6-avgust kuni tongda Tojikistonning Qirg‘iziston bilan chegara hududi Isfaxon uchastkasida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Mojaroga nima sabab bo‘lgani va uning tafsilotlari ma’lum emas, deb yozmoqda Asia Plus.

Foto: Sputnik

Qirg‘izistonning “Ko‘ktosh” chegara qo‘shinlari guruhi boshlig‘i, leytenant Sher Kabirov qarama-qarshi tomondan noma’lum shaxs ov miltig‘idan uzgan o‘qdan yaralangan. Bu haqda Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari axborot xizmati ma’lum qilgan.

Hodisa joyiga yaqin hududda Tojikiston fuqarosi 65 yoshli Vohid Vahobovning jasadi topilgan, u o‘q yeb vafot etgan. Erkak Isfaradagi Chorkux qishlog‘ida yashagan, deyiladi xabarda. Hodisa yuzasidan boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.

Xabarda qayd etilishicha voqea joyida qo‘shma komissiya a’zolari ish olib bormoqda va unga ikkala davlatdan maxsus vakillar chaqirilgan. Vaziyat nazorat ostida, deya hodisaga izoh bergan Tojikiston chegara xizmati.

Qirg‘iziston chegara xizmati axborotida leytenantning yaralangani aytilgan, biroq tojikistonlik erkakning o‘limi yuzasidan izoh berilmagan. “24.kg” axborot agentligining Qirg‘iziston chegara xizmatiga tayanib, bergan xabariga ko‘ra qurolli to‘qnashuv Botken tumanidagi Oq-Tosh qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.

“Tojikiston tomonidagi noma’lum shaxslar qirg‘izistonlik harbiyga qarata ov miltig‘idan o‘q uzgan. O‘q harbiyning qo‘lini teshib o‘tgan. Unga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Yaralangan harbiyning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda”, — deya agentlikka qo‘shimcha ma’lumot bergan va ayni vaqtda ikki mamlakat vakillari chegaradagi vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qilgan Qirg‘iziston chegara xizmati.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida bu kabi mojarolar o‘tgan yilning yozidan beri tez-tez takrorlanib turadi. 2019-yilning iyun oyida tojik-qirg‘iz chegarasida kelishmovchilik yuz berib, qirg‘izistonliklar 45 kilometrli avtoyo‘lni ta’mirlash ishlariga qarshi chiqqan. Sentabr oyida esa Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasida yuz bergan otishmada qirg‘iz harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. 2020-yilning o‘zida bu safargi janjal chegarada ikki millat vakillari o‘rtasidagi to‘qnashuvga olib kelgan ikkinchi vaziyatdir, avval 9-yanvarda ham avvaliga fuqarolar o‘rtasida boshlangan janjalga keyinchalik huquq-tartibot organlari xodimlari va chegarachilar ham qo‘shilgan.

2020-yil may oyi boshida Tojikiston chegara hududida qirg‘iz va tojik harbiylari o‘rtasida nizoli vaziyat sodir bo‘lgan, to‘qnashuv oqibatida Tojikistonning ikki nafar fuqarosi yaralangandi. Keyinchalik may oyi oxirida ikki davlat harbiylari o‘rtasida yana to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Ikki mamlakatning chegara qo‘shinlarining idoralari ushbu holat yuzasidan muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi.