Avgust oyining navbatdagi haftasi ham jahon siyosiy maydonida qizg‘in bahslarga boy o‘tmoqda. Jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi tahlillarini havola etamiz.

Koronavirusga qarshi emlashni hozirdan boshlash kerakmi?

Sir emaski, bugun butun dunyo aholisi 1918-yildan beri kuzatilmagan ulkan hajmdagi virus yuqish xavfi ostida yashamoqda. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 18 306 842 nafar shaxsda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, koronavirusdan vafot etganlar soni 694 406 nafarni tashkil qilmoqda. Shunday bir vaziyatda ko‘p mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlash jarayoni ko‘ngilli aholi orasida olib borilmoqda va vaksina yaratish so‘nggi – uchinchi bosqish darajasiga kirgan paytda aholini emlash ishlarini boshlash uchun vaqt kelmadimikan, deb yozadi The Forbes nashri.

Foto: Google Photos

Koronavirusga qarshi vaksina tayyorlash jarayoni hozirda ancha tezlashdi. Bu esa barcha uchun yaxshi yangilik. AQSh va Yevropada klinik tadqiqotlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ikkita vaksina natijalari ham deyarli tayyor. Klinik tadqiqotlar davomida minglab insonlar koronavirusga qarshi emlanganda qanday natija berishini kutish qoldi. Agarda vaksina natija beradigan bo‘lsa, tibbiyot xodimlari vaksinalarni dunyo miqyosida ishlab chiqarishga start beradi.

Moderna va Astra Zeneka farm kompaniyalari ishlab chiqqan vaksinalar allaqachon klinik tadqiqotlar koronavirus infeksiyasiga chalingan insonlarda ijobiy natija berayotgani o‘z tasdig‘ini topmoqda. Shu sababdan mazkur kompaniyalar o‘z vaksinalarini 30 ming odamda sinab ko‘rmoqda va ijobiy natijaga erishmoqda. The New York Times nashrining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo miqyosida yana uch vaksina klinik tadqiqotlardan muvaffaqiyatli o‘ta boshlagan. Ulardan biri nemis-amerika hamkorligida “Bayontek” (BioNTech) dori ishlab chiqarish kompaniyasida, qolgan ikkitasi esa Xitoyning “Sinofarm” (Sinophram) va “Sinova Bayotek” (Sinova BioTeck) kompaniyalarida ishlab chiqilmoqda.

Shunday ekan, mazkur em dorilarni nega aholi orasida qo‘llab bo‘lish va bo‘lmasligining ijobiy va salbiy oqibatlari haqida fikr yuritamiz, deb yozadi The Forbes nashri. Koronavirusga qarshi klinik tadqiqotlar uchinchi bosqichga o‘tdi degani olimlar muvaffaqiyatga erishdi degani ham emas. Hali vaksinalarning turli yosh va kasalliklarga ega bo‘lgan bemorlarda nojo‘ya ta’sirlari qanday kechadi – o‘rganilishi vaqt talab qiladi. Nojo‘ya ta’sirlar aniqlanganda vaksina ustidagi klinik tadqiqotlar to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Hindiston vaksinalar instituti direktori milliarder Adar Punavala hozirda Oksford universiteti olimlari bilan hamkorlikda katta tavakkalga qo‘l urib, yuz million dona vaksina ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Milliarder nazarida vaksinaning samarali bo‘lishiga ishonchi katta. Biroq AQSh va Yevropadagi farm kompaniyalar Adar Punavala tutgan yo‘ldan bormoqchi emas. Chunki buning bir nechta sabablari bor.

Foto: Google Photos

Avvalo, yuz millionlab vaksina ishlab chiqarish bilan bog‘liq pul masalasi. Agarda ishlab chiqarilgan vaksina samarasiz deb topiladigan bo‘lsa, u holda katta miqdordagi pul havoga uchdi degani. Shunga qaramasdan ayrim davlatlar farm kompaniyalarga katta miqdorda mablag‘ ajratmoqda. Misol uchun, AQSh hukumati “Novavaks” kompaniyasiga 1,6 milliard dollar ajratdi. Maqsad vaksinaning so‘nggi klinik tadqiqotlarini amalga oshirish va vaksina tayyor bo‘lganda birinchi bo‘lib sotib olishga imkoniyatiga ega bo‘lish. Hozirda AQSh hukumati vaksina ishlab chiqarilishiga uch trillion dollardan ko‘proq mablag‘ sarflab qo‘ydi.

