Kundalik turmushda ko‘rish qobiliyatini yomonlashishiga sabab bo‘ladigan odatlarning takrorlanaverishi oqibatida shifokor tomonidan yozilgan dori vositalari ham ta’sir qilmasligi va jiddiy muammolar kuzatilishi mumkin. Tibbiyot fanlari nomzodi, ko‘z shifokori Tatyana Fadeykina ko‘z salomatligining yomonlashishiga sabab bo‘ladigan odatlarga nisbatan ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarga to‘xtalib o‘tadi.

Foto: Marie Claire

Ekran qarshisida uzoq vaqt o‘tirish

Kompyuter yoki telefonga uzoq vaqt davomida tikilish bugungi kunda ko‘rish qobiliyati pasayishining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri sanaladi. Bir nuqtaga qarab, ekran nuridan charchagan ko‘zning namlanishi yomonlashadi va bu ko‘z qurishi sindromi paydo bo‘lishiga olib keladi.

Mutaxassisdan maslahat: Gadjetlarni ishlatish vaqtini tartibga solish kerak. Agar ish faoliyatingiz bilan bog‘liq bo‘lsa, orada ko‘zlaringizga dam berish uchun tanaffus qiling. Qolaversa, kompyuterdan tez-tez va uzoq vaqt foydalanadiganlar ko‘z mashqlarini bajarib turishi kerak bo‘ladi.

Foto: Marie Claire

Kontakt linzalaridan noto‘g‘ri foydalanish

Linza taqish ko‘zga infeksiya kirishi xavfini tug‘diradi. Linza barmoq uchiga qo‘yilib keyin ko‘zga taqiladi, agar qo‘llar kir yoki yuvilmagan bo‘lsa ko‘zga ko‘rinmaydigan bakteriyalar sabab salbiy oqibatlar bilan tugashi mumkin. Shu bois linza taqishdan avval foydalanish va saqlash bo‘yicha qo‘llanma bilan tanishib chiqib unga rioya qilish kerak. Asosiysi esa bir marta ishlatilgan dezinfeksiyalovchi suyuqlikdan qayta foydalanmaslik, chap ko‘zga taqilgan linzani o‘ngiga yoki aksincha taqmaslik, muddatdan ko‘p taqib yurmaslik va tunda yechish kerak.

Mutaxassisdan maslahat: Bakteriya va kir moddalar linzaga joylashib yallig‘lanishga olib kelmasligi uchun dush qabul qilish, hovuzga tushish, sauna va dengizda cho‘milishdan avval linzalarni yechishni unutmaslik kerak.

Sifatsiz quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan foydalanish

Quyosh nuridan himoyalovchi ko‘zoynaklar ko‘z salomatligi uchun muhim sanaladi. Ultrabinafsha nurlari ko‘z pardasini zararlashi va katarakta paydo bo‘lishiga olib kelishi ham mumkin. Shu sabab ham quyoshli havoda, mashina haydaganda va sohilda dam olishda ko‘zoynak taqishni unutmaslik kerak.

Mutaxassisdan maslahat: Quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak tanlashda uning markasi yoki modeliga emas, sifati va ultrabinafsha nurlarini o‘tkazmaydigan filtrlarga e’tibor qaratish kerak.

Gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik

Ko‘z salomatligi uchun gigiyena qoidalariga amal qilish, kir qo‘llar bilan unga tegmaslik lozim. Bakteriyalar ustdan ichki qismga kirishi oson ekani buning oqibati esa yallig‘lanish bilan tugashi mumkinligini unutmaslik kerak.

Mutaxassisdan maslahat: Uyquga yotishdan avval ayollar makiyaj qoldiqlarini yuvishi zarur. Yuvilmagan yoki chala qolgan tush qoldig‘i ko‘z ichiga kirishi va yallig‘lanishga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari makiyaj vositalarining tarkibi, sifati hamda foydalanish muddatiga e’tibor berish kerak.