Parijda politsiyachilar aktyor Jerar Depardyening skuterini musodara qildi. Bunga taniqli aktyor skuterni mast holda boshqargani sabab bo‘lgan. Yulduzni komissariatdan tanishlari olib ketgan, deb yozadi Le Point.

Foto: Ins News

Depardye svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab stop-chiziqdan o‘tib ketib, tartib posbonlari e’tiborini o‘ziga tortgan.

Huquq-tartibot xodimlari aktyorda mastlik alomatlarini payqab, unga test topshirishni taklif qilgan. Test esa uning qonida belgilangan normadan yuqori alkogol borligini ko‘rsatgan. Depardye rulga o‘tirishdan oldin bir necha bokal pivo ichganini tan olgan.

Foto: Le Point

Politsiyachilar yulduzga harakatni davom ettirish uchun ruxsat bermagan va skuterni musodara qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye O‘zbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi etib tayinlangan edi.