O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Otabek Nazirov iqtisodiyotni keyingi pasayishlardan asrash qolish uchun oltin valyuta zaxirasini sotish vaqti kelganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirgan.

Foto: Xalqaro press klub

“Oltin narxi eng baland darajada, iqtisodiy faollik esa tushgan, iqtisodiyotni keyingi pasayish va ishsizlik ortishidan zudlik bilan qutqarish uchun aynan hozir oltin valyuta zaxirasini sotish va mablag‘lardan foydalanish kerak deb o‘ylayman”, — deb yozadi Nazirov.

Oltin narxi yil boshidan beri o‘sishda davom etmoqda. U o‘zining tarixiy rekordini o‘rnatgan holda oktabr oyi fyucherslari bo‘yicha ilk marta 1 unsiya uchun 2000 dollar ko‘rsatkichidan oshdi. Qimmatbaho metalning narxi so‘nggi uch yilda dollarning eng kuchli oylik pasayishi fonida rekord darajadagi o‘sishni namoyish etmoqda. Tahlilchilar qimmatbaho metall o‘sishda davom etishini taxmin qilyapti.

2020-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 32,3 milliard dollarni tashkil etgan. Zaxiraning katta qismi – 19,4 milliard dollari monetar oltin va 12,4 milliard dollari esa  xorijiy valyutada saqlanadi. Shu yilning fevral oyida mazkur ko‘rsatkich 29,4 milliard dollarni tashkil qilgan.