Yoz faslining ikkinchi oyini ham ortda qoldirdik. Xo‘sh, bu oy bizga nimalar taqdim etdi? Quyida iyul oyida yuz bergan voqealarning eng esda qolarlilarini  havola etamiz.

Koronavirusdan qarshi hujum

2019-yilning dekabr oyidan buyon davom etayotgan SARS CoV-2 koronavirusi keltirib chiqargan COVID-19 pandemiyasi sakkiz oydirki dunyoni titratib kelmoqda. Xitoydan keyingi kasallik o‘chog‘i bo‘lgan g‘arbiy Yevropa kasallikning og‘ir bosqichidan o‘tgan bo‘lsa, okeanorti, Janubiy Afrika, Hindiston, Markaziy Osiyoda vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. O‘zbekistonda kasallik bilan bog‘liq holatlar iyul oyi boshidan keskin orta boshladi.

Habibulla Oqilov.

Foto: “Daryo”

Kasallik oqibatida vafot etgan fuqarolar soni ham kun sayin oshdi. 3-iyul kuni O‘zbekistonda 318 kishi koronavirusdan zararlandi. Bunaqasi avval bo‘lmagan. 4-iyul kuni Toshkentda koronavirus 100 dan ortiq holatda aholi orasidan aniqlandi. Shunday sharoitda Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiya iltimosiga binoan hukumat mamlakatda qat’iy karantin cheklovlarini tiklashga majbur bo‘ldi.

Shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib ketdi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov televideniyega bergan intervyusida vaziyatni tan olib, “Lekin kasallik avj oladigan bo‘lsa, tibbiyot tizimi og‘ir vaziyatga tushib, boshqa yo‘nalishdagi yordamlar to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun hozir hammamiz teng harakat qilib, kasallik tarqalib ketishining oldini olib, og‘ir bemorlar sonini, shifoxonalarga tushadiganlarni kamaytirishimiz kerak”, deb aytdi. Shodmonov, shuningdek, koronavirus tarqalishi eng yuqori cho‘qqisiga chiqmaganini aytgandi. 8-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev koronavirus masalasida mamlakat aholisiga murojaat qildi va “bu juda murakkab sinov va og‘ir kurash bo‘ladi”, dedi. Prezident joylarda karantin talablariga rioya qilinmayotganini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi. 10-iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlandi, avtotransport harakati cheklandi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopildi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartirildi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etildi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ldi. Darvoqe, 20 kun ichida rejalashtirilgan to‘ylarning barchasi 9-iyulda o‘tkazib yuborilgani mamlakatimizda g‘aroyib shodiyona ruhini yaratdi.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Bu oyda COVID-19 infeksiyasini Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovlar ham yuqtirib oldi. Mamlakatning bir qator hududlarida qo‘shimcha koyka o‘rinlar tayyorlandi. Jumladan, Toshkentdagi O‘zekspomarkazda kasallarni taqsimlash markazi ishga tushirildi.

O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 2020-yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi, degan yangilik15-avgustgacha bo‘lgan cheklovlar to‘y-tadbir o‘tkazmaslikdan tortib, 31-iyul, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatilishigacha o‘z ichiga oladi. Garchi mablag‘siz oddiy fuqaro haddan tashqari qiynalgani hech kimga sir bo‘lmasa-da, koronavirus tarqalishini to‘xtatishning biz uchun yagona samarali yo‘li harakatlanishni cheklash bo‘lib turibdi. Shuning uchun bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev karantin uzaytirilgani sababli tirikchilikdan qolganlarni nazarda tutib, aholidan uzr so‘radi.

Foto: “Daryo”

