toshkentda 52 yoshli koronavirusga chalingan erkak hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashagan 52 yoshli O.T. da 19-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxssislari tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, O.T. ismli erkak koronavirusning 127-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 133 nafarni tashkil etmoqda.