“Milliy” telekanalining “M-kokteyl” loyihasining maxsus soni 25-avgust kuni koronavirus oqibatida vafot etgan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaga bag‘ishlandi. Ko‘rsatuvda aktrisaning hamkasblari, taniqli aktyorlar uni yodga oldi.

Foto: “Darakchi”

“Dilbarni eshitib, tamom bo‘ldim. Nega dunyo bunaqa? Mayli, bandalik — o‘lim haq, degani. Lekin inson yoshini yashab, qilgan mehnatlarining rohatini ko‘rsa bo‘lmasmidi? Nimaga telba-teskari, berohat bo‘lib ketdi bu ayol?, degan narsa har bir insonning dilini xufton qilyapti hozir”, — deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov.

“Dilbardek aktrisa boshqa teatrga kelmaydi. Hali juda uzoq, 70, 80 yil bordir, lekin Dilbardek yurakli aktrisa yo‘q. Bu gaplarni men bir aktyor sifatida aytaman. Dilbar indamay turganda ham sahnada yashardi. U juda katta yurakli aktrisa edi. ‘O‘zbekcha raqs’ spektaklidagi uning rolini endi hech kim o‘ynay olmasa kerak. Dilbar bu obrazni o‘zi bilan olib ketdi. ‘Qirmizi olma’, ‘Chimildiq’dagi obrazini ham olib ketdi”, — deya so‘zlarini davom ettiradi Erkin Komilov.

Hayotda kamtarin, hokisor bo‘lgan aktrisa hayotining so‘nggi yillarini g‘am-qayg‘uda, katta qiyinchiliklar bilan o‘tkazdi.

“Dilbar bilan dardkash edik. Biz u bilan institut yillaridan tanish edik. Oxirgi marta yarim oycha avval gaplashgandik. O‘shanda ham dardini aytgandi. Keyin biroz mazam bo‘lmadi, issig‘im chiqdi, Xudoga shukur, hozir tuzalib qoldim’ degandi”, — deydi taniqli aktrisa Muhabbat Abdullayeva.

Ko‘rsatuvda qayd etilishicha, millionlab muxlislar qalbidan joy egallagan “O‘zbekning Sottisi” keksaygan chog‘ida oilaviy kelishmovchiliklar tufayli ijarada yashagan.

“Uning qayerda yashashini hech kim bilmasdi. Masalan, janozaga borish uchun hammamiz bir-birimizdan so‘radik. Chunki ko‘chib-ko‘chib, u yoqda bu yoqda, singlisinikida, ijarada yashadi. Bir-ikki marta syomkaga singlisinikidan olib ketdik. O‘shanda biz bir-ikki marta dardlashdik, Xudo rahmat qilgur, armonda ketdi-da. Shu bolasini baxtli qilaman, deb butun umr bolasi uchun yashadi”, — deydi Muhabbat Abdullayeva.

“Bilamiz, nima uchun shunaqa bo‘lganini ham. O‘sha ayol kimligini ham bilamiz. Xudoga soldik, Alloh bor. O‘sha insonlarning agar vijdoni bo‘lsa, mayli o‘zlari ko‘rsin. Dilbar birovga yomonlik qiladigan ayol emasdi. Biz u bilan 35-40 yil birga ishlaganmiz. Hech qachon birovga yomonlik qilgan emas. Nima sababdan bunday ro‘shnolik ko‘rmadi dargohidan?”,— deydi Erkin Komilov.