Bugun Livan koronavirus pandemiyasi, iqtisodiy tanazzul bilan bog‘liq og‘ir ahvolni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda sodir bo‘lgan favqulodda yirik fojia esa juda ko‘p savollarni yuzaga chiqarmoqda. “Daryo” kolumnisti, rossiyalik siyosatshunos, Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Mixail Magid Livandagi portlash oqibatlari haqida fikr yuritadi.

To‘rt kilotonna (Xirosimadagi portlashdan chorak qism) quvvatga ega portlash Livan poytaxtini yakson qildi. Portlash sodir bo‘lgan bandargoh kunpayakun bo‘lgan, minglab binolar zararlangan, to‘rt mingga yaqin odam yaralandi va o‘lganlar ehtimol yuzlab bo‘lsa kerak. Bayrut vayron bo‘ldi. Livan OAVlari portlash bo‘yicha dastlabki taxminlar borasida xabar qilmoqda: “O‘g‘rilar kirishi ehtimoli bo‘lgan tuynuklarni payvandlash ishlari mobaynida bandargoh omborida saqlanayotgan 2 700 tonna ammoniy nitrati – ammiakli selitra ko‘rinishidagi yukning portlashi sodir bo‘lgan”. Shahar ustida zaharli bulut muallaq turdi.

Foto: Google Photos

Mamlakat nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki iqtisodiy tanazzul bilan bog‘liq ravishdagi og‘ir ahvolni boshdan kechirmoqda. Hatto pandemiyadan avval ham yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi 40 foizgacha bo‘lgan. Kommunal xizmatlar sistemasining esa dabdalasi chiqib yotgandi. Livandagi asosiy moddiy boyliklar mahalliy banklar va siyosiy partiyalarga boshchilik qiluvchi etnik-konfessional jamoalar rahnamolari qo‘lida markazlashgan.

Bunday rahnamolar iqtisodiyotning turli sohalarini va turli davlat idoralarini o‘zining shaxsan boyishi uchun vosita sifatida qaraydi. Livan jahondagi eng korrupsiyalashgan davlatlardan biridir. Mamlakatdagi chiqindi inqirozi (butun boshli hududlarda uzoq vaqt davomida chiqindi olib chiqib ketilmasdan yotaverishi mumkin) va iqtisodiy inqiroz – no‘noqlik hamda korrupsiyaning xatarli o‘zaro uyg‘unligi natijasidir. Portlash ham korrupsiya va xo‘jasizlik omixtasi sababidan yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. Bu bizga yaxshi tanish bo‘lgan iqtisodiy halokatlarni yuzaga keltiruvchi uyg‘unlikdir.

Voqelik haqidagi ushbu talqin bilan birgalikda yana bir fitna talqini ham mavjud. Portlash Bayrut bandargohining 12-omborida sodir bo‘ldi. Livan qurolli kuchlari tizimidagi manbalar va “Hizbulloh”dagilar Rossiyaning “Novaya gazeta” nashriga ma’lum qilishicha, bu omborda katta aniqlikdagi olis masofaga uchuvchi raketalarning yig‘ma qismlari saqlangan. Ushbu raketa qismlari “Hizbulloh”ning Livan bo‘limi uchun Erondan keltirilgan bo‘lib, bu guruh mamlakatda Eron manfaatlarini himoya qiladi. “Novaya gazeta” quyidagicha yozgan: “Bizning manbalarimiz aytishicha, bu raketalarni “Hizbulloh” Isroilga qarshi qo‘llamoqchi bo‘lgan, portlashga esa inson omili turtki bo‘lgan”.

Bu o‘rinda inson omili deganda aynan nima nazarda tutilayotgani qiziq – Isroil razvedkasi “Mossad”mi? Isroil va “Hizbulloh” eski raqiblar sanaladi. “Hizbulloh” Eronga tarafdor shia partiyasi bo‘lib, yaxshi qurollangan va tayyorgarlikdan o‘tgan ko‘ngillilar armiyasiga ega; siyosiy-harbiy jabhada bu guruh Livanda ustunlikka mavjud. Uning yetakchisi shayx Hasan Nasrulla mintaqadagi eng katta ta’sir kuchiga ega siyosatchilardan biridir. Parlament va hukumatda “Hizbulloh” vakillari ko‘pchilikni tashkil qilmasa ham baribir aynan shu guruh Hasan Diab hukumatini nazorat qiladi deb hisoblanadi.

Foto: Google Photos

Isroil va “Hizbulloh”ning har ikkalasi qudratli qurolli kuchlarga egalik qiladi. 2006-yildagi urush paytida “Hizbulloh”ning yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan partizanlari Isroil armiyasini Livandan quvib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan edi va amalda bu Isroil armiyasining mag‘lubiyati bo‘lgan. O‘shanda “Hizbulloh” Isroil shaharlarini raketa yomg‘iri ostida qoldirgan edi, Isroil bo‘lsa Livan shaharlarini bombardimon qilgan. Ziddiyat yaqinda yana keskinlashdi: Isroil bilan chegara hududida Isroil mudofaa armiyasi bilan “Hizbulloh” ko‘ngillilar armiyasi o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi.