Ikkinchidan, ehtiyotkorlik. Odatda, vaksinani sinab ko‘rish va uni qo‘llashga ruxsat olish uch bosqichdan iborat. Sinovlarning birinchi va ikkinchi bosqichida farm kompaniyalar vaksinaning xavfsizligini va qanday miqdorda berilgan vaksina eng yaxshi ta’sir qilishini o‘rganadi. Ko‘p holatlarda bu bosqichlarda vaksina yaxshi ta’sir natijaariga ega bo‘ladi, sababi vaksinani sinab ko‘radiganlar ozchilikni tashkil qiladi. Uchinchi bosqichda esa ko‘proq odamlarda vaksina sinab ko‘rilishi jarayoni boshlanadi. Keyin esa yana uzoq oylarga cho‘ziladigan kutish jarayoni boshlanadi. Tibbiyot xodimlari vaksina kasallangan minglab odamlarga qanday yordam bermoqda, tekshirilishi ham kerak.

Hozirda insoniyat 1918-yildan beri kuzatilmagan global pandemiya sharoitida yashamoqda. Har daqiqada minglab odamlar koronavirusdan vafot etmoqda. Shu sababli vaksinani ishlab chiqarish jarayoniga start berilishi va vaksinalar bepul tarqatilishi lozim, deb yozadi The Forbes nashri.

Ayollar triumvirati diktatorga bas kela oladimi?

Yana ikki kundan so‘ng, 9-avgust sanasida Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Aleksandr Lukashenko esa qanday qilib bo‘lmasin prezidentlik kursisini saqlab qolishga urinmoqda, deb yozadi The Project Syndicate nashri.

Cho‘kayotgan odam jonini saqlab qolish uchun cho‘pga ham yopishadi. Belarus maxsus xizmatlari hozirda saylovlarga hech qancha vaqt qolganiga qaramasdan “qama-qama” jarayonlarini boshlab yubordi. Shu kunlarda “Belgazprom” tergov ishi yuzasidan Ilya Shapotkoskiyni qamoqqa oldi. Mamlakatda yuzaga kelgan bugungi siyosiy vaziyat esa hali ko‘pchilik panjaraga ortiga tashlanishi mumkinligi haqidagi tasavvurlarni uyg‘otadi….. Basharti Lukashenko prezidentlik kursisida qoladigan bo‘lsa…

Foto: Google Photos

Aleksandr Lukashenko 1994-yildan beri Belarusni boshqarib kelayotgan yakka hokim. Ko‘p chiqishlarida ayollar haqida ajoyib iqtiboslar qilishi bilan ham tanilgan. Bugun esa go‘zal jins vakillaridan iborat uchlik Lukashenkoga qarshi kurash olib bormoqda. Ko‘p ehtimol bilan aytish kerakki, Lukashenko go‘zal ayollar nimaga qodir ekanliklarini hisobga olmagan ko‘rinadi.

1994-yildan beri belaruslar besh marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etdi. 9-avgust sanasidagisi esa oltinchisi. Har safar belaruslar mamlakatda o‘zgarish bo‘lar, hayotimiz yaxshilanar degan umid bilan Lukashenkoga ovoz beradi. Biroq har safar belaruslarning umidlari sarob bo‘ladi, yana eski tos, eski hammom.

Vloger Sergey Tixanovskiy bu safargi saylov oldidan muxolifat uchun kutilmagan tashabbus boshladi. U Belarusning eng qashshoq tumanlaridagi aholi bilan uchrashdi va “Suvarakni to‘xtating” aksiyasini boshlab yubordi. O‘z harakatining ramziy belgisi sifatida shippakni tanladi. Shippaklar yordamida suvarakni o‘ldirish esa muammo emas. Mamlakatda siyosiy namoyishlar o‘tkazilishi taqiqlanishiga  qaramasdan minglab odamlar amaldagi prezidentdan noroziligini ifodalash uchun ko‘chalarga chiqdi.

Lukashenko esa mazaxlarga toqati yo‘q. Bir kishining ovozi o‘chirilsa, xalq tinchlanib qoladi dedi-yu, Sergey Taxanovskiyni qamoqqa olishni buyurdi. Aynan shunda vlogerning turmush o‘rtog‘i, oddiy uy bekasi va ingliz tili fani o‘qituvchisi  Svetlana Tixanovskaya siyosat maydoniga chiqib keldi. U Lukashenkoga muxolif sifatida prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun kerak bo‘lgan 100 ming ovozni to‘play oldi va 14-iyul sanasida prezidentlikka rasmiy nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Svetlana Tixanovskaya.

Foto: Google Photos

Lukashenko Tixanovxkayaga nomzod bo‘lishga ruxsat berib uncha katta tavakkalga qo‘l urmayotganiga ishongandi. Lukashenko ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiya yuklayotgan majburiyatlar hattoki erkak kishiga ham og‘irlik qiladi. Agar bu yukni ayol kishi zimmasiga oladigan bo‘lsa, uni, bechorani bosib qoladi”, deya fikr bildirgandi.

