O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda va bastakor Ruslan Sharipov 28-iyul kuni insult oqibatida vafot etdi. “Fikrat.uz” Ruslan Sharipovning murakkab hayot yo‘li haqida maqola tayyorladi.

Ruslan Sharipov 1966-yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 7 yoshidan musiqa bilan shug‘ullangan. 16 yoshidan esa katta sahnalarga chiqa boshlagan. Toshkent shahridagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtining “Fortepiano” sinfida o‘qigan.

Ruslan Sharipov yoshligida.                                                                                                Foto: “Fikrat.uz”

Iqtidorli ijodkor “Bolalar”, “Bayt” kabi mashhur guruhlarni tashkil qilgan. “Shahzod”, “Setora”, “Xo‘ja” guruhlarining ko‘plab qo‘shiqlariga musiqa bastalagan. 1989-yildan qo‘shiq kuylashni to‘xtatib, e’tiborini faqat bastakorlik va yangi guruhlar tuzishga qaratgan. O‘zi uchun atigi yigirmadan ortiq qo‘shiq yaratgan bo‘lsa, boshqa xonandalar uchun 200 ga yaqin qo‘shiq yozib bergan.

Foto: “Fikrat.uz”

1980-yillar oxiri 1990-yillar boshida o‘zbek estradasining rivojlanishi Ruslan Sharipov nomi bilan bog‘liq. U ko‘p yillar “Tarona” kompaniyasida ham faoliyat yuritgan. 2002-yilda ilk konsert dasturi namoyish etilgan.

Ruslan Sharipov otasi hamda birinchi rafiqasi Nargiz Zokirova

Foto: “Fikrat.uz”

Hozir Amerika va Rossiyada faoliyat yuritayotgan xonanda Nargiz Zokirova uning birinchi turmush o‘rtog‘i. Nargiza Zokirova 18 yoshda Sabina ismli farzandni dunyoga keltiradi. Biroq turmushlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Ruslan Sharipov xatolarini tan olib, oilasini tiklashga ko‘p bor urinadi, biroq Nargiz Zokirova uni kechirmaydi. Hozir qizi va nabirasi 5 yoshli Noya Nargiza Zokirova bilan birga. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i Go‘zal Ahmedova bilan Komila va Yasmina ismli farzandlarini tarbiya qilgan.

Ruslan Sharipov qizlari bilan.

Foto: “Fikrat.uz”

Faol ijodiy faoliyat yuritayotgan vaqtida kutilmagan zarbalarni ola boshlaydi. Xorijiy telekanallarga noto‘g‘ri ma’lumotlar aytib, intervyu berganlikda ayblanib televideniye efirlaridan olib tashlanadi. Bu ishni qilmagani aniq bo‘lgach, yana tuhmatga uchraydi. Giyohvand moddalar savdosi uchun qamalgani haqidagi tuhmatlarga oydinlik kiritilgunga qadar yana ekranga chiqmaydi. Ustiga-ustak “Xo‘ja” guruhi bilan birgalikda boshlagan ishi ham ortga keta boshlaydi. Tadbirkorlik faoliyati kasodga uchraydi. Musofirchilikda uzoq muddat qiynalgan, zax yerlarda tunashga majbur bo‘lib, revmatizm kasalligidan aziyat chekib yashadi.

2016-yilda shov-shuvga sabab bo‘lgan suratlar

Foto: “Fikrat.uz”

Jonidan ortiq suygan ikkinchi ayoli boshqa insonni sevib qolgani uchun Ruslan Sharipovni tashlab ketadi. Ketma-ket omadsizliklarni ko‘tara olmay, tushkunlikka tushib, ichkilikka bog‘lanib qoladi. Umrining so‘nggi yillarida pul yetishmovchiligi tufayli o‘z uyini sotib, onasi bilan yashaydi. Lekin keyin o‘zini qayta tiklab oladi.

Ruslan Sharipov onasi bilan. Xonandaning onasi 2019-yilda vafot etgan.

Foto: “Fikrat.uz”

Xonanda so‘nggi intervyularidan birida yana ijodga qaytishi, hali hammasi avvalgidek zo‘r bo‘lishi, konsert berish rejasi borligi haqida gapirgan. “Bu konsert yakkaxon tarzda bo‘lmaydi. Unda bugunning eng yorqin xonandalari ham ishtirok etadi. Katta shou uzoq yillik tanaffusga yaxshi javob bo‘ladi”, — degan edi xonanda. Afsuski, niyatlari amalga oshmay, xonanda bu dunyoni erta tark etdi.

Foto: “Fikrat.uz”

Ruslan Sharipovdan iqtiboslar

“Bizni oldinda nimalar kutayotganini hech qachon bilmaymiz. Bo‘lib o‘tganlarning hammasi men uchun sinov bo‘ldi, deb qabul qilyapman”.

“Rejalarim juda ko‘p. Sog‘lig‘im tiklangach, ijodimni yo‘lga qo‘yaman. Kimlardir uchun emas, o‘zim uchun qo‘shiq yozishni istayman”.

Quyida Ruslan Sharipovning yakka o‘zi va boshqa xonandalar bilan birga kuylagan mashhur qo‘shiqlari ketma-ketligi e’tiboringizga havola qilinmoqda. Bu qo‘shiqlar nafaqat Ruslan Sharipov iste’dodiga yana bir bor baho berish, balki 10-15 yil avvalgi o‘zbek estradasini yodga olish imkonini ham beradi.

Ruslan Sharipov, “Setora”, “Xo‘ja” — “Yayra O‘zbekiston!”

Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov — “Nozanin” (“Kabriolet”)

Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov — “Tegaman”

Ruslan Sharipov — “Yo‘qchilik yiqitar yigit zo‘rini”

“Bolalar”, “Shahzod”, “Xo‘ja” va Ruslan Sharipov — “Eski shahar”

Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov —  “Hasrat” 

Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov — “Sevgilim”