Qarish — 20 yoshdan keyin tanada yuz beradigan muqarrar jarayon, ammo uni sekinlashtiradigan yoki tezlashtirib yuboradigan mahsulotlar mavjud. Buning uchun ratsionga ahamiyat berish kerak. Ba’zi mahsulotlar antioksidantlar va foydali yog‘ kislotalarining yuqori miqdori tufayli qarish jarayonini sekinlashtirishi mumkin, ayrim hollarda esa aksincha ta’sir ko‘rsatadi. Yoshlikni iloji boricha uzoqroq saqlab qolish uchun qanday mahsulotlardan voz kechish kerakligini bilib olish zarur.

Foto: Pixabay

Shakar

Shakar mahsulotini iste’mol qilishni to‘xtatish uchun bir qancha sabablar mavjud. Eng avvalo, qarish jarayonini tezlashtiradi, terining holatini sezilarli darajada yomonlashtiradi, yurak-qon tomir kasalliklari va depressiyaning ehtimolini oshiradi. Ehtiyojdan ortiqcha shakar iste’mol qilish hujayralarda glikatsiya jarayonini boshlab yuboradi. Ortiqcha glyukoza molekulalari tanada oqsillar bilan birlashadi, natijada kollagen molekulalari yo‘q qilinadi. Teri yumshoqligini va rangini yo‘qotadi, ajinlar va qichishish paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, shakarning tana uchun hech qanday foydasi yo‘q, shunchaki qo‘shimcha kaloriya hisoblanadi.

Go‘sht

Go‘sht mahsulotlaridan, ayniqsa cho‘chqa go‘shti tanaga radikal zarar yetkazish xavfini oshiradi. U hujayralardagi qaytarib bo‘lmaydigan oksidlanish jarayonini qo‘zg‘atadi, bu esa ham tashqi, ham ichki tomondan qarish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi. Agar o‘simliklarga asoslangan parhez qiyinchilik tug‘dirsa, unga tovuq go‘shtini qo‘shish mumkin. Tovuq go‘shti antioksidantlar, minerallarga boy mahsulot. Shuningdek, barcha go‘sht mahsulotlari tuz va konservativ moddalarni o‘z ichiga oladi va hech qanday foyda keltirmaydi.

Qora choy

Odatda hamma choy ham bir xilda foydali emas. Qora choy terining suvsizlanishiga olib keladigan birikmalarga boy. Ma’lumki, quruq teri ko‘proq ajin tushishga moyil bo‘ladi, shuning uchun ham qora choy ichishda ehtiyot bo‘lish kerak. Uni ko‘k yoki boshqa o‘simlik choyi bilan almashtirish mumkin, ular tarkibida ko‘plab antioksidantlar mavjud. Agar chindan ham qora choy ichishdan voz kechish qiyin bo‘lsa, unda ichgandan so‘ng ortidan bir stakan suv ichish kerak.

Spirtli ichimliklar

Spirtli ichimliklar bir necha sabablarga ko‘ra taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Birinchidan, u qora choy kabi suvsizlanishni keltirib chiqaradi, bu esa sog‘liqqa salbiy ta’sir qiladi. Ikkinchidan, har qanday spirtli ichimlik shakar va qo‘shimcha kaloriyani o‘z ichiga oladi. Agar spirtli ichimlik iste’moli to‘xtatilmasa, undan keyin ko‘p miqdorda suv ichish tavsiya etiladi.

Limon

Ushbu ro‘yxatda kutilmagan mahsulot limon bo‘lishi mumkin. Tarkibida qarishga qarshi C vitamini bo‘lishiga qaramay, sitruslar tananing holatiga ta’sir o‘tkazadigan boshqa moddalarni ham o‘z ichiga oladi. Limon tarkibidagi meva kislotalari organizm uchun haddan tashqari zararli bo‘lib, ular kollagen molekulalarini yo‘q qiladi. Bundan tashqari limon nordonligini shakar bilan bartaraf etish inson salomatligi uchun zarar.