Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni 2020-yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

“Paxtakor” stadioni

Foto: “Paxtakor”

Xabarga ko‘ra 2020-yilda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364 ta, magistraturaga 10 425 ta o‘rin ajratilgan.

“Bu yil 91 ta OTMga bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 1 million 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, bu 2019-yilgiga nisbatan 39 foizga ko‘p. Bitta o‘ringa 10,6 ta talabgor to‘g‘ri kelmoqda.

Magistratura yo‘nalishida 72 ta ta’lim dargohiga 78 ming 720 nafar yoki o‘tgan yilgiga nisbatan 3 barobar ko‘p hujjat topshirilgan. Umuman olganda, qabul kvotalari 2016-yilgiga nisbatan 3 marotaba ortgan”, – deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev 6-avgustdagi taqdimot chog‘ida bugungi kunda o‘qishga qabul qilish testlari qachon, qayerda va qanday tartibda o‘tkazilishi hamda 2020/2021-o‘quv yilida ta’lim jarayoni qanday tashkil etilishi barchani o‘ylantirayotganini hisobga olgan holda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator vazifalarni belgilab bergan.

Jumladan, test imtihonlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradigan joyda o‘tkazish kerakligi qayd etildi.

Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etish yuzasidan topshiriq berildi. Bunda imtihonlar kuniga 2 marta (havo salqin paytda) o‘tkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga stadionlarni test sinovlariga puxta tayyorlash, ularning dislokatsiyasi bo‘yicha abituriyentlarni to‘liq xabardor qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezident imtihonlarning sanasini Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilash, aholi salomatligiga xavfsizligini ta’minlash lozimligini ta’kidlagan.

Test sinovlarini shaffof holda o‘tkazish uchun yoshlarni ortiqcha sarson qilmaslik maqsadida Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan zarur choralar ko‘riladi, deyilgan Prezident matbuot xizmatining xabarida.

O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi va keyinchalik karantin 15-avgustga qadar uzaytirildi. 22-iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihon cheklovlar 1-sentabrgacha davom etsa, sentabr oyida o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi 2020/2021-o‘quv yili qabuli uchun magistraturaga hujjat topshirgan va muayyan sabablarga ko‘ra arizasi qabul qilinmagan abituriyentlarga muammoni bartaraf qilish uchun 4-avgustdan 6-avgust soat 11:00 gacha vaqt bergan.

Avval Davlat test markazi O‘zbekistonda pandemiya sharoiti murakkab kechayotganligi, karantin cheklovlari bekor qilinmayotganligi yoki yumshatilmaganligi bois oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari test topshiruvchilar salomatligiga zarar yetmaydigan vaziyat kelgunga qadar keyinga surilishi va bu haqda jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilishini bildirgandi.