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirus tufayli dunyodan o‘tgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Shunda To‘ra Bobolov videomurojaat qilib, davolanayotganini, holati yaxshiligini bildirdi, yolg‘on xabar tarqatgan shifokorlarga esa ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va telefoni musodara qilindi. Musa Yerniyazovning o‘limi haqida xabar tarqatgan nashr mualliflariga esa bundan-da tez munosabat bildirilib, tegishli organga chaqirtirildi. SSV matbuot kotibi Musa Tajetdinovichning davolanayotganini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda kasallikni yuqtirib olish holatlari ayni daqiqalarda 23 mingdan oshgan bo‘lsa, kasallikdan tuzalgan soni 13,5 ming kishiga yaqinlashgan. Kasallik oqibatida vafot etganlar esa 140 (30.07.2020) tani tashkil etmoqda. Kasallik yuqtirib olish bo‘yicha dunyoda AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda kasallikka chalinganlar soni oy boshida 3,4 millionga yaqinlashgan bo‘lsa, hozirga kelib kasallik qayd etilganlar umumiy soni 4,5 milliondan oshgan. Shulardan 2,2 milliondan ortiq bemor tuzalgan bo‘lsa, 153 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Dunyoda kasallik yuqtirib olganlar soni bo‘yicha AQShdan keyingi o‘rinda Braziliya bormoqda. Braziliyada 2,5 milliondan ortiq odam kasallikni yuqtirib olgan, ulardan 90 mingdan ortiq kishi vafot etgan bo‘lsa, 1,7 milliondan ortiq kishi tuzalib ketgan. Hindiston va Rossiya davlatlari mos ravishda 3 va 4-o‘rinlarda bormoqda. Hindiston 1,6 milliondan ortiq kasallik holatini qayd etgan bo‘lsa, Rossiyada bu ko‘rsatkich 834 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda.

Koronavirus bilan bog‘liq statistikani onlayn qayd etib boruvchi covidvisualizer.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda kasallikni yuqtirib olganlar soni 17,2 milliondan oshgan. Ulardan 10,7 milliondan ortiq bemor tuzalgan bo‘lsa, 670 mingdan ortiq bemor vafot etgan. Bugungi kunda kasal holatda qolayotgan bemorlar soni 5,7 milliondan oshiqni tashkil qilmoqda.

Ayo Sofiya – islom olami kutgan mujda

Bu oyning eng diqqatga sazovor voqeasi, shubhasiz, Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Aya Sofiya yoxud Avliyo Sofiya muzeyining qaytadan masjidga aylantirilishi haqidagi xabar va u yerda o‘qilgan ilk juma namozi bo‘ldi. 10-iyul kuni Turkiya Oliy mahkamasi Turkiya jumhuriyati hukumatining 1934-yilgi Avliyo Sofiya masjidini muzeyga aylantirish haqidagi qarorni noqonuniy deb topdi. Buning ortidan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Avliyo Sofiya ibodatxonasini masjidga aylantirish haqidagi farmonni imzoladi.

Foto: Google Photos

Farmonda obyektni Turkiya din ishlari boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazish, uni masjid sifatida qayta ochish va binoda namoz o‘qish uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari ham qayd etilgan. Buning ortidan dunyoning bir qator davlatlari, jumladan, Rossiya, Yevropa ittifoqi, AQSh, Gretsiya kabi davlatlar o‘z noroziliklarini bildirdi. Bu boradagi dastlabki “hujum”ni rus Provoslav jamiyati qildi. Jamiyat matbuot kotibi Avliyo Sofiyaning qaytadan masjid qilib belgilanishidan afsusda ekanini bildirdi.

Bunday iddaolarga javoban, Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Avliyo Sofiya majmuasini masjidga aylantirish masalasida boshqa davlatlarning fikri ahamiyatsiz ekanini ma’lum qildi. “Turkiya xalqning xohishi va istagiga ko‘ra, Avliyo Sofiyaning maqomini muzeydan masjidga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Boshqa davlatlarning fikri bizning qarorimizga ta’sir qila olmaydi”, — dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Erdo‘g‘on Turkiyani tanqid qilganlar “o‘z hududlarida islomofobiya bilan kurasha olmaydi”, deb qo‘shimcha qildi. Shuningdek, mamlakat prezidenti qabul qilingan qarorni Turkiyaning suveren huquqi ekanini aytdi.

24-iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Avliyo Sofiya (Aya Sofiya) jome masjidida 86 yildan keyin ilk juma namozi ado etildi. Juma namozi oldidan Turkiya diyonat ishlari raisi Ali Erbash yig‘ilgan minglab odamlarga xutba qildi. Xutba jarayonida imom minbarda Istanbulning fath etilishi ramzi bo‘lgan qilich ushlab turdi. Ammo qilich chap qo‘lda ushlangani tinchlik ramzi ekani mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi. Juma namozi Turkiya televideniyesi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etildi.

