O‘zbekistonda 1-avgust soat 23:30 dan 2-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 770 ta holat qayd etildi. Uch kundan buyon kunlik kasallanish holatlari 700 dan yuqori bo‘lmoqda. 1-avgustda 774 kishining kasallanishi hozircha antirekord hisoblanadi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 25553 nafarga yetdi. O‘zbekistondagi barcha kasallanish holatlarining 3 foizi 2-avgustga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 153, “Daryo” hisobi bo‘yicha 161 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 99 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 671 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 325 nafar, Toshkent viloyatida — 142 nafar, Samarqand viloyatida — 103 nafar, Buxoro viloyatida — 27 nafar, Andijon viloyatida — 19 nafar, Sirdaryo viloyatida — 18 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 14 nafar, Navoiy viloyatida — 9 nafar, Namangan viloyatida — 5 nafar, Farg‘ona viloyatida — 5 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 11 ta hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi. Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagina koronavirus yuqtirib olish holatlari aniqlanmadi.

Toshkent shahrida 325 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent shahrida bir hafta ichida (27-iyuldan 2-avgustgacha) 2411 kishida koronavirus aniqlandi. Bu Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro va Jizzaxdagi epidemiya mavsumi boshidan beri barcha kasallanish holatlari (2415 ta) bilan deyarli teng.

Toshkent viloyatida 142 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 26-iyuldan beri har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda. Toshkent viloyatida bir hafta ichida (27-iyuldan 2-avgustgacha) 1120 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent viloyati poytaxtdan so‘ng kasallanganlar soni 3000 nafardan oshgan 2-hudud bo‘ldi. Toshkent viloyatida 29-iyuldan beri kasallikdan tuzalayotganlar ham har kuni 100 nafardan oshmoqda. Hozirga kelib viloyatda kasallikdan tuzalganlar soni 2000 nafardan oshib ketdi.

Samarqand viloyatida 103 kishida koronavirus qayd etildi. Bu viloyat uchun antirekord hisoblanadi. 2-avgust kuni Samarqandda 11-iyul kuni o‘rnatilgan avvalgi antirekorddan (52 ta kasallanish holati) 2 baravar ko‘p odamda kasallik aniqlandi. Ushbu holatlardan so‘ng Samarqand viloyati Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlaridan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 1000 nafardan oshgan 4-hududga aylandi. Samarqandda bemorlar soni endi 1000 nafardan oshgan bo‘lsa-da, viloyat kasallanganlar soni bo‘yicha Andijondan o‘tib ketdi. Qiziq tomoni, 2-avgust kuni Samarqandda koronavirusdan tuzalganlar soni ham 103 nafarni tashkil etdi.

Buxoro viloyatida 27 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda bir hafta ichida (27-iyuldan 2-avgustgacha) faqat 29-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Bu vaqt ichida Buxoroda 177 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda koronavirus yuqtirib olganlar orasida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov ham bor, hozirda u Toshkentda davolanmoqda.

Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 19 kishida kasallik aniqlangan. Viloyatda so‘nggi 17 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi.

Sirdaryo viloyatida 18 kishida kasallik aniqlandi25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 17 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 402 nafarga ko‘payib, hozirda 615 nafarga yetgan. Sirdaryo Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 600 nafardan oshgan 8-hudud bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyatida 14 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasi qarori bilan viloyatda 3-avgustdan boshlab bir qator karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilishi rejalashtirilgan.

Navoiy viloyatida 9 kishida koronavirus aniqlandi25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi holatlar qayd etilmoqda, ammo bu kunlarning hech birida kunlik kasallanish holatlari 11 tadan oshgani yo‘q. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham borligi ma’lum bo‘ldi. U 6 kundan beri Toshkentda davolanmoqda.

Namangan viloyatida 5 kishida koronavirus qayd etildi. Namanganda so‘nggi 14 kunda kasallik aniqlangan kunda hech qachon koronavirusga chalinganlar soni 10 nafardan kam bo‘lmagandi.

