O‘zbekistonda 8-avgust soat 23:30 dan 9-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 691 ta holat qayd etildi. Ketma-ket uchinchi kun kunlik kasallanish holati 700 ga yetmayapti. Bu kunlardan 690 dan 693 nafargacha yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 30609 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 194, “Daryo” hisobi bo‘yicha 203 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 691 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 509 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 160 nafar;
  • Andijon viloyatida — 11 nafar;
  • Namangan viloyatida — 7 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar.

Kun davomida faqat 5 hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi.

Toshkent shahrida 509 kishida koronavirus aniqlandi. Poytaxtda ilk marta kunlik kasallanish holatlari soni 500 dan oshdi va 5-avgustdagi antirekord (499 ta holat) yangilandi. Avgust oyining ortda qolgan 9 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) ham 325 kishida COVID-19 qayd etildi. 1—9-avgust oralig‘ida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 3893 ta yangi holat aniqlandi.

Toshkent viloyatida 160 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 9 kuni ichida Toshkent viloyatida 1532 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent viloyatida avgust oyida aniqlangan holatlar hech bir viloyatda epidemiya mavsumi boshlangandan beri qayd etilmagan.

Andijon viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda so‘nggi 15 kun ichida faqat 8-avgust kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1092 nafarga yetgan. Bu vodiyning qolgan ikki viloyati — Namangan (780 ta holat) va Farg‘ona (300) viloyatlaridagi umumiy kasallanganlar sonidan (1080) ham ko‘p deganidir.

Namangan viloyatida 7 kishida COVID-19 qayd etildi. Kun davomida aniqlangan holatlarning 1 foizi Namanganga to‘g‘ri keldi. Viloyatda kun davomida ham 7 kishi koronavirusdan sog‘aygan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Bir kun oldin ham ushbu hududda 4 ta holat qayd etilgandi. Respublikada avgust oyining 7 kunida yangi holatlar aniqlandi, bu kunlarda faqat 3-avgust kuni 13 kishida COVID-19 qayd etilgan, qolgan kunlarda 10 taga ham yetmagan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 3 nafar, Qashqadaryo, Toshkent va Navoiy viloyatlarida 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Shuningdek, “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov ham koronavirus qurboni bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 84 yoshli Q.Ya. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 62 yoshli S.T. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashagan 61 yoshli B.R. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 67 yoshli Q.K. ismli erkak vafot etgan. Qashqadaryo viloyatida koronavirus asoratlaridan vafot etganlar 8 nafarga yetdi. O‘limlar soni bo‘yicha Qashqadaryo Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng 3-o‘ringa chiqib oldi.

Beshinchi o‘lim. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor, “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan. Uning o‘limi haqida O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi xabar berdi. Sanjar Jalolov 4-avgust kuni Toshkent shahrida olamdan o‘tgan.

Sanjar Jalolov

Foto: O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi

Sanjar Jalolov vafotidan beri 5 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqda axborot bermagan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 70 yoshli Q.R. ismli ayol vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 60 yoshli U.B. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 194 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 203 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etganini xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 8373 nafar bemordan 1378 nafari og‘ir, 386 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 1764 nafarga yetdi.

Kasallikdan davolanish

9-avgust kuni O‘zbekistonda 726 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Tuzalganlarning

  • 436 nafari Toshkent shahrida;
  • 214 nafari Toshkent viloyatida;
  • 31 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 15 nafari Andijon viloyatida;
  • 15 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 7 nafari Namangan viloyatida;
  • 5 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 3 nafari Navoiy viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 30 609 nafar bemordan 22 042 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 72 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 19-iyun kuni davolanish ko‘rsatkichi 72 foiz bo‘lgandi. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkich faqat pastlab, 21-23-iyul kunlari 53 foizgacha tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 8373 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 22-iyul kundagi bemorlar sonidan (o‘sha kuni 8409 nafar bemor davolanayotgandi) ham kamaydi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6593 nafar. Farg‘onada 8, Jizzaxda 13, Navoiyda 31, Xorazmda 53, Qashqadaryoda 56, Qoraqalpog‘istonda 59, Andijonda 63, Sirdaryoda 66, Namanganda 70, Buxoroda 80, Surxondaryoda 85, Samarqandda 185 va Toshkent viloyatida 1011 nafar bemor qoldi.