29-iyul kuni kun davomida jami 672 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor COVID-19’dan forig‘ bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilgan.

Tuzalganlarning 323 nafari Toshkent shahridagi 18 ta shifoxonada davolanayotgan bemorlar. Shuningdek, ularning 148 nafari Toshkent viloyatida, 93 nafari Surxondaryoda, 29 nafari Andijonda, yana 29 nafari Sirdaryoda, 19 nafari Farg‘onada, 17 nafari Namanganda, 14 nafari Qashqadaryoda kasallikdan sog‘aygan.

Sog‘ayganlar ko‘rsatkichi bo‘yicha so‘nggi rekord natija 28-iyul kuni qayd etilgan va shu kuni O‘zbekistonning turli hududlarida 591 nafar bemor infeksiyadan tuzalgandi.

O‘zbekistonda 12 937 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (57 foiz) kasallikdan sog‘aygan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan buyon 131 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 137 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.

Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.