Reddit tarmog‘ida kelajakda butun dunyoni internet bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimining ilk beta-testi natijalari e’lon qilindi, deb xabar beradi “VC.ru”.

Foto: UPI

Ma’lumotlarga ko‘ra, bunda yuklab olish tezligi 11,38 dan 60,24 Mbit/soniyaga, uzatish tezligi esa 4,58 dan 17,64 Mbit/soniyaga yetgan. Shu bilan birga, kechikish vaqti 31 dan 94 millisoniyani tashkil etgan.

Avvalroq SpaceX sun’iy yo‘ldoshlar to‘liq uchirib bo‘lingach, Starlink foydalanuvchilari 1 Gbit/soniya tezlikka umid qilishlari mumkinligini ma’lum qilgandi.

Skrinshot: Reddit

SpaceX orbitaga 12 mingta sun’iy yo‘ldosh joylashtirish, shundan so‘ng yana 30 mingtasi yordamida Yerning to‘liq yuzasini internet bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Rejalarga ko‘ra, Shimoliy Amerika Starlink bilan shu yilning oxiriga qadar to‘liq qoplanadi, sayyoraning qolgan qismlari — 2021-yilda.

SpaceX kompaniyasi Starlink loyihasini 2014-yildan buyon rivojlantirib kelmoqda — o‘shanda Ilon Mask birinchi bor butun dunyoni global sun’iy yo‘ldosh internet bilan birlashtirish borasidagi rejalari bilan bo‘lishgan edi. Hozirda beta-test dasturi AQShning shimoliy va Kanadaning janubiy qismi bilan chegaralangan.

“18-avgust kuni Starlink 10 v1.0 missiyasi doirasida yangi partiyani uchta qo‘shimcha sun’iy yo‘ldoshlar bilan birga uchirishni rejalashtirilgan. Yil oxiriga qadar SpaceX yana oltita parvozni amalga oshiradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Starlink tizimining keng ko‘lamli testlari Starlink 14 v1.0 missiyasidan so‘ng boshlanishi kerak.

SpaceX foydalanuvchilar terminalini xarid qilish qanchaga tushishi va xizmat uchun qancha to‘lash kerak bo‘lishiga aniqlik kiritmagan. Biroq SpaceX prezidenti Gvinet Shotvellning va’da qilishicha, Starlink interneti raqobatchilarinikidan arzonroq bo‘ladi. Ekspertlarning taxminicha, SpaceX oyiga 100 dollarga yaqin pul so‘raydi.