Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni 2020-yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tegishli mutasaddilarga chekka hududlarni ham tezroq internet bilan ta’minlash va talabalar uchun arzonlashtirilgan internet trafiklari ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Prezidentga mazkur taklifni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva bildirgan.

“Talabalar bilan doimiy muloqotdamiz, yangi o‘quv yilini boshlashda nimalarga e’tibor berish haqida takliflar olyapmiz. Pandemiya sabab yakunlangan o‘quv yilidagi ikkinchi semestrni onlayn tarzda tashkil qildik, diplom ishi himoyalarini o‘tkazdik. Lekin shundan so‘ng ko‘pchilik talabalarda o‘ziga xos takliflar va talablar yuzaga keldi. Agar yangi o‘quv yilini ham onlayn boshlaydigan bo‘lsak, chekka qishloqlarni ham internet bilan ta’minlash masalasini hamda talabalar uchun muhim bo‘lgan arzonlashtirilgan internet trafiklarni ajratish borasida murojaat qildim. Yig‘ilishda tegishli mutasaddilarga bu bo‘yicha topshiriq berildi”, – degan Gulchehra Rixsiyeva.

Respublika Oliy ta’lim kengashi raisi O‘ktam Umurzoqov yangi o‘quv yili dastlab 2,3,4-bosqichda o‘qiydigan talabalar uchun onlayn tarzda boshlanishi, keyinchalik 1-bosqich talabalari ham ta’limni boshlaganidan an’anaviy shakldagi darslarga o‘tilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 6-avgust kuni o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari ikki smenada Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlardagi stadionlarda o‘tkazilishi belgilangandi.