Lukashenkoga siyosiy raqib sifatida chiqqan belarus isteblishmenti vakillari sobiq banker Viktor Babariko va sobiq elchi Valeriy Sepkalo ham saylovlarda pichoqqa ilinadigan nomzod bo‘la olmadi. Belaruslar Babariko nomzodi ko‘rsatilishi uchun soatlab navbatda turgan bo‘lsa-da, Babarikoning moliyaviy maxinatsiyalar tufayli qamoqqa olinishi, keyinroq esa Sepkaloning ovoz yig‘ish jarayonida soxtaliklarga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi-yu, Lukashenkoga raqiblikdan chiqib ketdi. Ular uchun prezidentlik o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Lukashenko saylovlarda g‘alabasini ta’minlagandek bo‘ldi.

Kutilmaganda 16-iyul sanasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Babariko va Sepkalo saylov shtabi o‘z ovozlarini Tixanovskaya saylov shtabiga berishini ma’lum qildi. Uch shtab qo‘shilishi esa ayollar triumviratini hosil qildi. So‘nggi davrlarda Belarusda bunday katta voqea kuzatilmagani mamlakat uchun ahamiyatli voqea sifatida ko‘rila boshlandi. Ular saylov uchun “Sevganimiz uchun ham g‘alaba qozonamiz” shiorini tanlab olishdi. Yuz minglab belaruslar ular ortidan ergashmoqda.

Svetlana Tixananovskaya, Mariya Kolesnikova va Veronika Sepkalo “uchlik” hozirda hukumatning bosimlariga uchramoqda. Ularning turmush o‘rtoqlari qamoqda, farzandlari har daqiqada olib qo‘yilishi va davlat qaramog‘iga olinishi mumkin. Aynan shu bosimlar yukini kamaytirish uchun Svetlana Tixanovskaya o‘z farzandlarini xorijga olib chiqib yashirib qo‘yishga ham majbur bo‘ldi.

Triumvirat Lukashenkoni dahshatga solib, saylovoldi kampaniyasida qonuniy va mutlaqo kreativ siyosiy tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ayollar hattoki saylovlar buzilishini qayd etadigan xakaton raqamli uskunalaridan ham foydalanishni o‘ylab topdi. Raqamli texnologiyalar muvaffaqiyatni belgilab beradigan omil bo‘ldi. Ayollar saylovchilardan ovoz berish jarayonida qo‘llariga oq rangli elektron bilak uzuk taqib olishlarini so‘ramoqda. Bu esa ovozlarning to‘g‘ri hisoblanishida juda muhim.

Foto: Google Photos

Svetlana Tixanovskaya bugun mamlakatning bosh qahramoniga aylangan. Belarusdagi siyosiy nosog‘lom vaziyat oddiy uy bekasi bo‘lgan ayolni siyosiy muxolifatchi darajasiga yetishida muhim vazifani bajardi. Uning Lukashenko uchun jiddiy raqib bo‘lishini prezidentning o‘zi ham kutmagan bo‘lsa, ehtimol.

Markaziy Osiyoning chegara muammolari Xitoyga qanday imkon beradi?

Yaqinda Xitoy matbuotida Xitoyning Tojikistinning Pomir hududlariga nisbatan da’vosi rasmiy Dushanbeda og‘riqli dardni qo‘zg‘atdi. Aftidan bu bilan rasmiy Pekin Markziy Osiyo davlatlariga kuch va tilyog‘lamalik bilan ta’sir o‘tkazishga urinayotgandek tasavvurlarni yuzaga keltiradi deb yozadi, “The Euroasia.net” sayti.

16-iyul sanasida Markaziy Osiyo rahbarlari onlayn tarzda muloqot o‘tkazdi va bu muloqot chog‘ida Markziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari xitoylik hamkasbini ham muloqot jarayonida ishtirok etishlariga imkon berdi. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o‘z nutqi dvomida Markaziy Osiyo Xitoy uchun muhim hamkor ekanini ta’kidlar ekan, Markaziy Osiyo davlati rahbarlariga Xitoyni Gonkong va Shinjondagi siyosiy masalalardagi pozisiyasini olqishlashga ham vaqt topdi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri AQSh va Xitoy o‘rtasida 2018-yilda boshlangan savdo urushlari haqida gapirar ekan, bugungi dunyo keskin tub burilishlarni boshidan kechirayotgani haqida ham nutq irod qildi va mintaqaga pandemiya sharoitida savdo va xavfsizlik borasida o‘z yordamini ham taklif qildi. Xavfsizlik masalasi esa Markaziy Osiyoning to‘liq yoki qisman noliberal bo‘lgan davlat rahbarlarini sergak torttirdi. Bu onlayn muloqotning Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi chegaraviy nizolardan ko‘p vaqt o‘tmasdan tashkil qilinishi ham diqqatga molik. Mazkur nizodan keyin Xitoy tarafi Butanning ayrim hududlariga da’vogarlik qila boshladi. Va shu orada Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan Xitoy o‘rtasidagi chegaralar haqida o‘z qo‘shnilari bilan do‘stona hamkorlikda ekanini ham qistirib o‘tdi.