Farg‘ona viloyatida ham 5 kishida koronavirus aniqlandi. Yangi holatlardan so‘ng viloyatda kasallanganlar soni 269 nafarga yetdi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarovning so‘zlariga ko‘ra, Quva tumanida tibbiyot xodimi o‘g‘lida klinik belgilar paydo bo‘lishiga qaramasdan uni uyda davolashga harakat qilgan, oqibatda o‘zi ham virus yuqtirib olib, koronavirus infeksiyasini hamkasblariga ham yuqtirgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida kasallik qayd etildi. Respublikada 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda, biroq bu kunlarda yangi kasallar soni biron marta ham 10 taga yetmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida Toshkent shahrida 5 nafar, Andijon viloyatida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Ammo ularning qaysi sanada vafot etgani ma’lum qilinmadi. Bundan tashqari, andijonlik 63 yoshli B.P. ismli erkak va toshkentlik 56 yoshli D.Sh. ismli ayolda qaysi kuni kasallik tasdiqlangani haqida ham axborot bermagan.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 46 yoshli S.L. ismli erkakda 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamda semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. 46 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 58 yoshli Sh.D. ismli erkakda 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. 58 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Andijon viloyatining Andijon tumanida yashagan 63 yoshli B.P. ismli erkakda COVID-19 tasdiqlangach, nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygan holatda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, 2016-yilda bo‘lgan infarktdan so‘ngi kardioskleroz, gipertoniya, arterial gipertenziya, qandli diabet, diabetik angiopatiya va nefropatiya kabi hamroh xastaliklari bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan. 63 yoshli erkak Andijonda koronavirusning ikkinchi qurboni bo‘ldi.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 56 yoshli D.Sh. ismli ayolda COVID-19 tasdiqlangan va tana harorati ko‘tarilib, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan. Ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 43 yoshli R.A. ismli erkak 27-iyul kuni og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil stenokardiya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan. Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 57 yoshli R.K. ismli ayolda 21-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va shifoxonaga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, infeksion toksik shok asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, unda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan.

Ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, infeksion toksik shokdan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 153 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 161 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 8 893 nafar bemordan 564 nafari og‘ir, 215 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. O‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar soni birinchi marta 200 nafardan oshdi. Bir kun avval davolanayotgan bemorlarning 592 nafari og‘ir, 185 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda edi.

Kasallikdan davolanish

2-avgust kuni 1208 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu tuzalish bo‘yicha mutlaq rekord hisoblanadi. Ilgari bir kunda tuzalgan bemorlar soni 900 nafarga ham yetmagandi. Sog‘ayish bo‘yicha rekord ketma-ket 7-kun yangilanmoqda. Koronavirusdan tuzalganlar 16 mingdan ortiq odamning 7 foizi aynan 2-avgust kuni sog‘aydi.

Tuzalganlarning

  • 678 nafari Toshkent shahrining 20 ta shifoxonasida va uy sharoitida davolanganlar;
  • 185 nafari Toshkent viloyatida;
  • 103 nafari Samarqand viloyatida;
  • 102 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 50 nafari Buxoro viloyatida;
  • 35 nafari Andijon viloyatida;
  • 20 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 13 nafari Namangan viloyatida;
  • 11 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 9 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 2 nafari Xorazm viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 25 553 nafar bemordan 16 507 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 64 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 6-iyul kuni davolanish ko‘rsatkichi 64 foiz bo‘lgandi. 23-iyulda esa bu boradagi ko‘rsatkich 53 foizga tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 8893 nafar bemor davolanmoqda. To‘rt kun avval bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 24-iyul kundagi bemorlar soniga yaqinlashib qoldi. 25-iyuldan boshlab koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni 9 mingdan oshib ketgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6736 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 13, Xorazmda 37, Navoiyda 52, Sirdaryoda 87, Andijonda 105, Qoraqalpog‘istonda 130, Samarqandda 136, Namanganda 146, Surxondaryoda 139, Buxoroda 143, Qashqadaryoda 117 va Toshkent viloyatida 1039 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 72 700 nafar, statsionar karantinda esa 20 536 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Uch kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 2233 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, statsionar karantindagi fuqarolar soni 2253 nafarga kamaydi.