00:15, 31.07.2020 // 114272

O‘zbekistonda 30-iyul kuni 686 kishida koronavirus aniqlandi, 743 kishi kasallikdan sog‘aydi

O‘zbekistonda 29-iyul soat 23:30 dan 30-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 686 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘rtinchi kun kunlik kasallanish holatlari 600 nafardan yuqori bo‘lmoqda. Koronavirusdan tuzalganlar 743 nafarni tashkil etdi. Oxirgi marta 13-iyun kuni kunlik tuzalishlar soni yangi kasallanish holatlaridan o‘tib ketgandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 23271 nafarni tashkil etmoqda.

SSV hisobi bo‘yicha 136, “Daryo” hisobi bo‘yicha 142 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 58 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida (barchasi Toshkent shahrida);
  • 628 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 284 nafar, Toshkent viloyatida — 162 nafar, Samarqand viloyatida — 43 nafar, Buxoro viloyatida — 40 nafar, Andijon viloyatida — 23 nafar, Sirdaryo viloyatida — 20 nafar, Surxondaryo viloyatida — 15 nafar, Namangan viloyatida — 11 nafar, Navoiy viloyatida — 11 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 10 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 11 ta hududda kasallanish holati qayd etildi. Jizzax, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagina kasallik aniqlanmadi.

Toshkent shahrida 284 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkentda iyul oyida kasallik aniqlanmagan biron kun ham bo‘lmadi. Joriy haftaning o‘zida Toshkentda 1300 kishida kasallik qayd etildi. Poytaxtda kasallanganlar orasida O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev ham bor. Akfa Medline’da davolanayotgan Barnoyevning ahvoli bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

O‘ktam Barnoyev.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, xorijdan kelib, karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 58 kishida kasallik aniqlandi. Yangi holatlardan so‘ng Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni 14002 nafarga yetdi. Kasallik eng kam qayd etilgan hudud Jizzaxda 140 kishida koronavirus aniqlangan, ya’ni Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni Jizzaxdagidan 100 baravar ko‘p.

Toshkent viloyatida 162 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda besh kundan buyon kasallikka chalinganlar soni 100 nafardan ortiq bo‘lmoqda, 29-iyuldagi natija hozircha eng kattasi. Hafta boshidan beri esa Toshkent viloyatida 585 kishida koronavirus aniqlandi.

Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 10 kishida kasallik aniqlandi. Iyun oyi oxirigacha viloyatda 451 kishida kasallik qayd etilgandi, iyul oyi davomida Samarqandda kasallanganlar soni 2 baravarga ko‘payib, 938 nafarga yetdi. Samarqand Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 900 nafardan oshgan 4-hudud bo‘ldi. Solishtirish uchun, 20 milliondan ortiq kishi yashovchi Xitoy poytaxti Pekinda koronavirusga chalinganlar soni 933 nafarni tashkil etmoqda.

Buxoro viloyatida 40 kishida kasallik aniqlangan. 30-iyulga kelib Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Uning qachon kasallikka chalingani noma’lum. Avvalroq Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Musa Yerniyazov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi.

Karim Kamolov.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Andijon viloyatida 23 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda so‘nggi 14 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Iyul oyida hozirgacha 767 kishida kasallik aniqlangan bo‘lib, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 79 foiziga teng.

Sirdaryo viloyatida 20 kishida kasallik aniqlandi17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 14 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2,5 baravardan ortiqqa ko‘payib, hozirda 559 nafarga yetgan.

Surxondaryo viloyatida 15 kishida koronavirus qayd etildi30-iyun holatiga ko‘ra, Surxondaryoda 101 kishida koronavirus aniqlangandi. 30 kun ichida bemorlar soni 5 baravarga ko‘paydi va hozirda viloyatda qayd etilgan holatlar 535 taga teng.

Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 11 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda iyul oyining 30 kunining 22 tasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan. Namanganda iyul oyida 432 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 59 foiziga tengdir.

Navoiy viloyatida ham 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda oxirgi 16 kun ichida 11 kun davomida yangi holatlar qayd etildi, ammo bu kunlarning faqat bittasida — 28-iyul kuni ham 11 kishida kasallik qayd etilgan, qolgan 10 kunda esa kasallanganlar soni 8 nafarga ham yetmadi.

Qashqadaryo viloyatida 10 kishida koronavirus qayd etildi. Iyul oyida Qashqadaryoda 479 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu viloyatdagi jami kasallanganlarning 71 foiziga tengdir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 kishida koronavirus aniqlandi. Iyul oyida respublikada 202 kishida kasallik qayd etildi, bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanish holatlarining 57 foiziga tengdir. Qoraqalpog‘istonda kasallikka chalinganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov ham bor. Musa Yerniyazov kasallikka chalingani haqida berilgan ilk xabarda uning ahvoli barqaror ekanligi aytilgandi. Hozirda esa Musa Yerniyazovning ahvoli og‘ir, u sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.

