O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad hamda jurnalist, teleboshlovchi Shohira Hamro tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Aktrisa Saida Rametova suhbat davomida Jaloliddin Manguberdi tarixiy serialida ijro etayotgan roli hamda o‘zbek aktyorlariga shubha qilib, pushaymon bo‘lgani haqida gapirib berdi.

Turk seriallarini qoldirmasdan ko‘rganim uchun doimo ‘shu seriallarda suratga tushsam’, deb orzu qilardim. Jumadulla aka ‘ey, xom xayolsiz-da, nimalarni o‘ylab, nimalarni orzu qilasiz’, deb qo‘yardilar.

Jaloliddin Manguberdi tarixiy seriali uchun yurtimizda kasting ishlari bo‘lib o‘tdi. Juda ham ko‘p aktrisalar kastingda ishtirok etishdi. Menimcha, hamma aktrisalar ham kastingni yaxshi topshirishdi, ammo mening ichimda shu serialda rol ijro qilish xohishi juda baland bo‘lgani uchunmi, xullas, Alloh menga yo‘l berdi.

Boshida ‘turklarning aktyorlari kuchli, qanday bo‘lar ekan?’, deb qo‘rqdim. Ammo jarayon boshlangach, aktyorlarimizga qoyil qoldim, rollarini me’yoriga yetkazib ijro qilishmoqda. Bizning aktyorlar ssenariyni ham hattoki turk tilida yodlab, ijro qilishmoqda. Turk aktyorlari, rejissorlari ham aktyorlarimizga qoyil qolishdi.

Men Jaloliddin Manguberdi serialida Oygul rolini ijro etdim. Oygul Turkon xotunning o‘ng qo‘li hisoblanib, butun saroyni boshqaradi. Turkon xotunni turk aktrisasi ijro etmoqda, juda kuchli aktrisa ekan, rolini mahorat bilan ijro etmoqda.

Menimcha, barcha rollar to‘g‘ri taqsimlangan. O‘zimni rolim juda yoqdi. Hozir yarmidan ko‘pi syomka bo‘ldi, biroq qaytishga majbur bo‘ldim.

Har bir aktyor uch oylab rolga tayyorgarlik ko‘rdi. Jaloliddin Manguberdining avlod-u ajdodini o‘rgandi. Hech kim rolga ko‘r-ko‘rona yondoshmas ekan.

Otni ustida mashqlar qilib, qilichbozlik bilan shug‘ullandik. Ra’no Shodiyeva, Rayhon Ulasenova, Feruza Normatova, Yulduz Rajabova aktrisalarimizga, aktyor yigitlarimizga qoyil qolish kerak. Chunki ularning barchasi otda chavondozdek chopishni, qilichbozlikni o‘rganishdi.

O‘zimizning aktyor-aktrisalar ‘eplay olmasa kerak’, deb o‘ylaganimga pushaymon qildim.

Saida Rametova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist