Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi erkak shaxsiy avtomobilida o‘ziga qo‘shib uch nafar farzandi va turmush o‘rtog‘ini yoqib yubordi. Oilaning barcha a’zosi kuyish oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2020-yilning 30-iyul kuni tungi 22:00 da Shahrisabz tumanida sodir bo‘lgan.

Shahrisabz shahar IIB boshlig‘i Shuhrat Choriyev oila shaharning “Guliston” mahallasida yashaganligini tasdiqlagan.

“Ammo voqea Shahrisabz tumanida sodir bo‘lgani uchun, ishni tuman IIB va prokuraturasi o‘rganmoqda”, — dedi Shuhrat Choriyev.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Shahrisabz tuman IIB boshlig‘i Olim Tojiyevning ma’lumot berishicha, oila boshlig‘i shaxsiy avtomobilida ketayotgan paytda turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qoladi va avtomobil eshiklarini yopib, uch nafar farzandi, turmush o‘rtog‘i va o‘ziga benzin sepib, yoqib yuborgan.

“Oila boshlig‘i N.S. xotini bilan tortishib qolib, o‘zi va turmush o‘rtog‘ini hamda uch nafar farzandini yoqib yuborgan. Butun boshli oilaga oila boshlig‘ining o‘zi o‘t qo‘yganini shifoxonaga olib kelingan o‘g‘li bir muddatga hushiga kelganida aytib berdi. Oila azaldan notinch bo‘lgan ekan. Bu haqda shahar IIB dan ma’lumot olsangiz bo‘ladi”, — dedi Olim Tojiyev.

“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husan Omonovning ma’lumot berishicha, oila haqiqatan ham notinch oila sifatida ro‘yxatda turgan.

Olim Tojiyevning qo‘shimcha qilishicha, mazkur holat bo‘yicha Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni kunda tergov-surishtiruv ishlari ketmoqda.