O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi iqtisodiyot fanlari doktori, professor, “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Chingizovich Jalolovning 4-avgust kuni koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganini xabar qildi. U Toshkent shahrida olamdan o‘tgan.

Sanjar Jalolov

Foto: O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi

Xabarga ko‘ra Sanjar Jalolov 2018-yilda O‘zbekistonga qaytgan va “Buyuk kelajak” kengashi ekspertlari tarkibiga kirgan.

Sanjar Jalolov Torontoda THETA Collaborative’da tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha konsultant sifatida ishlagani bois O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi ushbu yo‘nalishni baholashni taklif qilgan. Sog‘liqni saqlash texnologiyalarini baholash mamlakatga qaysi dori vositalari haqiqatda kerakligi va ularning real narxini chiqarish imkonini beradi.

“U o‘z g‘oyalari va xulosalarini rasmiy taqdimotlari va ommaviy axborot vositalaridagi maqolalarida aks ettirgan. U nima haqida gapirayotganini bilardi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini ta’minlash eng yaxshi xalqaro tajribaning joriy etilishiga ishonardi”, — deyiladi xabarda.

Professor Sanjar Jalolov Toshkent farmatsevtika instituti hamda xalqaro Vestminster universitetida ma’ruzachi sifatida dars bergan. Universitetda Jalolov tashabbusi bilan jamoatchilik sog‘liqni saqlash fakulteti tashkil qilinayotgandi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot fanlari doktori Sanjar Jalolov menejer sifatida turli xalqaro loyihalarda ishtirok etgan va nafaqat sog‘liqni saqlash tizimidagi iqtisodiy masalalar qishloq xo‘jaligi hamda davlat va jamiyat institutlarining rivojlanishi yuzasidan ham takliflar bergan. Sanjar Jalolov 58 yoshda bo‘lgan.

Sanjar Jalolov “Daryo” hisobi bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan 201-qurbon. Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, koronavirus qurbonlari 192 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Sanjar Jalolov ham 4-avgust kuni koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu to‘qqizta holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar orasida ilk o‘lim holati 27-mart kuni qayd etilgandi. Oradan 117 kun o‘tib — 22-iyulda qurbonlar soni 100 nafarga yetgandi. Qurbonlar soni yana 100 nafarga ko‘payishi uchun 18 kun yetarli bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ahvoli og‘ir bemorlar soni birinchi marta 1248 nafarni tashkil etmoqda, ulardan 274 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.