Ikki hafta oldin, o‘zining 60 yoshini nishonlagan Gollivud aktyori Antonio Banderas koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Aktyor ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida yozishicha, u koronavirusdan tuzalgan.

Foto: “Film.ru”

“21 kun davom etgan tartibli izolyatsiyadan so‘ng koronavirusni yengdim deya olaman. Men sog‘aydim. O‘z fikrlarimni mendan ko‘ra kamroq omad kulib boqqan va og‘irroq oqibatlarga duchor bo‘lganlarga yo‘naltiraman. Shuningdek, hamon kurashayotganlarga kuch tilab qolaman”, — deb yozadi Banderas.

Avvalroq Banderas odatdagidan biroz charchaganini, ammo sog‘lom ekaniga muxlislarini ishontirgan edi. Daily Mail’ning yozishicha, aktyor hozir qayerda yashayotgani noma’lum. Uning Ispaniya, AQSh va Angliyaning Surrey grafligidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda uylari mavjud.

Bunga qadar yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bilan Olga Kurilenko, Tom Xenks, “Taxtlar o‘yini” yulduzi Kristofer Xivyu ham kasallangani haqida xabar berilgandi.