Namozda, shuningdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ishtirok etdi va birinchi safda namoz o‘qidi. Juma namozidan keyin prezident Fotih Sulton Mehmetxonning qabrini ziyorat qildi. Aya Sofiyada juma namozi o‘qilgan kuni Gretsiyadagi cherkovlarda motamni anglatuvchi qo‘ng‘iroqlar chalingan. Gap shundaki, ibodatxona 1453-yilda konstantinopol fathidan keyin Sulton Mehmetxon tomonidan nasroniy ruhoniylaridan sotib olingan va masjidga aylantirilgan. 1934-yilda Turkiya Respublikasi uni muzeyga aylantirishga qaror qilgan. Uning yana qayta masjidga aylantirilishi g‘arb xristian dunyosining, ayniqsa, Rus provoslav cherkovining noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Gretsiya o‘zini Vizantiya imperiyasining vorisi deb hisoblagani sababli bu voqeani motam sifatida qabul qildi. Sababi, Aya Sofiya ibodatxonasi VI asrda Vizantiya imperatori Yustinian tomonidan qurilgan va cherkov sifatida faoliyat yuritgan. U xristian olamidagi eng yirik cherkovlardan biri bo‘lgan.

Foto: Google Photos

Istanbulda Avliyo Sofiya ibodatxonasining masjidga aylantirilishi borasidagi bahs-munozaralar 29-may kuni Konstantinopolning qulashi munosabati bilan u yerda Qur’on xatm qilinganidan keyin boshlanib ketgan. Oradan bir hafta o‘tgach, Erdo‘g‘on ibodatxonani masjidga aylantirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni buyurgan. Keyinchalik adliya vaziri Abdulhamid Gul hamda tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘lu ibodatxonaning yana masjidga aylantirilishi tarafdori ekanini bildirgan. 1985-yilda masjid YuNESKOning butunjahon madaniy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Tog‘li Qorabog‘ – Kavkazning poroxli bochkasi

Oyning 12–16-kunlari Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasida doimiy nizolarga sabab bo‘luvchi bahsli Qorabog‘ boshqaruvi fonida ikki mamlakat chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. To‘qnashuv Ozarbayjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida 12-iyulda sodir bo‘ldi. Bu to‘qnashuv bir necha kun davom etdi va hafta davomida ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

Bokuning ma’lum qilishicha, Yerevan o‘t ochish rejimini buzgan ozarbayjonlik harbiylarning pozitsiyalarini artilleriyadan o‘qqa tutgan. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati qurolli to‘qnashuv oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini e’lon qildi. Dastlab hujumni qaytargan chavush (serjant) va askar halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Keyinroq esa yana bir askar olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan o‘zining Facebook’dagi sahifasiga Ozarbayjon qurolli kuchlari arman harbiylarining pozitsiyasini yana o‘qqa tutishni boshlagani haqida izoh yozib qoldirdi. “Ikki-uch soatlik uzilishlardan so‘ng dushman taraf provakatsion harakatlarni qayta boshlab, arman pozitsiyasiga qarata o‘t ochdi”, deb yozadi Stepanyan.

15-iyul kuni Ozarbayjon mudofaa vaziri o‘rinbosari Kerim Valiyev otishma natijasida ikki nafar yuqori lavozimli harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan. “Bugun tongda general-mayor Po‘lat Gashimov, polkovnik Ilgar Mirzayev qahramonlarcha halok bo‘ldi”, degan Veliyev. “Afsuski, janglar yo‘qotishlarsiz bo‘lmaydi. Mudofaa vazirligi rahbariyati nomidan harbiylarning vafoti munosabati bilan ularning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor etaman. Ishontirib aytamanki, bizning shahid ketgan o‘g‘lonlarimiz va yaralangan askarlar uchun, albatta, qasos olinadi”, deya ta’kidlagan vazir o‘rinbosari.

Foto: “RIA Novosti”

Ushbu voqealar fonida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida mamlakat qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida noqonuniy miting o‘tkazilgan. Miting ishtirokchilari “Shahidlar o‘lmaydi, Vatan bo‘linmaydi”, “Qorabog‘” va “Qorabog‘ga ozodlik” shiorlari ostida chiqish qildi. Shuningdek, yig‘ilganlar harbiy harakatlarni qayta boshlashga chaqirib, “o‘zlariga qurol berilishini” talab qilib baqirgan.

