5-avgust kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zining yangi kitobini yozib tugatdi. Bu haqda “Turkmenistan Segodnya” davlat axborot agentligi xabar tarqatgan.

Foto: “Turkmenistan Segodnya” axborot agentligi

Yangi asar “Turkmanlarning ma’naviy olami” deb nomlanadi va kitob milliy an’analarga bag‘ishlangan.

Agentlik xabarida yozilishicha, 12 bobdan iborat kitobda Berdimuhamedov “hayot go‘zalligi, yer yuzidagi farovonlik, abadiy hayot, ilm-fan va ta’limning jamiyat rivojidagi ahamiyati, sog‘lom hayot tarzini yuritishning asoslari, mehnatsevarlik, mehmondo‘stlik, do‘stlik va og‘a-inilik munosabatlari, axloqiy me’yor va birliklar” haqida hikoya qilgan.

“Bundan tashqari, kitobda milliy maqollar, iboralar, xalq hikmatlariga alohida o‘rin berilgan va bu asarni yanada boyitgan”, – deyiladi davlat agentligining xabarida.

“Xronika Turkmenistana” nashrining qayd etishicha, Berdimuhamedov avval turkman xalq maqollariga qiziqib qolgani haqida gapirgan. 2020-yil yanvar oyida u OAV va madaniyat masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Bahorgul Abdiyevaga (allaqchon boshqa ishga o‘tkazilgan) hikmatlar, maqollar va mamlakat boyligi hisoblanuvchi muomaladan chiqib borayotgan qimmatli so‘z birikmalarini to‘plash hamda tizimga solish yuzasidan topshiriq bergandi.

Iyun oyida Turkmaniston prezidenti agronomlar bilan uchrashgan va ularga suv haqidagi maqollarni aytgandi.

To‘rt kun avval 3-avgust kuni Gurbanguli Berdimuhamedovning barcha, 63 ta asardan iborat 11 tomlik jamlanma nashrdan chiqqan va onlayn tarzda ham taqdim etilgan. Berdimuhamedov yiliga o‘rta hisobda 4 tadan kitob yozadi.