O‘zbekistonda 30-iyul soat 23:30 dan 31-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 738 ta holat qayd etildi. Birinchi marta kunlik bemorlar soni 700 nafardan oshdi va yangi antirekord o‘rnatildi. Ketma-ket ikkinchi kun koronavirusdan tuzalganlar soni yangi bemorlar sonidan oshmoqda, buning evaziga davolanayotgan bemorlar soni 2 kundan buyon kamaymoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 24009 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 141, “Daryo” hisobi bo‘yicha 148 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 111 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 627 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 302 nafar, Toshkent viloyatida — 203 nafar, Buxoro viloyatida — 35 nafar, Sirdaryo viloyatida — 22 nafar, Andijon viloyatida — 19 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 17 nafar, Namangan viloyatida — 15 nafar, Navoiy viloyatida — 10 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar) aniqlangan.

Toshkent shahrida 302 kishida kasallik aniqlandi. Toshkentda iyul oyida kasallik aniqlanmagan biron kun ham bo‘lmadi. Joriy haftaning o‘zida Toshkentda 1602 kishida kasallik qayd etildi. Shuningdek, xorijdan kelib, karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 111 kishida kasallik aniqlandi. Yangi holatlardan so‘ng Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni 14415 nafarga yetdi. Kasallik eng kam qayd etilgan hudud Jizzaxda 140 kishida koronavirus aniqlangan, ya’ni Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni Jizzaxdagidan 103 baravar ko‘p. Toshkent shahrida qayd etilgan koronavirusga chalinish holatlari Janubiy Koreyada aniqlangan barcha holatlar (14305)dan ham oshib ketdi.

Toshkent viloyatida 203 kishida koronavirus qayd etildi17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. O‘shandan buyon viloyatda kunlik kasallanish holatlari soni ilk marta 200 tadan oshdi. Hafta davomida Toshkent viloyatida 788 kishida kasallik aniqlandi. Respublika maxsus komissiyasining 28-iyuldagi qaroriga muvofiq Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Nazarbek” sanatoriysi 350 o‘ringa mo‘ljallangan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash kompleksiga aylantirildi.

Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 35 kishida kasallik aniqlandi. Iyul oyida Buxoroda jami 307 kishida kasallik aniqlandi va kasallanganlar soni 828 nafarga yetdi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 37 foiziga teng. Buxoro viloyati koronavirusga chalinganlar soni 800 nafardan oshgan Toshkent shahri, Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridan so‘ng 5-hudud bo‘ldi. Viloyatda koronavirus yuqtirib olganlar orasida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov ham bor, hozirda u Toshkentda davolanmoqda.

Sirdaryo viloyatida 22 kishida koronavirus qayd etildi. 25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 15 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2,5 baravardan ortiqqa ko‘payib, hozirda 581 nafarga yetgan.

Andijon viloyatida 19 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda so‘nggi 15 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Iyul oyida Andijonda 786 kishida kasallik aniqlangan bo‘lib, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 79 foiziga teng. Hozirda Andijonda aniqlangan bemorlar soni 995 nafarga yetgan. Viloyat Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan so‘ng kasallanganlar soni 1000 nafarga yetgan uchinchi hududga aylanishga yaqin turibdi.

Qashqadaryo viloyatida 17 kishida koronavirus qayd etildi. 30-iyun holatiga ko‘ra Qashqadaryoda 197 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, iyul oyida davomida koronavirusga chalinganlar soni 3,5 baravarga oshib, hozirda 693 nafarni tashkil etmoqda. Butun respublikadagi bemorlarning 2,9 foizi Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan Qashqadaryoda 3-avgustdan boshlab bir qator karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilishi e’lon qilindi. Maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, 3-avgustdan boshlab tuman (shahar) hokimlari, hududiy maxsus komissiya raislariga o‘z hududidagi buyum va qurilish mollari bozorlari, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga faoliyatlarini davom ettirishga individual tarzda ruxsat berish vakolati beriladi. Shuningdek,  3-avgustdan boshlab avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga, shuningdek, Qarshi shahriga kirish-chiqishga faqatgina kunning muayyan vaqtida — soat 07:00 dan 10:00 gacha va 18:00 dan 21:00 gacha tegishli hudud doirasida harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bunda avtomobillar harakatiga fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun ruxsat etiladi.

