00:24, 30.07.2020 // 126932

O‘zbekistonda 29-iyul kuni 692 kishida koronavirus aniqlandi. Ahvoli og‘ir bemorlar soni 500 nafardan oshib ketdi

O‘zbekistonda 28-iyul kuni soat 23:30 dan 29-iyul kuni soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 692 ta holat qayd etildi. Bu yangi antirekord hisoblanadi. O‘zbekistondagi koronavirusdan aniqlangan barcha kasallanish holatlarining 3 foizi 29-iyulga to‘g‘ri keldi. Ketma-ket uch kundan buyon antirekordlar yangilanmoqda. 27-iyul kuni kunlik kasallanish holatlari ilk bor 600 nafardan oshib, 678 kishida kasallik qayd etilgan bo‘lsa, 28-iyul kuni 684 kishida koronavirus aniqlangandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 22585 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 131, “Daryo” hisobi bo‘yicha 137 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 96 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 596 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 256 nafar, Toshkent viloyatida — 191 nafar, Surxondaryo viloyatida — 47 nafar, Namangan viloyatida — 30 nafar, Xorazm viloyatida — 19 nafar, Sirdaryo viloyatida — 12 nafar, Farg‘ona viloyatida — 12 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 11 nafar, Andijon viloyatida — 11 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar, Navoiy viloyatida — 3 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 11 ta hududda koronavirusga chalinish holati kuzatildi. Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagina yangi bemorlar qayd etilmadi.

Toshkent shahrida 256 kishida koronavirus aniqlandi. Joriy haftaning 3 kuni ichida poytaxtda 1016 kishida kasallik qayd etildi. Solishtirish uchun SSV jadvalida Toshkent shahri va viloyatidan tashqari qolgan 12 ta hududning hech birida kasallanganlar soni 1000 nafarga ham yetmagan. Toshkentda kasallanganlar orasida bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ham bor.

Nurmat Otabekov.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, xorijdan kelib O‘rtasaroy karantin zonasiga joylashtirilgan 96 fuqaroda ham koronavirus qayd etilgan. Karantin zonasi Toshkent viloyati hududida joylashganligiga qaramay, bemorlar Toshkent shahri hisobiga qo‘shilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘rtasaroy karantin zonasida kasallik aniqlangan fuqarolar shu yerning o‘zida davolanayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Behzod Musayev kuniga 2000 dan ortiq fuqaro O‘zbekistonga olib kelinayotganini ham aytdi.

Toshkent viloyatida 191 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda to‘rt kundan buyon kasallikka chalinganlar soni 100 nafardan ortiq bo‘lmoqda, 29-iyuldagi natija hozircha eng kattasi. Hafta boshidan beri esa Toshkent viloyatida 423 kishida koronavirus aniqlandi.

Surxondaryo viloyatida 47 kishida koronavirus aniqlandi30-iyun holatiga ko‘ra, Surxondaryoda 101 kishida koronavirus aniqlangandi. Iyul oyida bemorlar soni 5 baravarga ko‘paydi va hozirda viloyatda qayd etilgan holatlar 520 taga teng. Surxondaryo viloyati koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshgan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlaridan so‘ng 9-hudud bo‘ldi. Surxondaryoda kasallikka chalinganlar orasida viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham bor, u hozirda Toshkentda davolanmoqda.

Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 30 ta holat aniqlangan. Viloyatda iyul oyining 29 kunining 21 tasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan. Namanganda iyul oyida 421 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 59 foiziga tengdir. Namangan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 700 nafardan oshgan 6-hudud bo‘ldi.

Xorazm viloyatida 19 kishida koronavirus aniqlandi. Bu viloyatda iyul oyida eng ko‘p kasallik qayd etilgan kun bo‘ldi. Iyul oyida viloyatda 56 kishida kasallik aniqlandi. Bu barcha hududlar orasidagi eng past ko‘rsatkichdir.

Sirdaryo viloyatida 12 kishida kasallik qayd etildi17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 13 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 326 nafarga ko‘payib, hozirda 539 nafarga yetgan.

