Viktorian davridagi Londonning ishchilar sinfiga qarashli tumanlari juda bir g‘alati joylar edi: qashshoqlik, antisanitariya, iflosliklar va axloqsizliklar makoni. Aynan shu muhitda Buyuk Britaniyaning eng dahshatli afsonalaridan biri – Chavaqlovchi Jek laqabli qotil paydo bo‘ldi... “Daryo” 130 yildan buyon shaxsi aniqlanmagan jinoyatchi haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

XIX asr oxiridagi London ham xayoliy, ham haqiqiy bo‘lgan ko‘plab fojialarga guvoh bo‘lgan. Biroq 1888-yilda Buyuk Britaniya poytaxti boshidan kechirgan qonli va dahshatli voqealar fonida Oskar Uayld va Artur Konan Doylning hikoyalari juda beozor voqealar bo‘lib tuyuladi.

Adabiyot va kino bu borada turli xil aqlbovar qilmas nazariyalarga to‘la bo‘lsa-da, Uaytchpeldagi ushbu shafqatsiz qotilliklar, aslida, kim tomonidan sodir etilganiga haligacha aniq javob topilmagan. Keling, avvalo Chavaqlovchi Jek kimligi va nima uchun uning nomi bugungi kunda ham ko‘plab britaniyaliklarni dahshatga solishini bilib olaylik.

Biroz tarix

1888-yilda Londonning kambag‘al tumanlari porox to‘ldirilgan bochkaga o‘xshardi: turli muhojirlarning ko‘pligi, avj olgan ichkilikbozlik, qashshoqlik, ishsizlik, fahsh va virusli kasalliklarning doimiy avj olib turishi. Ushbu gadoytopmas tumanning kvartallaridagi aholi noroziligi shu qadar ediki, badavlat tumanlarning aholisi bu yerlarga qadam bosishga ham qo‘rqardi. Ish joylarining yetishmasligi shahar ko‘chalarida juda ko‘p fohishalar paydo bo‘lishining sabablaridan biri bo‘ldi, bir yil davomida politsiya 62 ta fohishaxonani fosh etdi va bular qidirib topilganlarigina edi.

Chavaqlovchi Jek

Albatta, bunday muhitlar jamiyatga shafqatsizlik va axloqsizlikdan boshqa hech narsa bera olmaydi. 1888-yil kuzida Londonni misli ko‘rilmagan jinoyatlar larzaga soldi: seriyali qotil nafaqat fohishalarni o‘ldirardi, balki u favqulodda “mahorat” bilan o‘z qurbonlarining ichki a’zolarini olib tashlardi. Qotil o‘zining mashhur laqabini muxbirlarga yo‘llagan xatlaridan biri tufayli olgan, xatda u o‘z qilmishlarini tan olgan va “Chavaqlovchi Jek” deya imzo chekkan. Biroq tadqiqotchilar ushbu xatni soxta deb atashadi, ayniqsa, o‘sha paytda bu mavzudagi soxta xabarlar juda ko‘p bo‘lgan.

Turli xil versiyalar Chavaqlovchi Jek beshdan 15 nafargacha insonning boshiga yetgan degan qarashlarga ega. Ammo ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, qurbonlar beshta bo‘lgan: barchasi fohishalar edi, hammasi bo‘g‘zidan so‘yilgan, uchtasining ichki a’zolari olib tashlangan. Bugungi kunda ularni Chavaqlovchi Jekning “Besh qurboni” deb atashadi. Ba’zi tadqiqotchilar ushbu ro‘yxatga oltinchi ayolni ham qo‘shadi.

Foto: Google Photos

Uaytchepel qotili o‘z qurbonlari sifatida yengil tabiatli qizlarni tanlagan, shubhasiz, qotil bu orqali jamiyatni fahsh va parchalanishdan qutqarayotganiga ishongan. U o‘z qurbonlarini o‘ldirgach, ularning ichki a’zolarini o‘ta professionallik bilan kesib olgan. Qotilning odam anatomiyasini juda yaxshi bilishi uning tibbiyotga, xususan, jarrohlikka aloqador odam ekani haqida ko‘plab versiyalarni keltirib chiqargan. Ko‘pchilik esa bunga oddiy qassobning ham mahorati yetarli deb hisoblaydi.

Jahannamdan kelgan xat

Chavaqlovchi Jekning faolligi 1888-yilning kuzida avjiga chiqdi. Misli ko‘rilmagan vahshiyliklar bilan bir qatorda, jinoyatchi (yoki uning taqlidchilari) oshkoralikka moyil edi va jamiyat tomonidan tan olinishga intildi. Qidiruv boshlanganidan beri politsiyachilar va jurnalistlar iqrorlik xatlariga ko‘milib ketgan. Albatta, ularning aksariyati hazil yoki kimningdir xayolparastligi edi, lekin bu uyumlar orasida haqiqiy qotilning qo‘li bilan yozilgan bir nechta xabarlar ham bor edi.

Xatlarning eng dahshatlisi “Jahannamdan” deb nomlangan xat edi. Unga inson buyragining bir qismi joylangandi. Muallif ikkinchi yarmini qovurib yeganini da’vo qilgan.

