00:15, 08.08.2020 // 139548

O‘zbekistonda 7-avgust kuni 690 kishida koronavirus aniqlandi. Yangi kasallanish holatlari kamaydi

O‘zbekistonda 6-avgust soat 23:30 dan 7-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 690 ta holat qayd etildi. 31-iyuldan 6-avgustgacha har kuni kunlik kasallanish holati 700 tadan yuqori bo‘layotgandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 29225 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 183, “Daryo” hisobi bo‘yicha 191 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 690 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 469 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 178 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 22 nafar;
  • Andijon viloyatida — 13 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 8 nafar.

Kun davomida faqat 5 hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi. 12-iyuldan so‘ng kasallik aniqlangan hududlar soni bir kunda 5 tadan ko‘p bo‘layotgandi.

Toshkent shahrida 469 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyi boshidan beri poytaxtda 5 marta kunlik kasallanish holati 400 dan yuqori bo‘ldi. Eng kam kasallik aniqlangan kunda ham 325 kishida koronavirus qayd etildi. 7 kun ichida Toshkent shahrida 3019 kishida koronavirus aniqlandi va bu raqamga karantin zonasida aniqlangan holatlar kirmaydi. Solishtirish uchun, O‘zbekistonda ilk koronavirus holati aniqlangan 15-martdan Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Sirdaryo viloyati va karantin zonasida aniqlangan kasallik holatlari 3000 taga yetishi uchun 3 oy kerak bo‘lgandi.

Toshkent viloyatida 178 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 7 kuni ichida Toshkent viloyatida 1207 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent viloyatida oxirgi 7 kun ichida aniqlangan holatlar hech bir viloyatda epidemiya mavsumi boshlangandan beri qayd etilmagan.

Xorazm viloyatida 22 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 26-iyunda ham 22 kishida koronavirus qayd etilgan, shungan so‘ng kunlik kasallanishlar soni bunchaga yetmayotgandi. Yangi holatlardan so‘ng Xorazmda kasallanganlar soni 421 nafarga yetdi. Xorazm koronavirusga chalinganlar soni 400 nafardan oshgan 11-hudud bo‘ldi.

Andijon viloyatida 13 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda so‘nggi 22 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1081 nafarga yetgan. Bu vodiyning qolgan ikki viloyati — Namangan (768 ta holat) va Farg‘ona (300) viloyatlaridagi umumiy kasallanganlar sonidan (1068) ham ko‘p deganidir.

Qoralpog‘iston Respublikasida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada avgust oyining 5 kunida jami 32 kishida kasallik qayd etildi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi kun davomida Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 2 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. 1-avgustdan buyon SSV har kuni koronavirusga chalingan 6 nafardan odam vafot etayotgani haqida axborot bermoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 39 yoshli B.S. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 68 yoshli L.K. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashagan 69 yoshli S.B. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 71 yoshli N.I. ismli ayol vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 68 yoshli S.M. ismli ayol vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashagan 54 yoshli B.Sh. ismli erkak vafot etgan. Toshkent viloyatida 3-avgustdan beri har kuni o‘lim holatlari kuzatilmoqda va bu orada SSV 7 kishining vafoti haqida xabar berdi. SSV statistikasi bo‘yicha viloyatda vafot etganlar soni 18 nafarga yetdi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 183 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 191 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 8 662 nafar bemordan 786 nafari og‘ir, 275 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda6-avgust kuni ahvoli og‘ir bemorlar 728 , ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 218 nafarni tashkil etayotgandi. Bir kun ichida ularning umumiy soni 116 nafarga (12 foizga) ko‘paydi.

Kasallikdan davolanish

7-avgust kuni 793 kishi koronavirusdan sog‘aydi. Oxirgi 9 kun ichida 8-marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi kasallanganlar sonidan o‘tib ketmoqda. Tuzalganlarning

  • 491 nafari Toshkent shahrida;
  • 169 nafari Toshkent viloyatida;
  • 40 nafari Buxoro viloyatida;
  • 34 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 20 nafari Andijon viloyatida;
  • 19 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 12 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 8 nafari Xorazm viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni 20 000 nafardan oshdi. 15 kun ichida koronavirusdan tuzalganlar 10 mingdan 20 mingga yetdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 29 225 nafar bemordan 20 380 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 69 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 22-iyun kuni davolanish ko‘rsatkichi 69 foiz bo‘lgandi. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkich faqat pastlab, 21-23-iyul kunlari 53 foizgacha tushib ketgandi.

SSV ma’lumotlari bo‘yicha hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6660 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 19, Navoiyda 37, Qoraqalpog‘istonda 56, Andijonda 67, Xorazmda 58, Sirdaryoda 68, Qashqadaryoda 90, Buxoroda 94, Namanganda 109, Surxondaryoda 130, Samarqandda 144 va Toshkent viloyatida 1117 nafar bemor qoldi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv