Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherali Nurmatov vafot etdi. Bu haqda xabar bergan boshqarma axborot xizmatining yozishicha, marhum viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi huzuridagi COVID-19’ga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi shtab rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

Foto: Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi

Xabar berilishicha, marhum 2020-yilning 22-avgust kuni 61 yoshida yondosh kasallik sabab vafot etgan.

“Pandemiyaning murakkab va sinovli davrlarida malakali shifokor, olim va tashkilotchi rahbar sifatida aniq amaliy takliflar hamda yo‘nalishlar asosida ishni tashkil etdi. Kasallikka gumon qilingan fuqarolarni statsionar va uy sharoitida karantinga olish, bemorligi aniqlangan shaxslarni davolash singari tadbirlarni muvofiqlashtirishda alohida jonbozlik ko‘rsatdi”, — deyiladi boshqarma axborot xizmati bergan ma’lumotda.

Ma’lum bo‘lishicha, Sherali Nurmatov 2017-yildan buyon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

U Qarshi shahridagi 1-son bolalar poliklinikasida shifokor, Nishon tumani markaziy shifoxonasi uchastka pediatri, Qarshi shahridagi 2-son bolalar poliklinikasida vrach-pediatr, bosh vrach muovini, Qarshi shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi bosh pediatri, bosh vrach muovini, Qarshi shahar markaziy shifoxonasi bosh vrachi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, viloyat qon xizmati boshlig‘i lavozimlarida samarali mehnat qilgan.