Report nashrning yozishicha, minglab yoshlar mamlakat bayrog‘ini ko‘tarib olib, “Shahidlar alleyasi”dan yurib o‘tgan. Shu turdagi mitinglar Ozarbayjonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilgan. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatining Armaniston chegarasida harbiy harakatlarni boshlashga intilmaganini ma’lum qildi.

Voqeaga BMT bosh kotibi Antoni Guterrish ham munosabat bildirgan. Guterrish ikki mamlakat chegarasi bo‘ylab otishmalar, jumladan, og‘ir qurollar qo‘llanilishi haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini aytdi. Bosh kotib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Minsk guruhining Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish borasidagi harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston tomoni ham hodisaga o‘z munosabatini bildirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida yuz bergan qurolli  mojaroni siyosiy-diplomatik muzokaralar asosida hal qilishga chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. “O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanini bildiradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Vaziyat 15-iyulga kelib sokinlashgan. So‘nggi 30 yildan buyon Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Tog‘li Qorabog‘ hududi sabab yomonlashgan. Mintaqa Ozarbayjon hududida joylashgan bo‘lsa-da, 1991-yilda uning tarkibidan chiqqan. Tan olinmagan ushbu respublika hududida asosan armanlar istiqomat qilib keladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada muntazam qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi.

Putinning prezidentlikdan ketish niyati yo‘q(mi)?

Oyning ilk kunida Rossiya federatsiyasida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, Rossiya Konstitutsiyasining 81-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ovoz berishda qatnashganlarning 78 foizi bu o‘zgartirishni ma’qullab ovoz bergan. Referendumda qatnashish ko‘rsatgichi 65 foizni tashkil qilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ovoz berishda qatnashgan.

Foto: “TASS”

Xo‘sh, konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish nimadan iborat? Konstitutsiyaning 81-moddasi bundan buyon mamlakat prezidentiga saylanish muddati tugagan taqdirda qaytadan o‘z nomzodini prezidentlik saylovlarida ilgari surishga imkon beradi. Demak, Vladimir Putin 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. O‘zgarishdan oldin uning amaldagi vakolati 2024-yilda o‘z nihoyasiga yetishi kerak edi.

O‘z navbatida, Rossiyadagi eng ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri, Checheniston respublikasi prezidenti Ramzan Qodirov Vladimir Putinni umrbod prezident etib saylash taklifini ilgari surdi. “Vladimir Putinni umrbod prezident qilib saylashimiz zarurligi men ko‘p gapiradigan muhim gap. Xo‘sh, hozir kim uni almashtira oladi? U kabi dunyo miqyosidagi yetakchi siyosatchi yo‘q. Biz u bilan faxrlanishimiz kerak”, – degan Qodirov Checheniston Respublikasining koronavirus bo‘yicha tezkor shtabidagi majlisda.

Vladimir Putin 2024-yilgi saylovlarda ham g‘alaba qozonsa, bunga shubha qilish ahmoqlik bo‘lsa-da, 2036-yilgacha, ya’ni 84 yoshgacha Rossiya prezidenti bo‘lib qoladi. Yana shuni ta’kidlash kerakki, ushbu o‘zgartirishlar faqatgina Putin uchun amal qiladi va undan keyingi prezidentlarga taalluqli emas.

Furgal ishi – Putinning bosh og‘rig‘i

9-iyul kuni Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasi gubernatori, muxolifatdagi LDPR partiyasi a’zosi Sergey Furgal qo‘lga olindi. Uning qo‘lga olinishiga sabab qilib esa 15 yil oldin sodir etilgan qotillik jinoyatlari keltirilgan. Jumladan, u 2004-yilda Yevgeniy Zorya, 2005-yilda Oleg Bulatovlarni o‘ldirishga buyruq berishda ayblanmoqda. Xabarlarga ko‘ra jinoiy to‘daning 4 nafar a’zosi ham qo‘lga olingan va ularning barchasi Moskvaga olib kelingan.