Livanda ko‘pchilik yangi harbiy harakatlarning alanga olishi bir vaqtning o‘zida “Hizbulloh” uchun ham, Benyamin Netanyaxu boshchilik qilayotgan Isroil hukumati uchun ham ayni muddao bo‘ldi deb hisoblamoqda. Isroilda ham Livandagi singari koronavirus inqirozi bilan birga iqtisodiy inqiroz kuzatilyapti, ishsizlik darajasi 20 foizgacha yetmoqda. Har ikkala tarafning davlat strukturalari va ular bilan bog‘liq bo‘lgan partiyalariga hozirda jamiyat diqqat-e’tiborini iqtisodiy muammolardan chalg‘itish muhimdir. Lekin bu talqinda ilgari surilgan fikrlarning asosli tasdig‘i mavjud emas.

Livan – ommaviy namoyishlar mamlakati ekanini yodda tutish kerak. 2019-yilning kuzida Livanning ikki million aholisi, ya’ni amalda deyarli barcha kambag‘al va qashshoq odamlar ko‘chaga namoyishga chiqqandi. Odamlar korrupsiya va ommaviy ishsizlikdan, elektr energiyasi tanqisligidan, chiqindi tashib ketilmayotganidan, kommunal xo‘jalik tarmog‘i butunlay tanazzulga uchraganidan va soliqlarning oshib ketganidan g‘azablandi. Ular ish o‘rinlari ochilishi, aholining asosiy ehtiyojlarini qondirilishi singari ijtimoiy talablarni ilgari surdi. Harakat ishtirokchilari yo‘llarni to‘sib qo‘ygan va parlament ishini to‘xtatib qo‘yishga urinishdi.

Ular “Hizbulloh” jangarilari va politsiya bilan bir necha marta to‘qnashdi ham. Namoyishlar ijtimoiy tarmoqlar orqali tashkillashtirilgan bo‘lib, alohida yetakchilari bo‘lmagan. Unda nafaqat shialar, balki Livan nasroniylari va sunniylari ham, shuningdek, Falastin va Suriyadan kelgan qochoqlar ham qatnashdi. Ya’ni namoyishchilar milliy va diniy mansublikka ko‘ra o‘zaro farqlanmagan. O‘sha namoyishlar Eron ta’siri ostidagi “Shia yarim oyi” ko‘rinishidagi qo‘shni mamlakatlarga – avval Iroqqa, keyin esa Suriyaga ham yoyildi. Noyabrda esa Eronning o‘zida ham namoyishlar avj olib ketdi.

Foto: Google Photos

Livandagi siyosiy tuzumning o‘ziga xosligi – konfessional tamoyilning mavjudligi bo‘lib, u konstitutsiya orqali mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, oliy davlat lavozimlariga tayinlovlarda turli diniy jamoalar orasidagi mutanosiblikka amal qilinadi. Masalan, mamlakat prezidenti lavozimini, albatta, nasroniy-maronit egallashi kerak, bosh vazir sunniy, parlament raisi shia bo‘lishi kerak va hokazo. Parlamentdagi o‘rinlar soni musulmonlar va nasroniylar orasida teng taqsimlanadi.

Shu sababli ham saylovlar, odatda, turli konfessiyalarning o‘z ichidagi badavlat oilalarning musobaqasiga aylanib ketadi. Oqibatda asosiy hokimiyat va moddiy boyliklar allaqachon bir necha badavlat oilalar qo‘lida jamlanib qolgan bo‘lib, ular o‘zaro bo‘lishib ish ko‘radi. Biroq so‘nggi o‘n yillikda bu boradagi muvozanat “Hizbulloh” tarafga og‘a boshladi. Aynan shu sistema keng ko‘lamli korrupsiya va juda no‘noq boshqaruv tizimini yuzaga keltirdi.

Badavlat oilalar shunchaki o‘zaro kelishib, davlat va jamiyat hayotidagi muayyan sohalarni taqsimlab oldi va ulardan shaxsiy daromad manbai sifatida foydalanadi. Shu sababli ham ayrim namoyishchilar ijtimoiy talablar bilan bir qatorda siyosiy talablar ham qo‘ygan edi. Unga ko‘ra, turli sektalarga tayanuvchi amaldagi boshqaruv tizimidan voz kechib, g‘arb andozasidagi odatiy parlamentar respublika ko‘rinishidagi boshqaruv shakliga o‘tish yoki partiyaviy-parlamentar sistema o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiyaga o‘tish talabi qo‘yildi.

Livan namoyishlariga qatag‘onlar orqali barham berilgan edi, lekin 2020-yilda namoyishlar to‘xtashining asosiy muhim omili bu koronavirus bo‘ladi. Biroq endi barchasi o‘zgarishi mumkin. Favqulodda yirik fojia juda ko‘p savollarni yuzaga chiqardi. Livanliklarning xarakterini bilgan holda aytish mumkinki, sodir bo‘lgan bu voqea bir muddatdan keyin ularni yana ko‘chalarni to‘ldirishga chorlaydi. Katta ehtimol bilan odamlarda hukumatga yangi savollar paydo bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.