Karantin choralari yumshatiladigan bo‘lsa, kasallar sonining ortib ketishi ehtimoliga mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi tayyor. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus shtab a’zosi Habibullo Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishi vaqtida ma’lum qildi.

“Ikki-uch hafta oldin xalqimizni ogohlikka chaqirib, vahimaga o‘zimiz dav’at qilgan bo‘lsak, hozirgi kunda hech qanaqa safsata va vahimaga o‘rin yo‘q. Vaziyat jilovlangan, shifokorlarimiz tayyor, kerakli asbob-uskunalarimiz bor. Zaxiralar, koyka-o‘rinlar bor. Karantin choralari yana yumshatiladigan bo‘lsa, kasallar sonining ortishi mumkin bo‘lgan vaziyatga ham hozirda sog‘liqni saqlash tizimimiz va mahalliy hokimiyatlarimiz tayyor”, — deydi professor Oqilov.

Oqilovning ta’kidlashicha, moslashtirilgan klinikalar barchasi bo‘shaganidan keyin dezinfeksiyadan o‘tib, o‘zining asosiy faoliyatiga qaytadi va bu yo‘nalishdagi yetishmovchiliklar ham bartaraf etiladi.

Avvalroq Habibullo Oqilov sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirusdan davolanayotgani haqidagi taxminlarni rad etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, professor Oqilov 8-iyul kuni qilgan chiqishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi resurslar “poyoniga yetgani”, bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmaganini ma’lum qilgan. 9-iyuldagi brifingda esa Oqilov koyka-o‘rinlar, dori zaxirasi mavjudligini, tizim har qancha bemorni qabul qila olishini ta’kidlagandi.