50 yoshda bo‘lgan Furgal 2007-yildan buyon Rossiya Dumasiga LDPRdan deputat sifatida saylangan. 2018-yili 70 foiz ovoz bilan Xabarovsk gubernatori etib saylangan. Sergey Furgalning hibsga olinishi ortidan Xabarovskda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Minglab odamlar Xabarovsk ko‘chalarida o‘lka bayrog‘i hamda hukumat hamda prezident Putinga qarshi yozilgan boshqa turli chaqiriqlar yozilgan plakatlar ko‘tarib yurish qilgan.

Foto: Google Photos

Namoyish ishtirokchilari Furgalning ozod qilinishini hamda Putinning iste’fosini talab qilmoqda. 11–18-iyul orasida o‘tkazilgan namoyishlarda 50 minggacha odam qatnashgan bo‘lsa, birgina 25-iyul kuni 20 mingga yaqin odam qatnashgan va hodisa joyida bo‘lgan jurnalistlar namoyishlar boshlangandan buyon o‘tkazilgan eng muhimi bo‘lganini takidlagan.

Duma deputati Mixail Degtaryov Putin tomonidan Xabarovks gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Ammo mahalliy aholi uni g‘azab bilan kutib olgan. Omma oldida chiqish qilgan Degtaryov namoyishlarga Moskvadan kelgan xorijliklar ham aralashganini ma’lum qilgan, biroq prezident matbuot kotibi Peskov buni rad etgan.

Vladimir Putinning tan olinmagan asosiy muxolifi bo‘lgan Aleksey Navalniy Xabarovsk namoyishchilarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. LDPR lideri Vladimir Jirinovskiy Furgalning qo‘lga olinishini qattiq qoralagan. Partiya esa Parlamentni tark etish bilan tahdid qilgan. Ba’zi tahlilchilar Furgalni kelajakdagi prezidentlik saylovlarida Vladimir Putinga asosiy raqib sifatida tilga olgan.

Yamandagi kelishuv

2014-yildan buyon Yamanda davom etib kelayotgan siyosiy inqirozga yakun yasalay deb turibdi. Gap shundaki, Yaman markaziy hukumati va Janubiy o‘tish davri kengashi separatistlari yangi hukumat tuzishga rozi bo‘ldi, bu orqali ular Saudiya Arabistonining mojaroni hal etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda Saudiya Arabistoni TIV vakili o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni tomonidan taklif etilgan rejadan o‘t ochishni to‘xtatish, o‘tish davri kengashining Yaman janubida e’lon qilingan muxtoriyatdan, shuningdek, Aden shahri gubernatori va xavfsizlik rahbarini tayinlashdan voz kechishini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Yaman bosh vaziriga 30 kun ichida yangi hukumat tuzish vakolati beriladi.

Foto: Reuters

O‘tish davri kengashining saytida ma’lum qilinishicha, separatistlar aprel oyida joriy etilgan mamlakat janubini mustaqil boshqarish rejimidan voz kechgan. Janubiy o‘tish davri kengashi 2017-yilda tuzilgan. Bir qancha muddat ular Yamanning tan olingan hukumati bilan birgalikda “Ansar Alloh” xusiylar harakatiga qarshi kurashib kelgan, biroq keyinchalik o‘rada mojaro yuzaga kelgan. 2019-yilda separatistlar Aden shahrini egallab olgan, 2020-yilning aprelida esa Yamanning barcha janubiy viloyatlarida o‘z o‘zini boshqarish rejimini joriy etgan. Eslatib o‘tamiz, iyul oyining boshlarida Saudiya boshliq koalitsiya Yamandagi xusiylar joylashgan pozitsiyalarga aviazarbalarni amalga oshirgan ediYaman inqirozi BMT tomonidan eng yomon gumanitar inqiroz deya tilga olingan.

Hayit muborak

31-iyul kuni mamlakatimizda Qurbon hayiti kuni nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan muborakbod etamiz.

Bu yilgi hayit o‘zgacha bir vaziyatga to‘g‘ri keldi. Bu yil xuddi Ramazon hayitida bo‘lgani singari Qurbon hayitida ham masjidlarda hayit namozlari ado etilmaydi. 31-iyul, 1–2-avgust kunlari butun mamlakat bo‘ylab harakat cheklanishi belgilab qo‘yildi.