Taxminlar va nazariyalar 

Dahshatli qotilni topib jazolay olmagan politsiyaning ojizligi, turli xil tadqiqotlar, nazariyalar va taxminlar uchun asos bo‘ldi. Hattoki o‘zlarini ripperologlar deb nomlovchi “olimlar” bor. Ular hali ham Uaytchepel qotilining haqiqiy ismini aniqlashga harakat qilmoqda.

Polshalik muhojir

Masalan, o‘tgan yili ana shunday tadqiqotchilardan biri Rassel Edvards tomonidan o‘tkazilgan DNK tekshiruvlarining natijalari e’lon qilindi. Agar ushbu natijalarga ishonadigan bo‘lsak, qotil polshalik muhojir Aaron Kosminskiy ekan, u 1881-yilda Buyuk Britaniyaga ko‘chib ketgan va o‘sha paytlar bu ishda gumonlanuvchi sifatida ko‘rilgan. Qurbonlardan birining yonida topilgan va biznesmen Rassel Edvards tomonidan kimoshdi savdosida sotib olingan sharfning DNK tahlili shuni ko‘rsatmoqda emish. Sharfda topilgan DNK namunalari ruhiy kasalxonada vafot etgan Aaron avlodlarining genetik materiallari bilan taqqoslandi. Biroq bu tadqiqot ko‘plab olimlar orasida shubha tug‘dirdi.

Foto: Google Photos

Rus feldsheri

Boshqa bir nazariya esa jinoyatchining rus ildizlari borligini ta’kidlaydi. Bu qandaydir Fransiyadan Londonga qochib kelgan feldsher Ostrogov bo‘lib, o‘z vaqtida fransuz politsiyasi bir fohishaning o‘ldirilishini undan gumon qilgan. Ostrogovning kasbi ham qotilning tibbiyot ilmidan xabardorligi haqidagi nazariyalarga juda mos tushadi. Biroq gumon qilinayotgan jinoyatchi Britaniya adliya tizimidan Sankt-Peterburgga muvaffaqiyatli qochib, u yerda ham sudlangan va ruhiy kasalxonaga yuborilgan.

“Alisa mo‘jizalar mamlakatida” kitobining muallifi 

Shubhasiz, eng kulgili nazariya bu Chavaqlovchi Jekning taniqli yozuvchi Lyuis Kerroll ekanligidir. 1996-yilda tadqiqotchi Richard Uollis ushbu mavzu bo‘yicha butun bir kitobini nashr etdi. Muallif, Kerrollning asarlarida yozuvchining jinoiy faoliyatini tasdiqlovchi anagrammalarni topganini da’vo qiladi. Go‘yoki agar siz Kerrollning kitoblaridan bir nechta jumlalarni olib, harflar o‘rnini almashtirsangiz, siz Uaytchepel qotilining vahshiyliklari to‘g‘risidagi hikoyani topasiz. Adolat yuzasidan shuni ta’kidlash kerakki, o‘z davrida Kerrollning obro‘si toza emas edi, ammo “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” kitobining muallifi tomonidan qilingan vahshiyona qotilliklarga ishonish qiyin.

Jek – brend

Dahshatli va qonli afsonalar har doim odamlarning e’tiborini jalb qilib kelgan va agar talab mavjud bo‘lsa, taklif ham, albatta, topiladi. Uaytchepel qotili haqida ko‘plab kitoblar va qo‘shiqlar yozilgan, o‘nlab filmlar suratga olingan va hatto bir nechta kompyuter o‘yinlari ham mavjud. Ammo Sherlok Xolms obrazidan foydalanib keladigan yozuvchi Maykl Dibdin hammasidan o‘tib tushdi. U Chavaqlovchi Jekni Xolms fosh qilgani to‘g‘risidagi asarini e’lon qildi: Jek esa kutganingizday professor Moriarti bo‘lib chiqdi. Juda jo‘n va ensa qotar darajadagi sujet.

Har kuni Londonda Jek o‘z vahshiyliklarini amalga oshirgan joylarga sayohatlar uyushtiriladi. Ikki soatlik ekskursiya 10 funt sterlingga tushadi. Yaqinda poytaxtda Chavaqlovchi Jek muzeyi ochildi, ammo bu feministik harakat faollari orasida katta noroziliklarni keltirib chiqardi.

Xulosa

Ko‘rib turganingizdek, Chavaqlovchi Jek bu yarim afsona va yarim haqiqatlarga yo‘g‘rilgan personajdir. Uning shaxsi bundan qariyb 130 yil oldin aniqlanmagani yillar o‘tgani sari boshlang‘ich voqealardan bizni uzoqlashtiraveradi, qayerda afsona qayerda haqiqat aniqlashni iloji bo‘lmay qoladi. Ammo yaqin tarixda yana bir qotil yashab o‘tganki, uning shaxsi ham, qilmishlari ham aniq edi... Ammo bu endi umuman boshqa hikoya.

Nurbek Alimov tayyorladi.