Sentabr oyidan boshlab yuqori bosqich (ikkinchi bosqichdan boshlab) talabalari uchun o‘qish onlayn tarzda boshlanadi. Bu haqda Respublika Oliy ta’lim kengashi raisi O‘ktam Umurzoqov ma’lum qildi, deya xabar bergan O‘zA.

Foto: “Daryo”

“Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalasi ham juda murakkab bo‘lib turibdi. Mart oyidan buyon biz onlayn tizimda darslarni o‘tkazyapmiz, lekin xohlaymizmi, xohlamaymizmi, onlayn tizimi odatiy, yuzma-yuz dars o‘tish tizimining o‘rnini bosa olmaydi. Hozircha sentabr oyidan boshlab 2, 3 va 4-bosqich talabalariga o‘qishni onlayn tarzda boshlaymiz, oktabr oyida 1-kurslarni ham qabul qilib olganimizdan keyin pandemiya sal yumshasa, balki, an’anaviy tizimga yana qaytarmiz”, – degan O‘ktam Umurzoqov.

Avval Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 6-avgust kuni 2020-yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari ikki smenada stadionlarda o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi va keyinchalik karantin 15-avgustga qadar uzaytirildi. 22-iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihon cheklovlar 1-sentabrgacha davom etsa, sentabr oyida o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi 2020/2021-o‘quv yili qabuli uchun magistraturaga hujjat topshirgan va muayyan sabablarga ko‘ra arizasi qabul qilinmagan abituriyentlarga muammoni bartaraf qilish uchun 4-avgustdan 6-avgust soat 11:00 gacha vaqt bergan.