Farg‘ona viloyatida ham koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 12 kishida kasallik aniqlangan. Viloyatga 6-iyulda koronavirus qaytganidan 93 kishida koronavirus qayd etildi. Bu Farg‘ona viloyatidagi jami kasallanish holatlarining 37 foiziga tengdir.

Qashqadaryo viloyatida 11 kishida koronavirus qayd etildi. Iyul oyida Qashqadaryoda 469 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu viloyatdagi jami kasallanganlarning 70 foiziga tengdir. Hozirda Qashqadaryoda jami 666 kishida koronavirus aniqlangan.

Andijon viloyatida 11 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda so‘nggi 13 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Iyul oyida Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 209 nafardan 953 nafarga yetdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Iyul oyida respublikada 193 kishida kasallik qayd etildi, bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanish holatlarining 56 foiziga tengdir. Qoraqalpog‘istonda kasallikka chalinganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 3 kishida kasallik aniqlangan. Viloyatda oxirgi 15 kun ichida 10 kun davomida yangi holatlar qayd etildi, ammo bularning faqat bittasida — 28-iyul kuni yangi bemorlar soni 10 nafardan oshdi, qolgan 9 kunda kasallanganlar soni 8 nafarga ham yetmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 29-iyul davomida bugun Toshkent shahrida 4 nafar, Sirdaryo viloyatida 1 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan 52 yoshli O.T. ismli erkakda 19-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov 29-iyul kuni 55 yoshida vafot etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi keyinroq vazir o‘rinbosarining koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 55 yoshli Yorqin Tursunov 20-iyul kuni tana harorati ko‘tarilgan va xususiy tibbiyot muassasasi shifokorlarining tavsiyasi asosida uy sharoitida va xususiy shifoxonada davolangan.

27-iyul kuni esa o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘pka shishi, giperglikemik koma kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashagan 70 yoshli M.T. ismli erkakda 15-iyul kunidan tana harorati ko‘tarilib turgan. 27-iyul kuni holsizlik, butun tanada og‘riq kuzatilganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 48 yoshli X.M. ismli erkak 13-iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga og‘ir ahvolda yotqizilgan. Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorda kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilik asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham kuzatilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, X.M. o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 22 yoshli O.X. ismli ayol 15–18-iyul kunlari Toshkent shahar 9-son tug‘ruq kompleksi jonlantirish bo‘limida 2-homiladorlik, 2-tug‘ruq, o‘tkir kamsuvlik, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

18-iyul kuni bemorda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Shundan keyin u Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Ushbu shifoxonada O.X.ga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan. O.X. o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Bungacha 7 nafar homilador ayol vafot etgani haqida xabar berilgandi. 22 yoshli O.X. O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgan eng yosh homilador ayol bo‘ldi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 131 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 137 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 517 nafar bemordan 365 nafari og‘ir, 172 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.  Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan, 19-iyul kuni 100 nafardan 21-iyul kuni 130 nafardan, 23-iyul kuni 140 nafardan, 24-iyul kuni 170 nafardan, 25-iyul kuni 190 nafardan, 26-iyul kuni 210 nafardan, 27-iyul kuni 290 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 537 nafarga yetdi. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar 206 nafarni, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 91 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

29-iyul kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarning 672 nafari tuzaldi. Birinchi marta sog‘ayganlar soni 600 nafardan oshdi va yangi rekord o‘rnatildi. Tuzalganlarning

  • 323 nafari Toshkent shahrida;
  • 148 nafari Toshkent viloyatida;
  • 93 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 29 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 29 nafari Andijon viloyatida;
  • 19 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 17 nafari Namangan viloyatida;
  • 14 nafari Qashqadaryo viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 22 585 nafar bemordan 12 937 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 57 foizni tashkil etmoqda. Uch kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich 1 foizdan yaxshilanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9517 nafar bemordan 7073 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Jizzaxda 17, Navoiyda 23, Farg‘onada 25, Xorazmda 61, Sirdaryoda 106, Qoraqalpog‘istonda 118, Samarqandda 123, Andijonda 164, Namanganda 169, Buxoroda 175, Surxondaryoda 192, Qashqadaryoda 224 va Toshkent viloyatida 1047 nafar bemor qoldi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv