O‘zbekistonda 9-avgust kuni soat 17:00 gacha Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan 4 nafar bemor vafoti haqida xabar berdi. Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida bir nafardan erkak olamdan o‘tgan.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 84 yoshli Q.Ya. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 62 yoshli S.T. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashagan 61 yoshli B.R. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 67 yoshli Q.K. ismli erkak vafot etgan. Qashqadaryo viloyatida koronavirus asoratlaridan vafot etganlar 8 nafarga yetdi. O‘limlar soni bo‘yicha Qashqadaryo Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng 3-o‘ringa chiqib oldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, koronavirus qurbonlari 192 nafarni tashkil etmoqda. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 200 nafarga yetdi.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar orasida ilk o‘lim holati 27-mart kuni qayd etilgandi. Oradan 117 kun o‘tib — 22-iyulda qurbonlar soni 100 nafarga yetgandi. Qurbonlar soni yana 100 nafarga ko‘payishi uchun 18 kun yetarli bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ahvoli og‘ir bemorlar soni birinchi marta 1248 nafarni tashkil etmoqda, ulardan 274 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

SSV ma’lumotlari bo‘yicha 9-avgust soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30 464 (kun davomida 546 ta yangi holat aniqlandi) nafarni, tuzalganlar soni 21 813 (+497) nafarni tashkil etmoqda. Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayish ko‘rsatkichi 71 foizni tashkil etmoqda.

“Hozirda mamlakatimizda 8 459 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi SSV axborotida.