Biroq onlayn muloqotdan hech qancha vaqt o‘tmay, Xitoy matbuotida Tojikistonning Pomir hududi tarixan Xitoyga tegishli ekani haqida maqola chop etildi. Garchi maqola xitoylik millatchi tarafidan yozilgan rasmiy Pekinning pozitsiyasini belgilab beradigan omil bo‘lmasa-da, rasmiy Dushanbe bu maqoladan ancha tashvishga tushdi.

Foto: Google Photos

Biroq SSSR parchalangan, Markaziy Osiyo mustaqillikka erishgan davrdan boshlab mintaqa davlatlari Xitoy tarafidan bo‘ladigan xavflarni his qilib keladi. 2011-yilda rasmiy Dushanbe hattoki Xitoy oldidagi qarzlarini to‘lay olmagani hisobiga Pomirdagi ming kvadrat kilometr hududini Xitoyga bergani haqidagi ma’lumotlar ham mavjud. Oradan besh yil o‘tib Tojikiston hukumati Xitoyga Pomirda harbiy baza ochishga ruxsat beradi. Tojikiston tashqi qarzlarining yarmidan ko‘pi esa Xitoyga tegishli.

22-iyul sanasida Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nozir Xusrav Xitoy elchisi Lyu Bin bilan bog‘lanib, Xitoy matbuotida e’lon qilingan maqola senzuraga olinishi haqida so‘radi. Maqola esa olib tashlandi. Vazirlar ushrashuvi chog‘ida el boshi Nazarboyev Xitoyga “Qozog‘istonda noma’lum virus tarqalgani borasida” ma’lumotlar yuzasidan e’tiroz bildirdi. Biroq Xitoy rasmiysi aslida ham koronavirus Markaziy Osiyoda xavfli tus olgani haqiqat ekani, bu ma’lumotlarni yashirmasdan e’lon qilish kerakligini ma’lum qilib, el boshini hovuridan tushiradi.

Bugunda Markaziy Osiyo shamol tegirmonlari yordamida qayta ishlanadigan energiya sanoatiga katta urg‘u bermoqda. Qozog‘istonning Jambil viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan xitoyliklar sarmoyasiga qurilgan shamol elektro stansiyasi qurib bitkazildi. Xitoy bosh sarmoyachi bo‘lgan Osiyo banki mutaxassislari fikricha, mazkur loyiha Qozog‘istonga yiliga 110 ming to‘nna ko‘mirni tejab qolishga imkon beradi.

26-iyul sanasida Shahrixondagi GESni ta’mirlashga Xitoy tarafi 63 million dollar miqdorida yordam ko‘rsatgan. Avvalroq esa 14 kunlik karantindan so‘ng xitoylik mutaxassislar Navoiydagi PVX ishlab chiqarish zavodidagi jarayonni kuzatish uchun yo‘l olgan. O‘tgan yili qurib bitkazilgan zavod O‘zbekistonga 430 million dollarga tushgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston gazini eng yirik xaridori ham hozirda Xitoy sanaladi. “Sinxua” axborot nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2020-yilning birinchi choragida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 19 milliard kubometr gaz xarid qilgan. Raqamlar 2019-yilga solishtirgan 17 foizga kamdir.

Foto: Google Photos

Xitoy Markziy Osiyodan gaz xarid qilishni kamaytirgan bo‘lsa-da, yangi gaz konlarini aniqlashda va ishlab chiqarishda yordam berib kelmoqda. Xitoy hukumati, shuningdek, O‘zbekistondagi avtomobilsozlik va insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda ham sezilarli darajada oldinda. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida insonparvarlik yordamini olishda birinchi o‘rinda Tojikiston, keyin O‘zbekiston va Rossiya yetakchilar qatoridan joy olgan. Bunday ma’lumotlar esa barchani diqqatini tortiradigan holat. Xitoy Markaziy Osiyoni o‘zining “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasiga faolroq jalb qilish va kerak bo‘lsa, Markaziy Osiyoga “qamchi va shirinlik” siyosatini ko‘rsatib qo‘yishga tayyor.

Jahongir Ergashev tayyorladi.