Rossiyalik videoblogerlar sovet davriga tegishli 150 ga yaqin turli modeldagi avtomobillar o‘rin olgan garajni topib oldi, deb xabar beradi Carakoom.

Kadr: YouTube

Garajdagi mashinalarning ayrimlari — juda noyob. Kolleksiyadagi avtomobillar holati turlicha. Ayrimlari qanchadir muddat oldin qayta tiklangan bo‘lsa, ba’zilari konveyrdan chiqqanidan buyon o‘z holatini o‘zgartirmagan, yana bir qismi esa — sochilib yotibdi.

Avtomobillar yonma-yon taxlangan bo‘lib, ularning ustida qalin chang qatlami mavjud. Shu bilan birga, ba’zi modellar yaxshi sharoitda saqlanishga haqli. Masalan, bu yerda “GAZ-22”ning bir nechta modeli joylashgan bo‘lib, u hozirgi kunda juda noyob hisoblanadi. Shuningdek, salkam 1100 nusxada chiqarilgan “GAZ-14” — “Chayka” ham mavjud.

Kadr: YouTube

Kadr: YouTube

Bundan tashqari, kolleksiyadan Lada Riva va “Moskvich-408P” ham o‘rin olgan — ularda rul qismi o‘ng tomonda joylashgan. Biroq ular orasida eng qadrlisi — Sobiq Ittifoq Oliy Kengashi prezidiumi raisi Leonid Brejnevning maxsus aloqa avtomobili vazifasini o‘tagan “ZIL-118K” mikroavtobusi. Taxminlarga ko‘ra, bu kabi avtomobil narxi 35 million rublga (490 ming dollar) baholanishi mumkin.

Kadr: YouTube

Videoda mazkur avtomobillar kolleksiyasi kimga tegishligi ekanligi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.

Avvalroq AQShdagi omborlarning biridan 2 ming nusxada ishlab chiqarilgan noyob Maserati topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.