O‘zbekistonda 7-avgust soat 23:30 dan 8-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 693 ta holat qayd etildi. Ketma-ket ikkinchi kun koronavirusga chalinish holati 700 taga yetmayapti, bir kun oldin 690 kishida kasallik qayd etilgandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 29918 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 188, “Daryo” hisobi bo‘yicha 196 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 693 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 365 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 165 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 62 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 56 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 22 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 12 nafar;
  • Namangan viloyatida — 5 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 2 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda yangi kasallanish holatlari kuzatildi. 3-avgustdan so‘ng bir kunda kasallik aniqlanayotgan hududlar soni 8 tadan oshmagandi.

Toshkent shahrida 365 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining ortda qolgan 8 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) ham 325 kishida COVID-19 qayd etildi. 5 marta kunlik kasallanish holatlari 400 dan yuqori bo‘ldi. 8 kun ichida Toshkent shahrida 3384 kishida koronavirus aniqlandi va bu raqamga karantin zonasida aniqlangan holatlar kirmaydi. O‘zbekistondagi barcha bemorlarning 60 foizi poytaxtga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 165 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 8 kuni ichida Toshkent viloyatida 1372 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatdagi barcha kasallanish holatlari (4098 ta)ning 1/3 qismi avgust oyiga to‘g‘ri keldi. Toshkent viloyati koronavirusga chalinganlar soni 4000 nafardan oshgan Toshkent shahridan keyingi ikkinchi hudud bo‘ldi.

Samarqand viloyatida 62 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyining faqat 5 kunida Samarqandda yangi holatlar aniqlandi, ammo bu kunlarda jami 325 kishida COVID-19 aniqlandi. Bu Farg‘onada butun epidemiya mavsumida qayd etilgan holatlar (300 ta)dan ham ko‘pdir. Hozirda Samarqand 1263 ta holat bilan Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda.

Buxoro viloyatida 56 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda may, iyun va iyul oylarida ham bir kunda buncha ko‘p odamda kasallik aniqlanmayotgan edi. Buxoroda kasallanganlarning umumiy soni 971 nafarga yetdi. Viloyatda koronavirus yuqtirib olganlar orasida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov ham bor, unda 25-iyul kuni koronavirus aniqlangan, hozirda u Toshkentda davolanmoqda. Bir necha kun oldin hokim vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 7-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot brifingida hokim o‘rinbosari Farhod Umarov ushbu gap-so‘zlarni rad etib, Karim Kamolov tez kunlarda ishga qaytishini ma’lum qildi. Buxoroda avgust oyining 8 kuni ichida 143 kishida koronavirus aniqlandi, bu Jizzax viloyatida qayd etilgan barcha holatlardan ham ko‘pdir. Buxoro viloyatida 10-avgustdan boshlab karantin choralari yumshatiladi. Viloyatda oshxona, mehmonxona, buyum bozorlari, sartaroshxona, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Qashqadaryo viloyatida 22 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 12 kun ichida faqat 7-avgust kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmadi. Qashqadaryoda 3-avgustdan karantin cheklovlari yengillashtirilishni boshlagan. Qarshi shahri barcha avtomobillar uchun ochilib, shaharga belgilangan vaqtda kirib-chiqishga ruxsat etilgan. Qarshi shahridagi sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari shahar maxsus komissiyasi ruxsati bilan 4-avgustdan yana o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, nooziq-ovqat do‘konlari, kiyim-kechak sotuvchi do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi maskanlar faoliyatiga ham ruxsat etilgan. Kitob tumanida 4-avgustdan boshlab “Qalandartepa” buyum bozori, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklandi.

Sirdaryo viloyatida 12 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyida viloyatda 99 kishida kasallik aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining taxminan 15 foiziga teng.

Namangan viloyatida 5 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 3-avgustdan beri yangi holatlar aniqlanmayotgandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida kasallik qayd etildi. Respublikada avgust oyining 6 kunida yangi holatlar aniqlandi, bu kunlarda faqat 3-avgust kuni 13 kishida COVID-19 qayd etilgan, qolgan kunlarda 10 taga ham yetmagan.

Navoiy viloyatida 2 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda oy boshidan beri 36 kishida COVID-19 aniqlanib, kasallanganlarning umumiy soni 467 nafarga yetdi. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham bor. U 12 kundan beri Toshkentda davolanmoqda.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. 1-avgustdan 7-avgustgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi har kuni 6 nafardan bemor vafot etayotgani haqida xabar berayotgandi. Avgust oyida birinchi marta kunlik o‘lim holatlari 5 taga tushdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli M.X. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 84 yoshli T.X. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 53 yoshli D.T. ismli ayol vafot etgan. Toshkent viloyatida 3-avgustdan beri har kuni o‘lim holatlari kuzatilmoqda va bu orada SSV 8 kishining vafoti haqida xabar berdi. SSV statistikasi bo‘yicha viloyatda vafot etganlar soni 19 nafarga yetdi.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 64 yoshli A.Z. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 70 yoshli A.A. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 188 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 196 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 8 414 nafar bemordan 974 nafari og‘ir, 274 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda7-avgust kuni ahvoli og‘ir bemorlar 786, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 275 nafarni tashkil etayotgandi. Bir kun ichida ularning umumiy soni 197 nafarga (19 foizga) ko‘paydi. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlar soni birinchi marta 1200 dan oshib, 1248 nafarga yetdi.

Kasallikdan davolanish

8-avgust kuni 936 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Sog‘ayganlarning

  • 498 nafari Toshkent shahrida,
  • 215 nafari Toshkent viloyatida,
  • 70 nafari Buxoro viloyatida,
  • 44 nafari Namangan viloyatida,
  • 30 nafari Surxondaryo viloyatida,
  • 24 nafari Qashqadaryo viloyatida,
  • 21 nafari Samarqand viloyatida,
  • 14 nafari Sirdaryo viloyatida,
  • 11 nafari Farg‘ona viloyatida,
  • 5 nafari Xorazm viloyatida,
  • 4 nafari Navoiy viloyatida tuzaldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 29 918 nafar bemordan 21 316 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 71 foizni tashkil etmoqda. 19-iyundan beri birinchi marta davolanish ko‘rsatkichi 70 foizdan oshdi. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkich faqat pastlab, 21-23-iyul kunlari 53 foizgacha tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 8414 nafar bemor davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 22-iyul kundagi bemorlar soniga (o‘sha kuni 8409 nafar bemor davolanayotgandi) deyarli tenglashdi.

Toshkent viloyatida koronavirusdan tuzalganlar soni 3000 nafardan oshdi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6523 nafar. Farg‘onada 8, Jizzaxda 13, Navoiyda 35, Xorazmda 53, Qoraqalpog‘istonda 60, Sirdaryoda 66, Andijonda 67, Namanganda 70, Buxoroda 80, Qashqadaryoda 88, Surxondaryoda 100, Samarqandda 185 va Toshkent viloyatida 1066 nafar bemor qoldi.