Namangan viloyatida 15 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda iyul oyida 23 kun yangi kasallanish holatlari qayd etilgan. Namanganda iyul oyida 447 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 60 foiziga tengdir.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 10 kishida koronavirus aniqlandi. 25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi holatlar qayd etilmoqda, ammo bu kunlarning hech birida kunlik kasallanish holatlari 11 tadan oshgani yo‘q. Iyul oyida Navoiyda koronavirusga chalinganlar soni 148 kishiga ko‘paydi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 34 foiziga tengdir. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham borligi ma’lum bo‘ldi. U 4 kundan beri Toshkentda davolanmoqda.

Qobul Tursunov.

Foto: “Daryo”

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Iyul oyida respublikada 206 kishida kasallik qayd etildi, bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanish holatlarining 58 foiziga tengdir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 5 kishi vafot etganini xabar berdi. Ammo koronavirusga chalingach 31-iyul kuni vafot etgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov bo‘yicha axborot bermadi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 55 yoshli B.Sh. ismli erkak 13-iyul kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Keyinchalik ahvoli og‘irlashganligi sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 67 yoshli N.T.ismli ayolda 10-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va shahar 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelingan, holati yomonligi sababli reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 60 yoshli M.S. ismli ayol 10—20-iyul kunlari uy sharoitida xususiy shifoxona shifokorlarining tavsiyalariga muvofiq davolangan. 21-iyul kuni esa bemor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov 72 yoshida vafot etdi.

Musa Yerniyazov.

Foto: “Daryo”

Musa Yerniyazovning o‘limi haqida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot bermadi va koronavirus asoratlaridan vafot etganlar ro‘yxatiga ham kiritmadi. Qoraqalpog‘iston SSV Musa Yerniyazovning kasalligi qanday kechgani haqida ma’lumot berdi.

Musa Yerniyazovda kasallikning klinik belgilari kuchaygani sababli 30-iyun kuni Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga olib kelingan va og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorga ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafar yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor bir necha yillardan buyon qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalliklaridan davolanib kelgan.

Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialida Musa Yerniyazovni davolash ishlari chet ellik va Toshkent shahridagi yetakchi shifokorlar bilan konsultatsiyalar va konsiliumlar orqali amalga oshirilgan.

Musa Yerniyazovning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib turgan, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqidagi xabarlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgandi. Ammo o‘shanda Qoraqalpog‘iston rahbariyati bu xabarlarni qat’iy rad etgandi. Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabari bo‘yicha Yerniyazov 30-iyunda kasalxonaga yotqizilgan.

Musa Yerniyazovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 55 yoshli N.D. ismli erkak 19-iyul kuni og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, keng tarqalgan miokard infarkti asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, keng tarqalgan miokard infarktidan vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. 27-iyul kuni Ichki ishlar akademiyasi axborot xizmati akademiya faxriylar kengashi va shaxsiy tarkibi iste’fodagi polkovnigi Tangirberdiyev Sultonboy Qurbonboyevichning 25-iyul kuni vafot etganini xabar qilgandi. SSV uning o‘limi haqidagi xabarni 6 kun o‘tib e’lon qildi.

Sultonboy Tangirberdiyev.

Foto: IIV akademiyasi

“Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 62 yoshli T. S. ismli erkakda 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi IIB Markaziy gospitalida o‘tkir appenditsit aniqlangan va operativ davo o‘tkazilgan. 10-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan”, — deyiladi SSV xabarida.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan va kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmoqchiligi va infeksion toksik miokardit asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar kuzatilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli stabil og‘ir bo‘lib turgan bemor, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 141 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 148 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni esa Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov vafot etgani xabar berildi (uning koronavirusga chalingani haqida SSV 18-iyulda xabar bergandi). Biroq ushbu yetti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 404 nafar bemordan 594 nafari og‘ir, 197 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 29-iyulda 500 nafardan, 30-iyulda esa 600 nafardan oshgandi, hozirda ularning umumiy soni 791 nafarni tashkil etmoqda.

Kasallikdan davolanish

31-iyul kuni O‘zbekistonda jami 784 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzaldi va yangi rekord o‘rnatildi. Ketma-ket beshinchi kun sog‘ayganlar soni bo‘yicha rekordlar yangilanmoqda. 31-iyul kuni tuzalganlarning

  • 467 nafari Toshkent shahrida;
  • 184 nafari Toshkent viloyatida;
  • 41 nafari Andijon viloyatida;
  • 32 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 22 nafari Xorazm viloyatida;
  • 21 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 13 nafari Namangan viloyatida;
  • 4 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 24 009 nafar bemordan 14 464 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 60 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 12-iyul kuni davolanish ko‘rsatkichi 60 foiz bo‘lgandi. 23-iyulda esa bu boradagi ko‘rsatkich 53 foizga tushib ketgandi.