Toshkent shahrida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni taqsimlash va davolash uchun tashkil qilingan taqsimlash markazlari Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Davlat xavfsizlik xizmati gospitallariga biriktirildi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyuda ma’lum qildi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Bosh vaziri o‘rinbosarining bildirishicha, “O‘zekspomarkaz”ning 1 va 2-pavilyonida tashkil qilinayotgan 814 o‘rinli gospitalni boshqarish Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklangan. “Yoshlik” sport majmuasida tashkil qilinayotgan 520 o‘rinli taqsimlash markazi Davlat xavfsizlik xizmati boshqaruvi ostida faoliyat olib boradi. Gimnastika saroyida 750 o‘rinli markaz ishga tushiriladi va Ichki ishlar vazirligiga biriktiriladi.

Tashkil qilinayotgan markazlar tegishli organlarning gospitallariga biriktirilgan va markazlarda gospitallarning tibbiy xodimlari, shuningdek, Sog‘liqni saqlash tizimi shifokorlari faoliyat olib boradi.

Mazkur markazlarni 3 kun ichida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “O‘zekspomarkaz”da avvalroq tashkil qilingan 1000 o‘rinli taqsimlash markazi Toshkent shahar hokimligi boshqaruvida faoliyat olib bormoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining har bir tumanida koronavirus bo‘yicha ishlaydigan bittadan maxsus poliklinika faoliyati tashkil qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Toshkent shahrida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu boradagi ishlarning samaradorligini, aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hisobotini tinglash chog‘ida koronavirus bilan xastalangan shaxslarni samarali davolashga mamlakat harbiylari, harbiy-tibbiy muassasalarning xizmatchilari va tibbiyot mutaxassislarini jalb qilish kerakligini aytgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq “Yoshlik” sport majmuasida tashkil qilingan taqsimlash markaziga tibbiyot xodimlari ishga qabul qilish boshlangani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Sergeli tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi hududida koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qo‘yish, zaruratga ko‘ra davolash uchun sharoit yaratilgan.