Musa Yerniyozov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida Toshkent shahrida 3 nafar, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida 1 nafardan bemorning vafot etgani haqida xabar berdi. Bir hafta ichida birinchi marta homilador ayollar o‘limi bilan bog‘liq holatlar haqida xabar berilmadi.

Birinchi o‘lim. Buxoro shahrida yashagan 68 yoshli M.M. ismli ayolda 11-iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan va uy sharoitida davolangan. 17-iyul kuni esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 57 yoshli Z.I. ismli erkakda 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u 15-iyul kuniga qadar uy sharoitida davolangan. Bemorda 15-iyul kuni hansirash, nafas siqishi, oyoq-qo‘l sovishi paydo bo‘lgandan so‘ng Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga olib kelingan, bemorning holati og‘irligi inobatga olinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh xastaliklar bo‘lgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 60 yoshli M.A. ismli ayolda 15-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan. Bemor 22-iyul kuniga qadar uy sharoitida davolangan, klinik belgilar kuchayganligi sababli Ibn Sino nomli 1-sonli klinik shifoxonasiga olib kelingan, holati og‘irligi inobatga olingan holda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir miokard infarkti asoratlari bilan kechgan. Bundan tashqari, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 60 yoshli Z.G. ismli erkakda 15-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. 18-iyul kuniga qadar bemor uy sharoitida davolangan, so‘ng kasallikning klinik belgilari kuchayganligi sababli Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib kelingan va og‘ir holatda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, infeksion toksik shok asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromdan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 59 yoshli Q.R. ismli erkak 17-iyunda Sirdaryo viloyatiga xizmat safari bilan borgan. Unda 14-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan va bemor Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Q.R.da COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi va poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar borligi aniqlangan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 136 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 142 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

O‘limlar statistikasi bo‘yicha chalkashliklar sababiga AOKAdagi matbuot anjumanida SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari bir qadar aniqlik kiritishdi. Ularning so‘ziga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanib vafot etayotgan bemorlarda COVID-19 laboratoriya tahlillarida tasdiqlansagina ular rasmiy statistikaga qo‘shilmoqda. COVID-19 kasalligining klinik belgilari kuzatilgan, ammo kasallik laboratoriya tahlilida tasdiqlanmagan o‘limlar ayni paytda rasmiy statistikaga qo‘shilmayapti. Shtab hozirda Maxsus komissiyaga kasallik tashxisi laborator jihatdan qo‘yilmagan bo‘lsa ham, ammo klinik belgilar mavjudligi natijasida kelib chiqadigan o‘limlarni COVID-19 natijasida yuzaga keladigan o‘limlar soniga qo‘shish bo‘yicha tavsiya bermoqchi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 455 nafar bemordan 436 nafari og‘ir, 181 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan oshgandi. Endi esa ularning umumiy soni 2 hafta ichida 10 barobarga ko‘paydi. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 365, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 172 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

30-iyul kuni turli hududlarda jami 743 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor kasallikdan sog‘aydi. Bu yangi rekord. Ularning

  • 441 nafari Toshkent shahridagi 17 ta shifoxonada;
  • 152 nafari Toshkent viloyatida;
  • 48 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 33 nafari Andijon viloyatida;
  • 16 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 15 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 13 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 13 nafari Namangan viloyatida;
  • 6 nafari Buxoro viloyatida;
  • 6 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 23 271 nafar bemordan 13 680 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 59 foizni tashkil etmoqda. Bir hafta oldin bu boradagi ko‘rsatkich 53 foizga tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9455 nafar bemor davolanmoqda. Bir kun avval bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. Iyul oyida bemorlar soni avvalgi kunga nisbatan birinchi marta pasaydi. Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6971 nafar. Farg‘onada 12, Jizzaxda 17, Navoiyda 34, Xorazmda 61, Sirdaryoda 77, Qoraqalpog‘istonda 121, Andijonda 154, Samarqandda 166, Namanganda 167, Surxondaryoda 191, Buxoroda 208, Qashqadaryoda 219 va Toshkent viloyatida 1057 nafar bemor qoldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 29-iyuldan beri Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida statsionar sharoitda rejali davolash muolajalarini olmoqda. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, Alisher Shodmonovning shifoxonaga tushishi koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq emas. Shodmonovning ahvoli qoniqarli va 3—4 kunda ishga qaytishi kutilmoqda. Ungacha esa Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga yuklatildi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 70 467 nafar, statsionar karantinda esa 22 789 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Uch kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 3312 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, statsionar karantindagi fuqarolar soni 2389 nafarga kamaydi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv